Faqiriy (1880-1925)

Faqiriy (taxallusi; asl ism-sharifi Abdurazzoq Abdujabbor o‘g‘li) (1880 — Xiva yaqinidagi Bo‘zxona qishlog‘i — 1925) — shoir, xattot va naqqosh. Xivadagi Olloqulixon madrasasida o‘qigan.

Sharq mumtoz adabiyotini o‘rganib, o‘zi ham she’rlar yoza boshlagan. Otasidan yog‘och va tangaga naqsh o‘yish san’atini o‘rgangan. Mashhur xattot Xudoybergan Devonning shogirdi bo‘lgan.

Faqiriy 1914—15 yillarda o‘z she’rlarini to‘plab, «Devoni Faqiriy Xorazmiy» ni yaratgan. «Devon» g‘azal, masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas, mustazod, ruboiy, chistoy kabi janrlarda yozilgan she’rlardan iborat. Ularda sevgi va sadoqat, xalqparvarlik, vatanga muhabbat, ma’rifat, adolat, xalqlar do‘stligi, shaxs erki g‘oyalari ulug‘langan.

«Daftari ash’or ul-jadida» («Yangi she’rlar daftari»)da esa Faqiriyning 1916—24 yillarda yozgan she’rlari mavjud. «Ayrilg‘ali», «O‘zingsan», «Bo‘lmag‘ay», «O‘zgacha», «Ayo dilbar», «Ko‘rgach», «Surating» radifli g‘azallarida samimiy muhabbat, oshiq iztiroblari mahorat bilan tasvirlangan. She’rlarining ko‘pi real, hayotiy taassurotlar asosida yozilgan.

So‘nggi yillarda yozilgan bir turkum she’rlari «Yug‘urumiya» tuplamiga kiritilgan (1923). «Devon»ning shoir qo‘li bilan ko‘chirilgan nusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №7679).