Abdulla Qodiriy: “Isyonim bepoyon, istig‘forim hadsiz…”

Adabiyotshunos Sanobar To‘laganova va tadqiqotchi Anvar Allambergenov suhbati

Anvar Allambergenov: Abdulla Qodiriy ijodi o‘zbek adabiyotshunosligida eng ko‘p o‘rganilgan mavzu bo‘lishiga qaramay siz yana yozuvchi ijodini mavzu sifatida tanladingiz? Bunga ehtiyoj bormikin…

Sanobar To‘laganova: O‘zbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy ijodi ko‘b va xo‘b aytilgan mavzulardan biridir. Qodiriyshunoslik esa alohida tarmoq sifatida shakllanib ulgurdi. I.Sulton, M.Qo‘shjonov, S.Mirvaliyev, U.Normatov, B.Karimov singari olimlar yozuvchi ijodini alohida monografik planda o‘rganishgan. Tushundim, nima yangi gap aytdingiz demoqchisiz. Mavzu bir qancha talablarni e’tiborga olishni zimmamizga yuklaydi. O‘zbekning buyuk yozuvchisi haqida ohorli gap aytish mulohazasi, bilib bilmay aytilganlarni takrorlab qo‘yish andishasi masalaga jiddiyroq qarashni talab qiladi. Ammo A.Qodiriy shaxsiyati, siyrati, yangi o‘zbek nasrining paydo bo‘lish omillari, milliy roman yaratilishi, nishonni bexato olish, davr sinovlaridan omon o‘tish, o‘ziga sodiq qolish, qaltis lahzada ham Imonga sodiqlik, xullas Qodiriyning quvvat manbai nima degan savollar bizni qiziqtirdi.

Yozuvchining hasbi holi uning ijodi  uchun “oltin fond”, shaxsiy zahira. Tarjimai hol muallif kechmishini o‘zida aks ettirib, ijodkor kechinmalari va iztiroblarini o‘zida saqlagan maxfiy hudud sanaladi. Mana shu hududda muallif asar tagqatlamiga jo bo‘lib ketgan sirlar, ma’lumotlar saqlanadi. Buni chuqurroq bilish uchun ijodkor laboratoriyasiga bir qur mo‘ralamoqqa jazm etdik. Ehtiyoj masalasiga kelsak, har kimning o‘z Qodiriysi bor, hamma uni anglaganicha, bilganicha qabul qiladi. Qolaversa, har kimning ko‘nglida o‘z Otabegi, Kumushi, Anvari, Ra’nosi bor. Har bir davrning o‘z Otabeklari bo‘lishi ham tabiiy hol. Bular hammasi tasavvur va talqin xolos, aslini hech kim bilmaydi. Bizning mulohazalar ham qodiriyshunoslikda juda katta yangilik bo‘lmasligi mumkin, ammo kimgadir fikrlashga turtki berar. Abdulla Qodiriy shaxsiyatiga yangicha yondashuv, shaxs kontseptsiyasi doirasida muammoni yoritish, yozuvchi ijodini uning hayoti bilan bog‘liqlikda o‘rganish, insoniy “men” va ijodiy “men” qamrovida kuzatish, asar matnini biografik kontekst asosida tahlil etish ishimizning mazmuninini tashkil etadi. Ko‘p holatlarda Qodiriyga ideal inson sifatida yondashiladi, ammo u ham tirik jon. Manbalarda yozuvchining murakkab fe’l-atvor egasi ekanligi aytiladi. Yozuvchi keskin va to‘g‘riso‘zligi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan, hammabop bo‘lishdan chekingan. To‘g‘riso‘z va adolatparvarlik uning xarakteridagi yetakchi belgilardan biridir. Joyi kelganda he kimni ayamagan, so‘zini o‘tkazgan. Otabek, Yusufbekhoji, Anvardagi nur yozuvchining o‘ziga tegishli desak, Toshpo‘lat tajang, Kalvak maxzum tabiatidagi o‘ziga xos jihatlar qayerdan olingan? Nazarimda bu kabi obrazlar ham aslida yozuvchi “men”ining sachratqilaridir. Toshpo‘latning tajangligi, Kalvak maxzumning din-u diyonat yo‘lidagi johilligi, o‘zini o‘zi fosh qilishi sizga kimnidir eslatmaydi-mi? Inson rahmoniy va shaytoniy hislar orasida umrguzaronlik qilar ekan, nega endi yozuvchi zoti bundan mustasno bo‘lishi kerak?! Ijodkorni ideal inson maqomida ko‘rish odatga aylangan, ammo u ham tirik jon, har doim ham nafsini jilovini tuta olmaydi, bandalik qilib qo‘yishi hech gap emas. Ammo shaxsiyat chin insonlik maqomida nafsning jilovini tutadi, rahmon yo‘lidan yuradi, manfatlardan yuqori ko‘tariladi. Ishda bizni ko‘proq yozuvchi shaxsiyati, ijodiy “men” va insoniy “men”ning uyg‘unlik masalasi qiziqtirdi, aynan shu nuqtai nazardan yondashdik. Qolaversa, shaxsiyat va ijod keng qamrovli tushuncha, shaxsiyat ijod orqali, ijod esa shaxsiyat vositasida ochiladi. Abdulla Qodiriy haqida eng oxirgi gaplar aytilib bo‘ldi, deyish to‘g‘ri emas. Sa’nat, adabiyot daxlsiz hudud, mavzular tanlash ham oddiy tasodif bo‘lmasa kerak. Yozuvchi ruhini qalban his qilish, uning “men”ini anglash, ko‘ngil bitiklarini tushunish tadqiqotchini ruhan yaqinlashtiradi. Mana shunday yaqinlik his qilinsagina “anglash” va “tushunish” bir qadar o‘zini oqlaydi, nazarimizda….

