Abdumajid Azim: “Hamon havaskorman” (2013)

Odatda odamlar qalbiga yaqin she’rni o‘qiydi, yod oladi va takror-takror aytib yuradi.
Sizga yaqin o‘tmishimdan bir gap aytsam. Kaminaga talabalik nasib etmagan yillari erta saharda dashtda qo‘y haydardi. Bir qo‘lida cho‘pon tayog‘i, birida esa uvadasi chiqib titilib ketgan, muqovasiz mitti kitob. Keng dalada quyoshning balqib chiqib kelishini kuzataman, shudringdan yuz yuvgan lolaqizg‘aldoqlarga bo‘g‘zimni zo‘riqtirib she’r o‘qiyman…
Yurak — ko‘ksimda yonayotgan tosh,
U, borki, dunyoda so‘nmas ovozim.
Hayotbaxsh bir so‘zim, hayotga o‘yqash,
Yurakdan axtarib topishim lozim.
Vaqtning o‘tishi bilan bildimki, bu dard kamtarin shoir Abdumajid Azim qalami ortida qolgan ekan. Shoirning «Qalbimning vatani», «Yorug‘lik odami» to‘plamlari sizga tanish. Azizlar hukmingizga shoir bilan bo‘lgan bir gurungimni hadya etaman.
— Barcha zamonlarda ijodkorlar o‘zidan ilgari o‘tgan ulug‘ zotlardan va zamonasining zabardast vakillaridan ibrat olib, ularni o‘zlariga ma’naviy ustoz bilib yurishlari bor gap. Taniqli shoir Abdumajid Azim kimni ustoz deb biladi?
— Shoir va adiblar o‘zlari uchun ibrat olishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan doimo ro‘baro‘ kelavermaydi. Shu tufayli olis zamonlarda o‘tgan ulug‘ bobolarimizni o‘zlariga ma’naviy ustoz bilishi va har jihatdan u zotlarga ixlos qo‘yishi, albatta, ezgulikdan nishona.
Iste’dodlarga boy milliy adabiyotimizga mehr qo‘yib ilk she’rlarimni bitib yurgan chog‘larimdan ham, bugun ham, ustoz maqomiga munosib shaxslar bilan birgaman. Ular bilan zamondosh ekanimizning o‘zi baxtdir. Men ana shunday ustozlardan biri sifatida Asqad Muxtorni bilaman. Ustoz Asqad Muxtor bilan yaqin bo‘lmaganman. U kishining ijodiga va tiynatiga mehr qo‘yib, ulgu olib zimdan kuzatib yurganman, xolos. Yana alohida ta’kidlash joiz bo‘lgan, bizga oq yo‘l tilagan ustoz shoirlar Abdulla Oripov va rahmatli Rauf Parfidir. Ularning oldida she’r o‘qish uchun nazarimda she’r yozishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ustoz shoirlar oldida bir so‘z aytmoq mas’uliyati kaminani botirlikka undagan damlar ham bo‘lgan. Adabiyot odamlari orasida ustoz maqomida ko‘riladigan ijodkorlar yoshga nisbattan olinmaydi. Iste’dodning darajasi, ijodining serqirraligiga bog‘liq. Bunday deyishimning boisi, shoir ukalarim orasida ham ustoz maqomidagilari bor.
— Shoirning zimmasidagi mas’uliyat nima, uni qanday ado etmog‘i kerak?
— Chin shoir — dardmand kishi. Bu dard, millat va xalqni mudom o‘yga toldirib kelgan og‘riqlar, faxriyalar bo‘lasa. Aytish uchun so‘z va yo‘lni shu yurtning shoir farzandi topadi. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyni olaylik, avvaliga o‘z meni bilan o‘zligini ifoda etgan bo‘lsa, so‘ngra dunyo ahliga turkiy tilda orzularini ifoda etib olamni hayratga soldi. Shoir zimmasidagi mas’uliyat qalbida qanot yozayotgan so‘zini rost aytmoqdan iborat deb bilaman. Ado etish esa shoirning quvvai hofizasi, iste’dodining ulkanligi belgilab beradi.
— O‘zini majburlab zo‘rma-zo‘raki «ijod» qilayotganlar ham yo‘q emas. Tabiiyki, chiranayotgan «ijodkor»ning davosi tilga tushish va shuhratparastlikdan nariga o‘tmaydi. Demoqchi bo‘lganim, shoir va yozuvchi uchun tilga tushish muhimmi?
— Bu savolingizdan ko‘rinib turibdiki, allaqanday mashqlardan “janr” yasash hollari uchrab turganidan, uzundan-uzoq voqeanomalarning “roman” deb atalishiga duch kelayotganimizdan, uchi-keti yo‘q, eng asosiysi, estetik idealdan mosuvo aljirashlardan, musiqaning jarangdor va quloqni qomatga keltiruvchi sadolariga jo‘r bo‘ladigan, qiliqlarga mos ma’nisiz qo‘shiqlardan matn mualliflaridan biroz ranjigan ko‘rinasiz. Ayni shu jihatlar kishini o‘yga toldiradi va ajablantiradi. Badiiy asar ijodkorning qalb nidosi sifatida e’tirof etiladi. Agarda badiiy ijodga dahli yo‘q «ijod» mavjud ekan, u holda qalbi qashshoq, qalami siyohsiz mardum qo‘liga qalam olibdi-da, deb tushunmoq kerak.
Masalaning yana boshqa bir tomoniyam bor. Frantsuz adibi Onore De Balzak asarlarini o‘zini majburlab yozganligi va tunlarni bedor o‘tkazish uchun haddan ko‘p kofe ichib uyquni yengib ijod qilganligi va dunyo adabiyotiga hissa qo‘shganligi ma’lum. Bu o‘rinda yozuvchini ijod qilishiga majbur qilayotgan ehtiros — pafosning samimiyligi bilan ifodalanadi.
Tabiatan e’tirof etilishni, maqtovni yoqtiradigan, o‘zini ko‘rsatishga, tanilishga intiladigan kishilar shoir yoki yozuvchilar orasida emas, jamiyatning turli jabhalarida topiladi. Taniqlilik ijodkor asarlari va shaxsi uchun zarracha naf bermaydi. Sinchkov kitobxon doimo mag‘zi to‘q asar mutolaa qiladi va ana shunday asar muallifini qadrlaydi. Alisher Navoiy «Majolis-ul nafois»da zamonasining besh yuzga yaqin shoirlari haqida so‘z yuritadi. Hozir ikkimiz ularni sanasak, barmog‘imizni to‘ldira olmaymiz. Demak, shuhratparastlik va tilga tushishga intilgan shoir dardiga vaqtning o‘zi malham bo‘ladi.
— Keyingi paytda kam ko‘rinasiz…
— Kitob o‘z o‘quvchisi qo‘liga yetib bormayotgan bir paytda ijod qilish chekimizga tushganga o‘xshaydi. Bunday vaqtda biroz sukut maqulday. Sukut shuki, yozishdan tiyilish emas, balki, e’lon qilishdan parhez ma’nosida. Taniqli bir olimimizning ta’biriga yondosh aytganda, shoir ko‘p, she’r kam davrda shoir ham o‘z tashvishlari bilan o‘ralashib qolarkan.
— Yoshlar orasida kimning ijodini qalbingizga yaqin deb bilasiz?
— So‘nggi yillarda adabiyotda biroz jonlanish ko‘zga tashlanmoqda. Adabiyotimizga iqtidorli uka-singillarimiz qadam tashlamoqda. Ular qadamlari qutlug‘ bo‘lishini tilardim. Shoir Behzod Fazliddin va Gulbahor Ortiqxo‘jayeva menda katta taassurot uyg‘otdi. Behzod Fazliddin she’rlarini o‘qiganda o‘zidan ko‘ngli to‘lmayotgan va o‘zgalar oldida aybdor hamda gunohkor sezadigan o‘ychan lirik qahramon «men»ni anglaysiz. Gulbahor samimiy dil izhori bilan dillarni maftun etadigan so‘z ayta olyapti. Ular shu yurt odamlarining dardi, quvonchini o‘ziniki kabi tuyib she’r bitayotgan ko‘rib elimizning «qatorda noring bo‘lsa yuking yerda qolmas», degan gapi bot-bot yodimga tushadi.
—    Bugun shoir Abdumajid Azim ortiga qarasa nimalarni ko‘radi?
— Katta orzular, umidlar bilan zo‘r shoir bo‘laman, deb Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Usmon Azim, Xurshid Davron, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmonga havas bilan qalam tebratgan edim. Men havas qilgan shoirlar safi kechagidek, ularning qatori ko‘pam kengaymadi. Umidim, ijodkor uka-singillarimdan. Vaholanki, ikkita she’r yoki hikoya qoralagan qalamkash shoir, yozuvchi sanalayotgan bo‘lsa-da, men hamon havaskorman.

Nurilla ChORIEV gurunglashdi
“Yosh kuch” jurnalida e’lon bo‘lgan.