O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi, XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib, shoir, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug‘ildi. Otasi Abdurashidxon Sotiboldixon o‘g‘li mudarris, onasi Xosiyat otin Xonxo‘ja Shorahimxo‘ja mudarris qizi otinoyi bo‘lgan. U oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lib, katta akalari A’zamxon (1872—1919) va Muslimxon (1875—1954) muallim bo‘lishgan. Otasidan yosh yetim qolgani tufayli dastlabki ta’lim-tarbiyani onasidan olgan. So‘ng o‘z davrining mashhur o‘qituvchisi Usmon domladan ilmi qiroat va tajvidni o‘rganib, hofizi Qur’on bo‘lgan. 1885—90 yillarda Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil olgan, ammo tahsilni oxiriga yetkazmay, Toshkentga qaytib, Darxon masjidida imomlik vazifasini bajaradi.
Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901 yilda o‘z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi.
1904 yildan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotga aralasha boshlagan. 1906 yildan «O‘rta Osiyoning umrguzorligi, taraqqiy», «Taraqqiy» gazetalarida adabiy xodim. Shu yili noshir va muharrir sifatida «Xurshid» gazetani tashkil etgan. «Shuhrat» (1907), «Tujjor» (1907), «Osiyo» (1908) gazetalarini g‘oyaviy boshqargan va adabiy xodim vazifasini bajargan. So‘ng «Sadoyi Turkiston» (1914—15) gazetasida mas’ul muharrir muovini, «Al-isloh» jurnali (1915—17)da muharrir, «Najot» va «Kengash» (1917) gazetalarida mas’ul muharrir.
U 1909 yili Toshkentda “Jamiyati xayriya” uyushmasini tuzadi va “Turon” nomli jamiyatni ochadi. Munavvar qori 1906-yilda dastlabki o‘zbek matbuoti namunalaridan biri “Xurshid” gazetasini nashr etdi. Keyinchalik “Najot”, “Kengash” gazetalarida bosh muharrir, “Sadoyi Turkiston”da esa bo‘lim muharriri bo‘lib xizmat qiladi.
Sho‘ro davrida u o‘zining ochiq ma’rifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi. 1918 yilning aprelida Turkiston xalq dorilfununining asoschisi va rektori etib saylanadi. Uning sa’y-harakati bilan 1918 yil 2 iyunda dorilmuallimin ish boshlaydi. U 1918 yilda “Turk o‘chog‘i” ilmiy-ma’rifiy jamiyatini tashkil qiladi.
Munavvar qori 20-yillarda o‘zbek yurtining mustaqilligi uchun kurash vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” yashirin tashkilotlariga rahbarlik qilgan.
Munavvar qori turli jamiyat va uyushmalar tashkilotchisi. U «Jamiyati Imdodiya» (1909), «Turon» (1913), «Turkiston kutubxonasi» (1914), «Umid» (1914), «Maktab» (1914), «Ko‘mak» (1921) jamiyat, tashkilot, shirkat va uyushmalarida muassis, muovin, rais, a’zo. Sho‘rolar hukumati davrida Xalq dorilfununi sho‘rosining raisi, Turkiston Maorif xalq komissarligi turk sho‘basining ish yurituvchisi (1918), Toshkent shahar maorif noziri, Sharq xalqlari s’ezdi (1920, Boku) delegati va hay’ati a’zosi. BXSR Maorif nozirligi vaqf bo‘limi boshlig‘i (1920—21), Toshkent shahar ijtimoiy tarbiya bo‘limi mudiri (1921), Akademmarkaz raisi (1922), Navoiy nomidagi maktab, Narimonov nomidagi pedagogika texnikumi, ayollar pedagogika institutida muallim (1923 — 25), Samarqand shahar muzeyida ilmiy xodim, O‘zbekiston osori-atiqalarni saqlash qo‘mitasining Toshkent-Farg‘ona bo‘limida mas’ul kotib (1927-28).