Qodiriy shaxsiyatining o‘ziga xosligi nimalarda ko‘rinadi va boshqa tengdosh ijodkorlaridan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?

— Shaxsiyat masalasi adabiyotda hal qiluvchi ahamiyatga egadir. XX asr avvalida o‘zbek ma’rifatparvarlari millat qayg‘usida “akbari jihod” qildilar. Behbudiy, Munnavarqori Abdurashidov, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari ulug‘larning har biri alohida fenomenal hodisa. Har qaysi ulkan adabiy shaxsiyat.

Abdulla Qodiriy shaxsiyatini chuqurroq anglash uchun adib siyratini tanish, u kamol topgan oila, adabiy muhit, yozuvchi yashagan tarixiy-adabiy jarayon, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yaxshi bilmoq talab etiladi. Adib tarjimai holidagi birgina faktor ko‘p narsalarni ochiqlaydi. Rus istilosiga qarshi g‘azovotda ishtirok etgan yozuvchining otasi Qodirmuhammad boboning hayot yo‘li yozuvchi ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Otasining Turkiston xonliklari tarixidan qilgan hikoyalari uning romanlariga tagzamin bo‘lib xizmat qilgani kabi biografik unsurlar adib shaxsiyatining kamol topishida muhim rol o‘ynagan. Yozuvchi ijodida Haqiqat va Adolat, Ma’rifat va Jaholatga karshi kurashish e’tiqod darajasida. Adabiyot esa adib uchun “muqaddasi xizmat”.

