Abdulla Oripov: “Adabiyot — ko‘ngil izhori emas” (2008)

El-ulus ardoqlagan, yurt mehriga sazovor xalq shoiri bilan hamsuhbat bo‘lishni orzu qilmagan inson topilmasa kerak; yana u ona xalqini mudroqlikdan uyg‘otgan, g‘ururini yuksaltirgan, o‘zi ham milliy iftixor timsoliga aylangan bo‘lsa! Bunday shoir bilan uchrashuv haqiqiy muxlis uchun chinakam bayramdir.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Abdulla Oripovning ijodiy kechalari ko‘p o‘tgan. Lekin bu uchrashuvlarning biri xayolimda uzoq muhrlanib qolgan. Dorilfunun ahli shoirni ehtirom bilan kutib oldi.

Abdulla aka muxlislar huzuriga kirib kelarkan, talabalar uning “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” qo‘shig‘ini kuylashardi. Shunday bir intiqlik bilan kuylashardiki, muhabbat gimniga aylangan bu qo‘shiq yuragingizdagi erka hislarni jo‘shtirar, o‘zingizni go‘zal tuyg‘ular olamida uchib yurganday sezardingiz.
Uchrashuv ana shunday boshlandi. Universitet rektori olqish sadolari ostida aziz mehmonni sahnaga — gullar bilan orolangan joyga taklif etdi. Shoir o‘zining dil so‘zlarini izhor etarkan, avvalo, taklif uchun minnatdorlik bildirdi. “Jannatga yo‘l” dramasidan talabalar ijro etgan Ona va Yigit suhbati sahnasini ko‘zlari yoshlanib, hayajon bilan tomosha qildi. So‘ng savol-javoblar bo‘ldi. Men el ardog‘idagi shoirimizning o‘z muxlislari, adabiyot ixlosmandlari bilan yuzma-yuz uchrashuvidagi ba’zi savol-javoblarni eslab qolishga harakat qildim.
— She’r yozishingizga nima turtki bo‘lgan?
— Hazrat Navoiy bobomiz dastlariga ilk bor qalam tutganda bola Alisher edi. Pushkin ham Pushkin emas, oddiy Sasha edi. Biz ham dastavval hamma qatori ona, ota, maktab, tabiat, Vatan haqida mashqlar bitganmiz. Sal lofi bilan aytadigan bo‘lsam, — shunday deya Abdulla aka biror hazil gap aytgisi kelganda bo‘ladigan odaticha o‘ziga xo‘p yarashadigan tabassumdan ochilib ketadi, — Stalinga bag‘ishlangan she’rlarimning o‘zi bir chemodan edi (muxlislar kulib yuboradilar).
Har holda, she’r biror turtki bilan yozilgani yaxshi. Uning ta’sir kuchi bo‘lishi kerak. Turtki, sabab shunga xizmat qilishi mumkin. Bularni keyin angladik. Shungacha noqulay ahvolga tushgan paytlarim ham bo‘lgan. O‘quvchilik yillarim uyimizga mehmonlar ko‘p kelishardi. Bir gal ularning oldida she’r o‘qitishdi. “Kreml devorlari” degan she’rimni o‘qibman. Mehmonlardan biri (bu haqda Abdulla aka to‘rt tomlik “Tanlangan asarlar”ida mufassal yozganlar): “O‘g‘lim, o‘zing Kremlni ko‘rganmisan?” — deb qoldi. Men “Yo‘q” dedim. U kishi “Bo‘lmasa, ko‘rmagan narsangni bundan keyin yozma!” — dedi. Rosa mulzam bo‘ldim — hech esimdan chiqmaydi! O‘sha dashnom menga hozirgacha saboq bo‘lib kelayotir.
— Askiyaga munosabatinigiz?
— Askiya ham, hajv ham shunchaki “xo-xo” deb kulish yo kuldirish uchun qilinmaydi. U judayam katta qurol. Zo‘raki hajv, zo‘raki askiya qitiqlab kuldirishday bir gap.
— Sayoz qo‘shiqlarga qanday qaraysiz?
— Ular ham boya aytganimiz singari odamni qitiqlab kuldirishga o‘xshaydi. Bunday qo‘shiqlarni aytuvchilarni, — Abdulla aka kulib turib dedi, — jinoiy javobgarlikka tortsa ham bo‘ladi.

Ko‘zimni pirpiratib o‘taman

— Bir shoirimiz, o‘zi yomon ijodkor emasdi, qarilik chog‘i armon bilan shunday dedi: “Javonim to‘la kitob. Ularni ko‘zdan kechirayotib, o‘z asarlarim oldidan ko‘zimni chirt yumib o‘taman. Sen esa baxtlisan — kitoblaring oldidan ko‘zingni yummay o‘tasan!”
Men: “Kitoblarim oldidan ko‘zimni pirpiratib o‘taman”,— dedim.
Qarigan chog‘ing, butun umr yozgan, chop etgan asarlaringdan ko‘ngling to‘lmasa, bu — katta fojia.