Munavvar qori bir qancha darslik muallifidir. Uning «Adibi avval» (1907), «Adib us-soniy» (1907), «Usuli hisob», «Tarixi qavm turk», «Tajvid» (1911), «Havoyiji diniya», «Tarixi anbiyo», «Tarixi islomiya» (1912), «Er yuzi» (1916—17), 4 qismdan iborat «O‘zbekcha til saboqligi» (Shorasul Zunnun va Qayum Ramazon bilan birga, 1925—26, 4-qismi musodara qilingan) darsliklari bir necha marta chop etilgan. 1914 yilda taraqqiyparvar o‘zbek shoirlarining she’rlarini jamlab, «Sabzavor» nomi bilan nashr etgan.
Munavvar qori ijtimoiy-pedagogik faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Uning ixcham hikoyalari, talaygina she’rlari o‘sha davrdagi matbuot va o‘zi tuzgan hamda yozgan darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, u o‘tkir publitsist adib sifatida tanilgan. Maqolalarida inson va jamiyat, din va dindorlik, axloq, mustamlakachilik va xurriyat, ziyolilik, uyushma, tashkilot, davlat idorasi masalalariga alohida e’tibor qaratgan.
Munavvar qori o‘z faoliyati davomida pedagogik, matbuotchilik, muharrirlik, adiblik bilan cheklanmay, jiddiy siyosiy faoliyat ham olib borgan, shu sababli mustamlaka hukumati tomonidan bir necha bor hibs qilingan.
Evropa savdo-sanoat, ilm-fanini o‘rganishga chaqirgan, ma’naviy qoloqlikni qoralagan. U vijdon erkinligini inkor etmagan dunyoviy demokratik davlat tarafdori bo‘lgan. Shu sababli Qo‘qon shahrida tashkil topgan Turkiston muxtoriyatini (1917) qo‘llab-quvvatlagan. Umr bo‘yi o‘z vatanini mustaqil ko‘rishni istagan.
20-yillarning o‘rtalarida milliy ziyolilarni ta’qib qilish kuchayishi natijasida Munavvar qori hamma lavozimlardan chetlashtiriladi. Biroq hatto qatag‘on ham Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘lini istiqlol g‘oyalaridan qaytara olmadi.
U 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olinib, Moskva shahridagi Butirka qamoqxonasida qatl qilingan va Vagankova qabristoniga dafn etilgan. 1991 yilda rasman reablitatsiya qilingan.
Maqolalar:
Ma’naviyat yulduzlari: Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931)
O‘zbek she’riyati: Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931)
Biografiya: Munavvar-karы Abdurashidxonov (na russkom yazыke)
Biography: Munavvarqori Abdurashidhon (in English)
Munavvarqori Abdurashidxonov asarlari:
Munavvarqori Abdurashidxonov. Tanlangan asarlar
Munavvarqori Abdurashidxonov. Adibus-soniy
Munavvarqori Abdurashidxonov. Yer yuzi
Munavvarqori Abdurashidxonov. Musulmonlik
Munavvarqori Abdurashidxonov. Tajvidul Qur’on
Munavvarqori Abdurashidxonov. Xotiralarimdan
Munavvarqori Abdurashidxonov maqolalari:
Munavvarqori Abdurashidxonov. Nikoh to‘g‘risida (1906)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Bizni jaholat — jahli murakkab (1906)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Sababi tartib (1907)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Toshkandda musulmon jamiyati (1913)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Jamiyatlar qanday ochilur (1914)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Turon» teatri ochilishida so‘zlangan nutq (1914)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Maqbul qurbonlar (1917)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Sho‘royi islom» qarornomasi (1917)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Xitobnoma (1919)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkiston vaqflari haqida (1920)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Hujummi? Munozarami? (1921)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkistonda vaqf ishlari (1922)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkiston sho‘rolar jumhuriyatidagi maorifparvar yoshlarga xitob (1923)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Nashri maorif» uyushmasining ahamiyati (1923)
Munavvarqori Abdurashidxonov. O‘zbekistonda vaqf (1924)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Qoralash yaxshi emas (1927)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Mahbusdan ariza (1930)
Munavvarqori Abdurashidxonov hikoyalari:
Munavvarqori Abdurashidxonov. Tug‘ishganlik sevgisi (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Qanday qullik tushdi? (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Devpechak (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Bizda hamiyat (hikoya)