Manbalarda yozuvchining tergov jarayonlarida qiynoqlarga bo‘ysunmay o‘zgalarga tuhmat qilishdan o‘zini saqlay bilganligi ko‘p aytiladi. Buning siri nimada? Shaxsiy butunlik Yaratganni tanish, ruhiy hurriyat, fikriy mustaqillik, hayot mohiyatini anglashdan boshlanadi. Tarixning sirli pardasi ortiga bekingan faktlar, hujjatli manbalar A.Qodiriyning O‘ziga, O‘zligiga sodiq qolganligini, eng og‘ir lahzalarda ham Haqiqatning ko‘ziga tik qaray olganidan xabar beradi.  Adibni saqlagan kuch Imon nuri va Millat qayg‘usi. Qodiriy nafsiga bo‘ysunmay, o‘zligini saqlab  qolishga erisha olgan ijodkorlar sirasiga kiradi, Qodiriy hayoti davomida Ilohiy adolatga ishondi, mana shu ishonchga tayanib yashadi. Bu ishonchning siri  Olloh huzuridagi savol-javob andishasi va ajr umidvorligi. Yozuvchi har qanday qaltis lahzada bugun bo‘ladigan qiynoqdan qochib birovni sotish, ertaga o‘zini o‘zi tutib berish ekanligini og‘ishmay yodda tutdi. Bosh  egib, yolg‘on so‘zlagandan ko‘ra “xo‘rlikdan o‘lim tansiqroq”, deya olishga o‘zida kuch topa bildi.

Ijodkor tabiatidagi halollik, adolatparvarlik, fikriy mustaqillik, jasorat va jur’at uni boshqa tengdoshlaridan ajratib turar edi. Nazarimda, ijodkorning qayta-qayta sudlanishi ham uning mana shu fe’l-atvoridagi jihat bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Adib shaxsiyati uning suddagi nutqi misolida ochiqlanadi. Xuddi mana shu ma’ruza adibning hayotiy formulasini o‘zida aks ettiradi. Yozuvchi bir necha sahifalik nutqida shaxs so‘zini turli ohangda qo‘llaydi. “Shaxsiy adovat”, “shaxsiy rohati yo‘lida elni emib”, “ba’zi ustolparst, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir”, “shaxsiy hazil”, “shaxsiy butunliq”, “mustaqil shaxs”, “shaxsini ko‘ra olmaysiz” (shaxsi noaniq –S.T.), “men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar” bilan “bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim” deb yozadi. Yozuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblov maqolasiga emas, balki shaxsiga nisbatan ekanligini yaxshi bilgan va e’tiborni shaxsiy munosabatlar masalasiga qaratgan.

Ma’ruza qodiriyshunoslikda juda qimmatli manba sifatida qadrlidir. Davrning nafasi va bosimini o‘zida muhrlagan ma’ruza matni o‘z davrning tarixiy-adabiy jarayoni bilan bog‘liq qiziq ma’lumotlar haqida bizga xabar beradi. Mazkur sud voqealari yozuvchi hayoti va ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. To‘g‘rirog‘i uning ruhiyati, ijodkorlik pozitsiyasi, insoniy e’tiqodi yana bir bora sinovdan o‘tadi. Sud jarayonlari yozuvchini yanada ulg‘aytiradi, Ruhiyatini yuksaltirdi. Yozuvchi kimsalar tomomnidan tayyorlangan fitnani imon yo‘lidagi imtihon o‘rnida qabul qiladi va shunga munosib ravishda javob beradi.

Adabiy shaxsiyatlar millat ma’naviyatida katta rol o‘ynaydi. Birgina,  shoir Sh.Rahmon shaxsiyati uning ijodining asl mohiyatini belgilab bergani rost-ku! Afsuski, bugun adabiyotimiz mana shunday shaxsiyatlarga muhtoj, ziyolilar orasida milliy birdamlik ruhi yo‘q, adabiyot vositaga aylanib bormoqda. Bugun ziyolilarimizning o‘rni adabiy jarayonda sezilmaydi… Ular guyo befarq tomoshabinga aylanib qolganday… Millat didi va saviyasini nafsi yo‘lida su’istemol qilayotgan ishbilarmon yozuvchilar o‘zini reklama qilib beradigan adabiy dalollarni yoniga olib mashhurlik yo‘lida ovoralar. Bugun katta avlod ijodkorlari o‘zlarini chetga tortgan, adabiyot maydoni “ot minganniki”. Uyushma rahbarlari davlat qarorlarini adabiylashtirish yo‘lida nomigagina kechalar o‘tkazadi, faktlar to‘playdi, ochko yig‘adi, hisobot uchun bayonnomalar yig‘ish bilan ovora. “Ma’ni” chekinib, “surat”lar faollashgan

