uyimaSuyima G‘aniyeva 1932 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1952 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1953-1956 yillarda Leningrad davlat universiteti aspiranturasida ta’lim olgan. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari va O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Mehnat faoliyatini 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshlagan. Shu yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, Toshkent davlat konservatoriyasida kafedra mudiri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
S.G‘aniyeva o‘z ilmiy faoliyati davomida yaratgan 14 ta monografiya, 350 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar mamlakatimiz va xalqaro ilmiy nashrlarda chop qilingan, 20 dan ortiq o‘quv-metodik qo‘llanmalari respublika oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan. Uning «Alisher Navoiyning hayoti va ijodi», «Alisher Navoiy ijodida milliy mafkura», «Navoiy g‘azallarida jo‘mardlik motivlari», «Navoiy vasiyati», «Navoiy dastxati» kabi sermazmun asarlari yurtimiz va chet el adabiyotshunoslari tomonidan ilmiy kashfiyotlar sifatida e’tirof etilgan.
S.G‘aniyeva Alisher Navoiyning uzoq yillar davomida ilm-fanga noma’lum bo‘lib kelgan “Munojot” asarini topib, nashr ettirgan. Olima 2011 yilda Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan.