Yozuvchi Nosir Fozilov adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga 50-yillarning ikkinchi yarmilarida kirib kelgan bo‘lib, hozirgacha jami yetmishdan ortiq kitob chop ettirdi. Bular orasida o‘ttizga yaqin original asarlar bo‘lib, qolganlari tarjima kitoblardir. U 1929 yil 1 iyunda Qozog‘istonning Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston tumanining Qoriz qishlog‘ida tavallud topdi.
Uning ota va onalari dehqonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsalar ham buvasi Tursunmuhammad A’lam G‘urbatiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Kamiy, Xislat, Sidqiy Xondayliqiy bilan hamnafas, hamfikr bo‘lib, Toshkentda uning uchta she’riy kitobi chop etilgan.
N. Fozilovning bolaligi urush davriga to‘g‘ri kelganligi tufayli ham o‘qib, ham mehnat qilgan. Shu tufayli u o‘z tengdoshlaridan ancha kech, ya’ni, 1949 yilda o‘rta maktabni tugatadi. So‘ng Toshkentga kelib, Dorilfununga o‘qishga kiradi va uni 1954 yilda tugatadi. Shundan so‘ng «Gulxan», «Sharq yulduzi» kabi jurnallarda va «Yosh gvardiya», G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida turli lavozimlarda ishlaydi.
Adibning birinchi hikoyasi «Lenin uchquni» gazetasida 1953 yilda bosilgan bo‘lsa, uning birinchi kitobi 1959 yilda «Irmoq» nomi bilan chop qilinadi. So‘ngra «Oqim» (1962), «Robinzonlar» (1964), «Qush qanoti bilan» (1965), «Qorxat» (1968), «Ko‘klam qiyoslari» (1970), «Diydor», (1979), «Tanlangan asarlar» 2 jildlik (1983—84), «Bolaligim—poshsholigim» (1989), «Bir otar to‘pponcha» (1995) kabi o‘nlab kitoblari nashrdan chiqadi.
Nosir Fozilov tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. U Abay, Muxtor Avezov, Sobir Muqonov, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijalil Nurpeisov kabi ko‘plab qozoq adiblari asarlarini o‘zbekchaga ag‘darib, nashr ettirdi. Shuningdek, qirg‘iz, qoraqalpoq va o‘zga tillardan ham ko‘plab sara asarlarni o‘zbekchalashtirdi. Uning ana shu ijod sohasidagi samarali mehnati zoye ketmadi. 1985 yilda unga «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G‘. G‘ulom nomidagi, 1986 yilda esa qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi, «Ustozlar davrasida» asari uchun esa Hamza nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1990 yilda u «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoniga sazovor bo‘ldi. El-yurt xurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).
N. Fozilovning ko‘plab asarlari o‘zga tillarga ham tarjima bo‘lib, nashr etilmoqda. U 1994 yili o‘zbek va qozoq adabiy aloqalari borasidagi katta xizmatlari uchun Qozog‘iston Prezidenti ta’sis etgan «Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun» xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.
Nosir Fozilov 2018 yil 13 yanvar kuni Toshkent shahrida vafot etdi.