O‘zbek o‘quvchisi Abdulla Qodiriyni avvalambor romannavis sifatida biladi. Ammo uning jurnalistik faoliyati o‘zbek matbuotining shakllanishida tutgan o‘rniga ko‘p ham e’tibor beravermaydi. Uning publitsistikasini qanday baholagan bo‘lar edingiz?  

— XX asr avvalida o‘zbek matbuoti shakllandi, elning e’tiborini tortdi. Ma’rifatparvarlarimiz millat manfati yo‘lida hurfikr, hamfikr, hammaslak bo‘lib birlashdilar. Behbudiy yozishmalarida ”Matbuotda milliy ta’sir kommunistik ta’sirdan kuchli” ekanligini ta’kidlagan. Abdulla Qodiriyning kichik janrdagi asarlari, jurnalistik faoliyatining o‘zi alohida hodisa, millat tarixidagi murakkab tarixiy-adabiy jarayonni qamrab oladi. Adibning jurnalistik faoliyatida el ravnaqi yo‘lidagi qayg‘usini achchiq va alamli kulgi, ayovsiz fosh etish ustuvorlik qiladi. Uning publitsistikasida Isyon va Nafrat hissi yetakchi motiv sanaladi. Kundan kunga qo‘ldan ketayotgan millat istiqbolining alami yozuvchini kurashga chaqirdi va mana shu kurash maydoni Matbuot bo‘ldi.

Muallif 1914 yildan to hayotining so‘nggi kunlarigacha o‘zini o‘zbek matbuoti bilan bog‘ladi. O‘zbek matbuotining ertasi uning taqdiri, qismatiga aylandi. Uning qaysi bir fele’tonini olib qaramang, unda millatni fojia tomon yetaklaydigan omillar ochib beriladi. “Tinch ish” maqolasida tirikchiligi yo‘lida imonini boy bergan Sharif oxund, “Bizda askarlik masalasi”da esa milliy armiya qayg‘usi, “Bozor surshtirmaydir”da esa payti kelganda xalq manfaatini oyoq osti qilgan kimsalar, “It urishdirish ishlari”da ko‘chada navqiron yigitlarning it urishtirib yurishi ayovsiz tanqid qilinadi.

Muallifning “Jasorat ayb emas” maqolasi “Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi… Yuragimidagi bir oz umidni istisno qilganda boshqa narsalar yulinib-yulqing‘an edi”, deb boshlanadi. Ana shu ikki jumlada katta haqiqatlar aytiladi. Qodiriyning uslubi shunday. “Yig‘indi gaplar” maqolasi adib hayotiy tutimlarini belgilab beruvchi qiymatga ega bo‘lib, Abdulla Qodiriy ijodida alohida o‘rin egallaydi. Yozuvchi  bevosita o‘sha vaqtdagi davlat rahbarlaridan biri bo‘lgan Akmal Ikromovga murojaat qiladi. “Men har kuni xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lganidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolgan soatimga juda oz uchrayman! Bas, onglag‘ilkim ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilgan rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. Aytmakchimanki tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang, ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tavbadir, o‘zgasi g‘avg‘odir! Adib bandaga tavba qilishdan hazar qiladi. Unga ko‘ra inson yolg‘iz haqiqat oldida bo‘yin egish mumkin, bundan boshqasi munofiqlikdir. Insonning hurligiga qarshi qo‘yilgan har qanday taqiq cheksiz isyonni yuzaga keltiradi. Ijodkorning ta’kidiga ko‘ra “isyonsiz soati” deyarli yo‘q. Qodiriy hayotining har bir daqiqasi isyon bilan “ziynatlangan”. Bu anglab yetilgan umr falasafasi. Isyon kimga nisbatan, albatta o‘ziga, nafsiga qaratilgan. Adib uchun tavba faqatgina Yaratganning oldida! Bundan boshqasiga tavba qilish qullikni yuzaga keltirishdan boshqasiga yaramaydi. Savolga javobni yozuvchiga zamondoshining bergan ta’rifini keltirish bilan kifoyalanamiz. “Ul tanqidchi. Tanqidchi–adabiyot va qisman siyosat va qisman hayotchi, bilmayman, tag‘in nima tanqidchisi. Bir xislati bor: jasorat, bepoyon jasorat. Masalan, millat daryosi oldidan chiqar ekan, jasurona ot qo‘yub daryoga o‘zini tashlar”

