Taniqli yozuvchi, tajribali jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sunnatulla Anorboyev 1922 yilda Janubiy Qozog‘iston viloyatining Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlog‘ida tug‘ildi. Namangan Pedagogika texnikumida, Toshkent Davlat Pedagogika institutida tahsil oldi. 1942-1945 yillarda II jahon urushida qatnashdi.
Sunnatulla Anorboyev 1949 yildan boshlab ko‘p yillar mobaynida respublika gazetalari, “Sharq yulduzi” jurnali, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at hamda “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotlarida samarali mehnat qildi.
Sunnatulla Anorboyev o‘z ijodiy faoliyatini 1950 yillardan boshlab, ilk hikoyalarini respublika matbuotida e’lon qildi. 1958 yilda dastlabki hikoyalar to‘plami bosilib chiqdi. Qariyb yarim asrlik qizg‘in va serqirra ijodiy faoliyati mobaynida Sunnatulla Anorboyevning “Oqsoy” (1962), “Sayli” (1979) romanlari, “Mehr”, “Umr”, “Sayribog‘”, “Suzib borar arxarlar”, “To‘rtko‘zning boshidan kechirganlari” kabi qissalari, ko‘pgina hikoya va ocherklar kitoblari chop etildi. Ayniqsa, yozuvchining “Oqsoy” romani, “Umr” qissasi, “Ustoz va uning xalfa shogirdlari” badiiy ocherki, olimlar va cho‘ponlar hayotidan yozilgan boshqa bir qator ocherk va maqolalari kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi, o‘zbek adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘rin egalladi. Adibning ba’zi bir asarlari qardosh xalqlar tillarida ham chop etilgan.
Mustaqillik yillarida Sunnatulla Anorboyevning ko‘p yillik ijodiy mehnati yuksak baholanib, adib 1999 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.