Nurislom To‘xliyev (1947)

Nurislom To‘xliyev 1947 yil 6 mayda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1965 yili o‘rta maktabni tamomlab Samarqand Davlat universitetining Tarix fakultetiga talabalikka qabul qilingan. 1969 yili Samarqand Davlat pedagogika instituti “siyosiy iqtisod” (hozirgi “Iqtisodiyot nazariyasi”) fani o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1970-1973 yillarda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) Davlat universitetining Iqtisod fakulteti “Siyosiy iqtisod” kafedrasining kunduzgi ta’lim aspiranturasida tahsil olgan. 1973 yilda aspiranturani “siyosiy iqtisod” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan tugallab, Samarqand Davlat pedagogika institutida o‘qituvchilikni davom ettirgan.

1974 yildan Samarqand viloyat partiya komiteti propaganda va agitatsiya bo‘limi lektori, lektorlar guruhi rahbari, bo‘lim mudiri o‘rinbosari vazifalarida ishlagan. 1979 yil O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti propaganda va agitatsiya bo‘limi instruktori lavozimiga ishga o‘tkazilgan. 1984-1989 yillarda O‘zkompartiya Markaziy Komiteti fan va o‘quv yurtlari bo‘limi mudiri o‘rinbosari va mudiri lavozimlarida ishlagan. 1986 yilda O‘zbekiston Oliy Soveti deputati, O‘zkompartiya Markaziy Komiteti a’zoligiga nomzod etib saylangan.

1989 yili “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti direktori-bosh muharriri lavozimiga tayinlangan. U nashriyotga rahbarlik qilgan 25 yil davomida ko‘p jildli universal “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”, “Toshkent”, “Bolalar”, “Xotin-qizlar” entsiklopediyalari, 4 jildli Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” hadislar to‘plami (o‘zbek tiliga o‘girilib), 5 jildli o‘zbek tilining izohli lug‘ati, ikki jildli ruscha-o‘zbekcha lug‘at kabi o‘nlab fundamental nashrlar amalga oshirilgan.

1983 yili doktorlik dissertatsiyasini “siyosiy-iqtisod” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan. 1993 yilda “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” ixtisosligi bo‘yicha professor unvoni, 1997 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berilgan. U “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” (2001). 3 nafar fan doktori va 20 ta fan nomzodiga ilmiyrahbarlik qilgan. 40 dan ortiq monografiya, o‘quv qo‘llanmasi, darslik va boshqa kitoblar muallifi. Ular orasida “Osiyova bozor” (1992), “Bozorga o‘tishning mashaqqatli yo‘li” (1999), “O‘zbekiston Respublikasi” (o‘zbek, rus, ingliz tillarida), “O‘zbekiston iqtisodiyoti” (2018), “O‘zbek modeli: taraqqiyot tamoyillari” (2014), “Osiyo taraqqiyot modeli” (2015), “O‘zbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2019), “Moya strana” (2012), “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020), “Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida yangi trendlar” (2021) kabi kitoblar, iqtisodiyot va turizm bo‘yicha 13 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalari bor. 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy-publitsistik maqolalari turli respublika gazeta va jurnallarida chop etilgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, “Islom entsiklopediyasi” bo‘limi mudiri, o‘rindoshlik asosida Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri (1989-2009), professori lavozimlarida ishlab keladi.