Abdulla Qodiriy ijodida estetik ideal masalasiga qanday yondashuv lozim va uning o‘ziga xosligi nimadan iborat? Keyingi davr adabiyotida ideal masalasi qay darajada o‘z aksini topmoqda?

— Estetik ideal masalasi adabiyotshunoslikning ham muhim muammosidir. Sharq-Musulmon dunyosida, turkiy  xalqlar madaniyatida payg‘ambarlar hayoti va Muhammad S.A.V. siyrati, ularning hayot yo‘llari, yashash tarzi, fazilatlari doimo namuna, ulgu vazifasini bajargan. Har bir idealda payg‘ambarimiz tutgan yo‘l ma’rifat va ezgulik o‘ziga xos tarzda aks etadi. XX asr avvalida o‘zbek adabiyotida ham mana shu namuna ideallik maqomida turdi. Estetik idealda ijodkorning olamni idrok etishi, anglami, e’tiqodi, didi, estetik pozitsiyasi kabi jihatlar jam bo‘ladi. Adabiyotga ijodkor o‘z shaxsiyati bilan birga insoniyat taraxiy tafakkuridagi o‘lmas ideallarni olib kiradi. Ijod individual jarayon ekan, ideal ham shaxsiy qarashlarning yig‘indisi va anglamlarining hosilasidir. Chunki har kimning o‘z ideali, o‘z qahramoni bo‘lishi ham tabiiy hodisa.

Abdulla Qodiriyning estetik ideali johiliyatga qarshi kurashuvchi oqil, millat qayg‘usini chekuvchi elparvar, ilmni farz bilgan ma’rifatparvar, yangiliklar tarafdori bo‘lgan zamonasining hurfikrli kishisidir. Bu uning hayotiy  falsafasi, dunyoni anglashi bilan bog‘liq. “O‘tkan kunlar” romanida muallif islohatlar tarafdori bo‘lgan Otabekni “ochiq ko‘zi, o‘tkir zehni”, Anvarni “miyasi muhokamaga qobil” deb ta’riflaydi. Otabek uchun “millatini — xalqini — musulmonini”ng ertasi muhim, Anvarning “ma’naviy mag‘lubiyatni” o‘zi uchun fojia o‘rnida qabul qilishi bejiz emas. Ma’naviy mag‘lubiyat masalasi ayniqsa, asar yozilgan yillarda yozuvchi hayotida jiddiy ahamiyat kasb etganligini hisobga olsak, ko‘p narsalar oydinlashadi. Otabek oila munosabatlarida va davlat yuritish siyosatida islohatlar tarafdori. Uning qiyofasida yangi zamon ehtiyojiga ko‘ra shakllangan O‘zbek xarakteri mujassam. Anvar esa mustaqil qarashlarga ega e’tiqodda sobit, siyosat fitnalarini to‘g‘ri anglovchi va vaziyatni aniq baholay oladigan shaxs. Bularning barchasi adib siyratidagi yetakchi belgilardan suv ichganligi sir emas.

Shaxsning erki va hurligidan ayrilishi uning ma’naviy inqirozga yuz tutishi demakdir. Sababi sindirilgan shaxsiyat – tobelik va qaramlikni yuzaga keltiradi, mustaqilligini boy berishga olib keladi. Qodiriyning qahramoni zamonasining komil kishisi, dinida sobit, e’tiqodida mustahkam, haqiqat va adolat yo‘lida fidoiy elparvar odam. Cho‘lponning Miryoqubi, Oybekning Yo‘lchisi kabi ideallar davri talabi va ehtiyojiga ko‘ra yangilanib bordi. A.Qahhorning Saidiysi “ikki to‘lqin” boshini tuta olmagan arosat odamidir. U XX asr boshida tarafini belgilay olmagan, ya’ni Qiblasini yo‘qotgan ziyolining timsolidir. Bu romanlardan so‘ng o‘zbek adabiyotida estetik ideal asl mohiyatidan yiroqlashdi, chin ma’noda muvozanatni yo‘qotdi. Mafkura qolipidagi o‘tkinchi qahramonlarning ideal bo‘la olmasligiga Vaqtning o‘zi hakamlik qildi. Orada tarixiy mavzuga e’tibor qaratildi, moziydan tarixiy shaxslarning obrazi ideal sifatida jonlantirildi. O. Yoqubovning “Diyonat”, O‘.Usmonovning “Girdob” asari  qahramoni haqiqat va adolat yo‘lida kurashda o‘zining mustaqil dasturiga ega ideal sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Keyinroq esa ijtimoiylashgan bir qator ideallar paydo bo‘ldi. Estetik ideal masalasiga istiqlol davri yozuvchilari ijodi kesimida qaralsa, mulohazaga chorlovchi qiziq jihatlar bor. M.M.Do‘st ijodida bir qator milliy qadriyatni mahkam tutgan “chol”lar obrazi, E.A’zamda esa kinoyani o‘ziga niqob qilib, jamiyat hayotidan chekingan qahramonlar, A.A’zamda esa jamiyat hayotida o‘z o‘rnini qidirgan kimsalar qiyofasi estetik ideal tarzida namoyon bo‘ldi, nazarimizda. Eng qizig‘i mazkur ijodkorlar asarlarida muhabbat liniyasi orqa planga o‘tib, ijtimoiy masalalarga urg‘u berildi. M.M.Do‘st “Lolazor” romanida ayol obrazi talqinida o‘ziga xos usulni tanlagan-ki, buning o‘zi tadqiqot uchun alohida mavzu. Aslida, XX asr o‘zbek nasrida estetik ideal talqini muammosi qiziq mavzu bo‘lib, tadqiq etilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri ekan.

Suhbat o‘z o‘zidan bugungi adabiy jarayonga kelib bog‘landi. O‘zbek nasrida Abdulla Qodiriy an’analari davom etmoqdami, qaysi ijodkorning ijod namunalarida an’analar bevosita yoki bilvosita namoyon bo‘lmoqda?

