Abdullayev Habib Muhamedovich (1912.31.8, O‘sh shahri — 1962.20.6, Toshkent) — geolog olim, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1947), geologiya-mineralogiya fanlari doktori (1946).
O‘rta Osiyo industriya institutining konchilik fakultetini tugatgach (1935), geologiya-razvedka partiyasi boshlig‘i bo‘ldi, keyinroq O‘zbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil bo‘lishini tadqiq qildi. 1940 yildan O‘rta Osiyo industriya institutining foydali qazilmalar kafedrasida dotsent, so‘ngra shu institutda direktor, 1942 yildan O‘zbekiston hukumati raisining o‘rinbosari, 1944 yildan ayni vaqtda Davlat plan komissiyasi raisi bo‘lib ishladi. 1946 yil «O‘rta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va bu asar 1947 yilda nashr etildi.
Habib Abdullayev 1947 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti. Ayni vaqtda Geologiya instituti direktori hamda uning Petrologiya va metallogeniya bo‘limi rahbari. Habib Abdullayev 1952—55 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi texnika va geologiya-kimyo fanlari bo‘limining raisi, 1955—56 yillarda O‘zbekiston hukumati raisining o‘rinbosari va 1956 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti.
Habib Abdullayev 1959 yilda ruda paydo bo‘lishining granitoid intruziyalar bilan genetik bog‘liqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil bo‘lishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan. Habib Abdullayev Toshkent va Moskvada nashr etilgan ko‘pgina mo‘tabar ilmiy jurnallar, to‘plamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning mas’ul muharriri, tahrir hay’ati a’zosi edi, jumladan O‘rta Osiyoda birinchi — «O‘zbekiston geologiya jurnali»ni tashkil qildi va uning mas’ul muharriri bo‘ldi.
Habib Abdullayev volfram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yo‘llar bilan hosil bo‘lganligini ko‘rsatib berdi. Ruda paydo bo‘lish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar ro‘y beradigan geologik muhit ta’siri bilan chambarchas bog‘liq ekanligini aniqladi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida «Chotqol-Qurama tog‘lari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari» monografiyasi yaratildi (1957), «O‘rta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni» asari nashr etildi (1960).
Habib Abdullayevning so‘nggi turkum ishlaridan biri «Rudapetrografiya provintsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) bo‘ldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bag‘ishlangan «Metallogeniya — foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asosi» monografiyasi uchun 1970 yilda (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti berilgan.
Habib Abdullayevning geologiyaga oid nazariy fikrlari amaliyotda tasdiqlandi. U birinchi bo‘lib O‘rta Osiyoni alohida metallogenik maxsus provintsiya sifatida ajratdi. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil bo‘ladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Habib Abdullayevning rudalarning granitoid intruziyalar bilan bog‘liq ravishda hosil bo‘lishiga doir asarlari ilmiy munozaraga sabab bo‘ldi. Asarlarda konlarning intruziyalardan uzoq-yaqinligiga qarab tasniflanganligi Elshonsning mavhum batolit kontseptsiyasidan tubdan farq qiladi.
Habib Abdullayev O‘rta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, kichik intruziyalar o‘chog‘i bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bog‘liq bo‘lgan ruda hosil bo‘lish jarayonlarining takrorlanib turishini ko‘rsatib berdi. Habib Abdullayevning so‘nggi asarlarida ayrim joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari ro‘y berishi va rudalar hosil bo‘lishi muammolari o‘rganilgan.
Habib Abdullayevning «O‘rta Osiyoning metallogenik ocherki» (1949), «Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bog‘liqligi» (1954 — 57), «Daykalar va rudalanish» (1957), «Ruda-petrografik provintsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) kabi asarlari jahonga mashhur bo‘ldi. «Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bog‘liqligi» asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan.
Habib Abdullayev regional kengashlar, Xalqaro geologiya kongressining, bir necha sessiyalarning faol tashkilotchisi, qatnashchisi, kengash to‘plamlarining muhar-riri bo‘lgan. A. bir necha chet el geol. jamiyatlari a’zosi edi. O‘zbekiston Respublikasi miqyosidagi ko‘pgina ilmiy va ilmiy-texnika jamiyatlariga, qo‘mitalariga boshchilik qilgan. Asarlari o‘zbek va rus tillarida nashr etilgan. Bular orasida O‘zbekistonda fan, ilmiy-texnika, iqtisodiyot va madaniyat ravnaqiga bag‘ishlanganlari anchagina.
Habib Abdullayev O‘zbekistondagina emas, balki butun O‘rta Osiyodagi geologik ishlab chiqarishda, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari bo‘ldi. Ilmiy maktab olimlari Tyanshan tog‘laridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar.
Habib Abdullayev O‘zbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geol. bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi. Habib Abdullayev rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Habib Abdullayev ToshPI (hozirgi ToshTU) geologiya-razvedka fakultetida geologiya oliy o‘quv yurtlari orasida birinchi bo‘lib Petrologiya va metallogeniya kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. Urush davrida Habib Abdullayev hukumat a’zosi va geolog olim sifatida front va front ichkarisini zarur resurslar bilan ta’minlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish va ishga solishda katta ishlarni amalga oshirdi.
Habib Abdullayev 1950 yildan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati O‘zbekiston bo‘limini boshqardi. 1960 yildan Frantsiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining a’zosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 — 69).
Habib Abdullayevning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida “Esdaliklar” chiqarilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika institutiga va Toshkent shahridagi katta ko‘chalardan biriga, Uchtepa tumanidagi mahallaga, Toshkent metrosi stantsiyalaridan biriga, 193-maktabga, Ulug‘bek shaharchasida ko‘cha va boshqa ob’ektlarga Habib Abdullayev nomi berilgan.
Geologiya va geofizika instituti binosiga, ToshTU geologiya-razvedka fakulteti binosiga yodgorlik taxtasi o‘rnatilgan. H. M. Abdullayev nomida «Oltin medal» ta’sis etilgan (1992). O‘sh shahridagi katta ko‘chalardan biri, Habib Abdullayev tug‘ilib o‘sgan Aravondagi maktab va ko‘cha ham Habib Abdullayev nomi bilan atalgan. Geologiya va geofizika instituti qoshida Habib Abdullayev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil qilingan.
Habib Abdullayev Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan.
To‘lqin Shoyoqubov.