Hadislar Hajga olib bordi

— Charxiy domla bilan ko‘p gaplashardik. Hadislar haqida suhbatlashardik. Go‘zal rivoyatlar, mukammal hikoyatlar majmuasi bo‘lmish payg‘ambarnomalar, tarixnomalar, Qur’onu hadislar nashr etilmagan o‘sha yillari bunday suhbatlar bizni olijanob va ezgu tuyg‘ulardan bahramand etardi. Asl diniy dunyoqarash tirik tafakkurning hayotdagi jonli qo‘llanmasi ekan. Mustaqillikning ilk yillarida ularning tarjima qilingani, Qur’on tafsirlari o‘zbek tilida paydo bo‘lgani katta hodisa. Olijanob insoniy tuyg‘ular hadislarda g‘oyat go‘zal tashbehlar vositasida bayon etilganki, biz ularni badiiy kashfiyotdek qabul qilamiz. Men ham Payg‘ambarimiz hadislarini birmuncha o‘rganib, ulardan ilhomlanib, dastlab qirqta, so‘ng yana ancha-muncha she’rlar bitdim. Bu she’rlarim musulmonlar idorasi tomonidan e’lon qilingan tanlovda mukofotga loyiq ko‘rildi. Idora vakillari “Mukofot puli Makkaga borib kelish uchun yetadi, pulni olasizmi yo Makka ziyoratiga borib hoji bo‘lib kelasizmi?” — deb so‘rashdi. Men, albatta, Hajga boraman, dedim. Shunday qilib, Haj safariga meni Payg‘ambarimiz hadislarining o‘zi olib borib keldi.

Armon

— Behuda o‘tib ketgan ko‘p yillarni eslayman. Buni siz bilasiz — mustabid tuzumning siyosati qattiq edi. Har nechuk, vijdonga qarshi biror ish qilmagan bo‘lsak-da, ko‘p vaqtimiz bekor ketgani rost. Endi, u kunlarni qoralayman, deb qo‘ynimni toshga to‘ldirib kelgan emasman. Ular — bir armon.

* * *

Abdulla akaning tiliga biror serma’no gap kelib qolganida yuzi gul-gul ochilib ketardi.
Talabalar har bir yilni qaysidir mavzu va qadriyatga bag‘ishlash an’anaga aylangan yildan kelib chiqib savol berganlarida shoir shunday javob berdi:
— Qariyalarni qadrlash yilida yoshlar sinovdan o‘tadi.
Adabiyotga doir savollar-javoblar chog‘ida esa shoirimiz qat’iy qilib shunday dedi:
— Adabiyot — ko‘ngil izhori emas!

Buxoroning torko‘chalarida

Buxoroda universiada o‘tkazilgan yili men ham shoirimizga safardosh bo‘lib qoldim. Hind quruvchilari barpo etgan go‘zal mehmonxonaning sakkizinchi qavatiga, yonma-yon xonalarga joylashdik. Universiadaga borgan ko‘plab mehmonlar har qadamda Abdulla akaga peshvoz chiqishar, shoirni ko‘rib xursand bo‘lganlaridan yuz-ko‘zlari yorishib ketardi.
Talabalarning sport bayrami juda go‘zal boshlandi. Yangi o‘yingoh ko‘hna shahar obidalari chiroyini ochib yuborgan edi. Buxoro osmoni kamalakrang mushaklar marjoniga bezandi. Shu oqshom qadim shaharga ulug‘ ruhlar tashrif buyurgandek edi…
Abdulla aka bu anjumanga atab yozgan she’rida universiada qatnashchilari bo‘lgan yosh yigit-qizlarimizni “Vatanning ko‘z nuri, dilbandlaridir, Kelajak bog‘idan chechaklar tergan Ona O‘zbekiston farzandlaridir”, deya e’zoz etgan edi:

Bu saflar kamolot shiddatiga mos,
Go‘yo yaralgandir chaqindan, nurdan.
Mardlik va jasorat ularga meros
Mahmud Torobiydan, Amir Temurdan…

Tantana tugagach, shoir Toshpo‘lat Ahmadning uyiga mehmonga bordik. Aziz mehmon sharafiga xushovoz xonanda Ahmadjon Shukurov ham kelgan ekan. U mumtoz ashulalar, Abdulla aka she’rlari asosida yaratgan qo‘shiqlardan kuylab davrani obod qildi.
Mehmonxonaga qaytar chog‘imiz yana Toshpo‘lat akaning mashinasiga chiqdik. Tungi Buxoroi sharifni aylanish maroqli va sehrli edi. To‘satdan Abdulla aka shunday deb qoldi:
— Toshpo‘lat, bu katta ko‘chalaringni ko‘p ko‘rganman. Sen menga Buxoroning o‘sha qadimgi torko‘chalari, hech o‘zgarmagan, asli qanday bo‘lsa shundayicha turgan mahallalarini ko‘rsat.
Bu taklifdan quvonchi toshgan Toshpo‘lat aka «Tiko»sini Buxoroning jin ko‘chalari tomon burib yubordi. Biz bir asr avval ham mavjud bo‘lgan ko‘chalarda sayr etib yurardik. Onda-sonda elektr simu gaz quvurlar yangi tamaddun belgilarini oshkor qilib qo‘yardi.
Nazarimda, Abdulla aka o‘shanda Fayzulla Xo‘jayevdek, Fitrat domladek, Mutavvakil Burhonovdek ulug‘ insonlarni kamolga yetkazgan Buxoroi sharif bilan o‘zicha suhbat qurgandek bo‘lgandi…