— Abdulla Qodiriy ijodi o‘zbek romanchiligining alifbosi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Ijokor xalqi bor-ki adib asarlaridan o‘ziga mos va xos ravishda hikmat oladi. Cho‘lpon o‘z davrida yozuvchiga alohida ehtirom ko‘rsatgan, ijodiy aloqada bo‘lishgan. Oybek  esa “Qutlug‘ qon”ni yozayotgan pallada har ikki romanchining (Qodiriy, Cho‘lpon) asarlari yo‘q qilingan, ularning nomini tilga olish man etilgan edi. Oybek domla balki ustozlarning asarlari qayta chop etishiga ishonmagan bo‘lishi ham mumkin, ammo yozuvchi ustozlarini quruq takrorlamadi, yurilgan yo‘ldan qayta yurmadi, ularning tajribasidan unumli foydalandi. Bugun jahon adabiyotidan hayratlar tuyib turgan ijodkor ham menimcha, so‘zning asl mag‘zini adibning ijodiy maktabidan o‘rganadi. T.Malik X.Do‘stmuhammad, X.Sultonov singari yozuvchilar ijodida Qodiriyning ta’siri ochiqroq ko‘rinadi. Ularning uslub va usullarida bu hol yorqinroq ko‘zga tashlanadi. Ba’zi o‘rinlarda ular o‘z asarlarida adibning qahramonlari ismidan timsol sifatida foydalanishadi. Ular boshqa ijodkorlardan farqli ravishda Qodiriy ruhini qalbdan his etishga harakat qilishadi, adib ijodiga ayricha ixlos bilan yondashadilar. Shuning uchun ham ularning yozganlari qodiriyshunoslikda alohida bir sahifa o‘rnida deyish mumkin. Xorijlik vatandosh yozuvchi A.Ismoilov birinchilardan bo‘lib Qodiriy siymosini yaratishga bel bog‘ladi.  U “Jinlar bazmi yoki Katta o‘yin” nomli asarini e’lon qildi. Asarni o‘qib shunga amin bo‘lasizki, muallif Qodiriyning yozilmay qolgan “Amir Umarxonning kanizi” nomli romanini o‘zi tugatishni niyat qilgan shekilli degan xayolga borasiz. Faktlar, hodisalar orasida muallif asl maqsaddan chalg‘iydi, natijada romanda Qodiriy siymosi fon vazifasini bajarib qolganday… Millatning yozuvchisi haqidagi romanda milliy ruh sezilmaydi. Ammo uslubdagi o‘ziga xoslik, voqelikni taqdim etishdagi kutilmagan kompozitsion usullarning qo‘llanilishi muallifning uslubini va yozuvchining mahoratini ko‘rsatadi. Muallif Qodiriyni qanday tanisa, bilsa, anglasa shunday talqin qilgan. Aslida, shunday ijod shaxsiy hodisa, ijodkor tafakkuri va anglamlari vositasida ijod qiladi. Shunday ekan nega bunday yozding deb ta’na qilish nohaqlik bo‘ladi.    X.Do‘stmuhammad yozuvchiga bag‘ishlangan “Yolg‘iz” nomli biografik qissasini e’lon qildi. Qissaning sarlavhasi juda topib qo‘yilgan, ammo ichki strukturada qahramon tasvirida bir xillik sezilib turadi. Qodiriy ulug‘ shaxsiyat sifatida talqin qilinadi, ammo bunga qanday erishildi, qahramon tabiatidagi ziddiyatlar to‘la ochib berilmaganday… Qissada faktlar ustuvorlik qilib, hujjatlilik badiiylikdan bir oz ilgarilab ketganday…

Qodiriy ijodini tubsiz bir ummonga mengzasak xato bo‘lmas, adiblar amiri bo‘lgan bu zot ijodining qaysi qirralari adabiyotshunoslarimiz tomonidan o‘z tadqiqini kutmoqda? Adabiyot va adabiyotshunoslik ilmi ixlosmandlariga tilaklaringiz?

— E’tibor qilgan bo‘lsangiz yuqorida qodiriyshunoslik alohida tarmoq sifatida shakllanganligini ta’kidlab o‘tdik. Hali qilinadigan ishlar talaygina. Yozuvchining kichik asarlarini tizimli ravishda o‘rganish, roman poetikasi, yozuvchining estetik va  diniy-falsafiy qarashlari, badiiy matnni o‘rganish kabi masalalar ochiq mavzulardan biri bo‘lib o‘z tadqiqini kutib turibdi, deyish mumkin. Qolaversa, bugungi globallashuv jarayonida adabiyotshunoslikda badiiy asar va matnga yondashuv usullari tobora kengayib borayotganligi sir emas. Xorijdagi qodiriyshunoslarning ishlarini o‘rganish, ularni adabiyotshunoslikka ma’lum qilish kabi ishlar ham egalarini kutmoqda. Tadqiqotchi mavzu tanlamaydi, aksincha mavzu tadqiqotchini tanlaydi, deyishadi. Har qanday mavzu birdaniga sir bermaydi, mehnat va sabr kutadi, shunday keyingina mahramga aylanasiz. Ilmni vositai choh qilmay, xolis niyat bilan, toza qalb va zehn zakovat bilan ishga yondashuv sizni ilmga oshno qiladi.

