Shoir va nosir Omon Muxtor 1941 yil 16 iyulda Buxoroda tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, bir necha vaqt gazetalar tahririyatlarida adabiy xodim, O‘zbekiston radio va televideniye Davlat Qo‘mitasi, «O‘zbekfilm» hamda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Uning ijodi garchi 50-yillarning oxirlaridan boshlangan bo‘lsa ham, birinchi «Chorlar quyoshli yo‘llar» she’riy to‘plami 1966 yilda chop etiladi. Shundan so‘ng u shoir, hikoyanavis, qissanavis, romannavis sifatida yigirmadan ortiq kitob nashr ettirdi. Jumladan, «Nigoh» (1968), «Qushlar va tushlar» (1971), «Shaharlik kelinchak» (1973), «Hayot darvozasi» (1978), «Buxorolik donishmand» (1973), «Bolalikka sayohat» (1984) kabi hikoyalar to‘plamlari, shuningdek, «Uchqur poyezdlar» (1981), «Vazifa» (1988) kabi hikoyalar, qissalar majmuasini chop ettirdi. U ayni chog‘da «Yillar shamoli» (1976), «Egilgan bosh» (1989), «Ming bir qiyofa» (1992) kabi romanlarini yaratdi. Shuningdek, «Ohang» (1974), «Yog‘du» (1979), «Marvarid» (1985), «Shiddat» (1990) kabi she’riy to‘plamlar ham O. Muxtor qalamiga mansub.
Omon Muxtor so‘nggi yillarda «Ming yildan so‘ng» (1991), «Ming bir qiyofa (1994), «O‘lmagan jon» (1995), «Ko‘zgu oldidagi odam» (1996) kabi hikoya, qissa va romanlarni ham yaratdi.
Uning «Tepalikdagi odam», «Ming bir qiyofa», «Ko‘zgu oldidagi odam» romanlari yaxlit holda «To‘rt tomon qibla» trilogiyasini tashkil etgan. Yana «Ffu», «Ayollar mamlakati va saltanati», «Aflotun» romanlari ham chop etilgan.
Uning «To‘rt tomon qibla» trilogiyasi yangicha uslubda yozilgan bo‘lib, kitobxon va adabiy jamoatchilik e’tiborini tortgan.
Ayni chog‘da u bolalar uchun «Buvim ertak aytadi» (1971), «Kunlardan bir kun» (1985), «Ming yildan so‘ng» (1991) kabi she’r, ertak va hikoyalar to‘plamlarini ham yozgan. Omon Muxtor «Egilgan bosh» romani uchun 1990 yilgi Yozuvchilar uyushmasining yillik adabiy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adib tavalludining ellik yilligida (1991) unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvoni berilgan.
Pesalari Xorazm teatrida sahnalashtirilgan («Bosh masala» va boshqa). O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (2009), «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997). 2013 yil 10 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.