Ziyorat

Ertasi kuni Bahovuddin Naqshband hazratlari maqbarasini ziyorat qilgani bordik. Toshpo‘lat aka: “Hazratning onalari qabrini tavof etishdan boshlaylik, ziyoratni”, deya mashinani g‘izillatib tor yo‘laklardan olib o‘tib, Orif ona maqbarasi sari boshladi. So‘ng Bahovuddin Naqshband hazratlari qabrini ziyorat qildik. Maqbara tomon borishda ham, qaytishda ham keng yo‘laklarni to‘ldirgan ziyoratchilar darrov shoirni tanib olishar, birov hayratlanib boqar, birov ehtirom ila salom bergancha qo‘l olib ko‘rishishga, yana kimlardir dastxat olishga, birgalikda suratga tushishga shoshardi. Odamlar ulug‘ zamondoshlarini yaqindan ko‘rganidan mamnun. Ular bundan iftixor etishlarini yashirishmas, to‘g‘risi, bu onlarning o‘zi mangu lahzalar edi. Shoir ham odamlar hol-joniga qo‘ymay o‘rab olishlariga malollik bildirmas, ehtimol, bunga juda oddiy va tabiiy hol deb qarardi.
Abdulla aka bilan necha bor safardosh bo‘lmayin, bu galgisi butunlay boshqacha edi. Nazarimda, oddiy odamlarning shoirimizga bo‘lgan cheksiz ehtiromi aziz avliyoni ziyorat etgani yana bir aziz siymo kelganday qilib ko‘rsatardi…
So‘ng “Chor Bakr” nekropoli tomon yo‘l oldik. Men avval ham Buxoroi sharifda necha bor bo‘lgan esam-da, “Chor Bakr”ni birinchi ko‘rishim. Bu manzilga nihoyatda ulug‘vor sokinlik cho‘kkanday edi. Ziyoratgoh yaxshilab ta’mirlanganidan saranjom-sarishta. Ayniqsa, e’tiborimni tortgani bu manzildagi ulkan masjidu madrasalar ulug‘vorligiga ulug‘vorlik baxsh etgan jilonjiydalar bo‘ldi.
Jilonjiyda kech gullar ekan. Mayning oxirida bir ajoyib gullab, o‘zidan shunday xushbo‘ylar taratib turibdiki, xuddi jannat havolarini iskaganday bo‘lasiz. Bu ne’matning barglari shu qadar musaffoki, go‘yo hozirgina yomg‘ir yog‘ib, ularni yuvib o‘tgandek tuyulardi.
Ehtimol, bu ham “Chor Bakr”ning bir sehrimikan yo?..

* * *

Buxoroi sharif safari mana shunday ulug‘ ziyoratlaru unutilmas uchrashuvlar bilan o‘tayotganda, bir kun tunda kutilmaganda Toshkentdan noxush qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Abdulla akaning — Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan yozuvchi Hojiakbar Shayxov ko‘p vaqtdan buyon og‘ir betob bo‘lib yotgan edi. Hojiakbar aka olamdan o‘tibdi.
Erta tongda birinchi uchoq bilan Toshkentga qaytishimizga to‘g‘ri keldi. Abdulla akaning diliga iztirob cho‘kdi. U taniqli fantast adibimizni o‘z inisiday yaxshi ko‘rardi. Uning akalari va opalari, butun oilasi bilan ilgaridan qadrdon edi. Bu yo‘qotish shoirning dilgir ko‘ngliga juda og‘ir botdi.
O‘shanda Toshkentga qaytayotib, negadir, Abdulla akaning ikki yilcha burun Hojiakbar Shayxovga atab yozgan “Sirli olam” she’ridagi mana bu misralar xayolimdan kechdi:

Hojiakbar, jinlaringni* eplab, aslida
Murosaga keltirish ham mumkindir hatto,
Lekin shundoq yoningdagi inson shaklida
Yashab yurgan iblislardan asrasin Xudo!

Murod ABDULLAEV

* O‘sha chog‘lar Hojiakbar Shayxov muharrirlik qilayotgan “Sirli olam” va ”Qalb ko‘zi“nashrlarida bosilayotgan asarlarga ishora.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 12-sonidan olindi.