To‘ra Mirzayev (1936-2020)

To‘ra Mirzayev (1936.06.03, Shofirkon tumani – 2020.29.09, Toshkent) – Folklorshunos olim. Filologiya fanlari doktori (1988), professor (1991). Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1957).

Jarqo‘rg‘on tumani maktablarida o‘qituvchi va o‘quv bo‘lim mudiri (1957-1960), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant (1961-1963), kichik (1964-1966), katta ilmiy xodim (1966-1971), folklor bo‘limi mudiri (1971-2002), direktor (1991 yildan, 1991-1998 yillarda – Adabiyot instituti), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti (2001 yildan) bo‘lgan.

To‘ra Mirzayev tadqiqotlari xalq dostonlari va baxshilar epik repertuarini o‘rganishga bag‘ishlangan. «Bulbul taronalari» (1971-1973), «Pesni Bulbulya» (1974-1977), «Uzbekskaya narodnaya poeziya» (1990), «Go‘ro‘g‘li» dostonlari (1996-97), «Alpomish» (1999) kabi yirik asarlarni nashrga tayyorlagan va muharrirlik qilgan.

O‘zbek xalq qahramonlik eposi «Alpomish»ni nemis tilida Vaysvadenda nashr ettirgan (hamkorlikda, 2001). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).

To‘ra Mirzayev Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni, «Fidokorona xizmatlari uchun» va «Do‘stlik» ordenlariga sazovor bo‘lgan.

To‘ra Mirzayevning 600 dan ortiq ilmiy, uslubiy, ilmiy-ommabop ishi e’lon qilingan. Ulardan 5 tasi monografiya, 5 tasi darslik va o‘quv qo‘llanma, 45 tasi kitob va folklor to‘plamdir. Olimning kitob va maqolalari Rossiya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi ko‘plab mamlakatlarda nashr etilgan.