Suhbat ham ana’naviy janrga aylanib ulgurgan. Har narsaning boshi va oxiri bo‘lgani singari gurung ham tilaklar bilan yakunlanadi. Biz ham ana’nani saqlagan holda tilaklardan oldin ba’zi bir qaydlarni aytmoqqa jazm qildik. Adabiyot ilmiga davogar bo‘lgan har bir tadqiqotchi, halol va xolis bo‘lishi kerak. Yashirishning foydasi yo‘q, ilmga bugun talab va taklif turlicha bo‘lmoqda. Ustozim Qo‘shjonov “ilmga yo‘l yo‘lakay munosabatda bo‘lish, odamni aldaydi, shunday qilsang sening ilming ham yo‘lda qoladi, oxirigacha borishga intil, mohiyatga chuqurroq e’tibor ber” deya ta’kidlar edi. Bugun ilmda mardikorchilik bilan shug‘ullanadigan toifalar borligi sir bo‘lmay qoldi. Adabiy dalol degan yangi “shtat”lar paydo bo‘lmoqda. Ishini birovga yozdirib kelib, sizu bizdan-ku mayli, hatto Yaratgandan ham qo‘rqmay hammani aldaydigan “ilmshunos”lar borligini indamay tomosha qilishga odatlandik. Buni to‘xtatish qiyin, epidemiyaga aylangan. Ayrimlari ishni yozdirib kelib yaxshilab yodlaydi, savolga javob berayotganda artist singari rol bajaradi, ammo nochorlari ko‘zini javdiratib turishdan boshqa narsaga yaramaydi. Qizig‘i o‘zi “yozgan” ishni eplab aytib bera olmaydi. Odamning yuzi issiq deymiz. Siz unga birovga yozdirding, ko‘chirding deb aytishdan istihola qilasiz, ammo u bunday andishalarning ko‘chasini buzib o‘tishni qoidaga aylantirgan, maqsadiga yetsa bo‘ldi. Ilmni muqaddas burch deb sanagan katta darg‘alarimiz birma bir hayotdan o‘tib bormoqda. Ularga munosib voris bo‘lish biz uchun ham farz, ham qarz. Mana shu farzlar ham aslida, bizga omonat ekanligi odamni o‘ylantiradi. Omonatga xiyonat qilishdan O‘zi saqlasin!

Ilmga kirib kelish, amal va a’molingizni belgilashini unutmang. Shu bahona sizning tengdoshlaringizga pand nasihat, to‘g‘rirog‘i iltimos qilsam. Doimo to‘g‘ri yo‘ldan yuring, egri yo‘ldan uzoq bo‘ling. Qing‘ir yo‘l bilan olim bo‘lgan ertaga to‘g‘ri yo‘ldagilarga to‘siq bo‘ladi. Chunki u bungacha sarflagan pulini ishlab olishi kerak-ku! Yozish qo‘lidan kelmasa dalolollik qiladi. Juda bilimli domlalarimiz nafsning ko‘chalarida yo‘ldan adashib ketishdi, shunday “yasama” olimlarni millat ilmiga daxldor qildi, topgani yo‘qotganidan ko‘p bo‘ldi. Yo‘lingizga ehtiyot bo‘ling! O‘z aytar szingiz bo‘lsin. So‘zimni yozuvchining gapi bilan tugataman. Shaxsiy butunliq, mustaqil shaxsiyat qullik bilan ziddir. Shaxsiy butunlig‘i bo‘lmag‘an, ya’ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi topolmag‘an ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin ag‘zo bo‘la olmaslar”.