O‘zbekiston san’at arbobi, taniqli pedagog olim, adabiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov 1930 yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlog‘ida tug‘ilgan. 1954 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1954—1958 yillarda «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan.
1958 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga o‘qishga kirib, 1961 yilda uni muvaffaqiyatli tugallagan va 56 yil davomida ushbu dargohda o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan. 1981 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishgan.
Olim o‘z faoliyati davomida «Inson va mehnat madhi», «So‘nmas yulduzlar», «Asrga tengdosh maktab», «Lesya Ukrainka», «Chiniqish maktabi» singari ko‘plab ilmiy-ommabop asarlar yaratgan. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini ko‘rgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan «Akam haqida» risolasi, «Ezgulikka baxshida umr», «Chingiz Aytmatovning badiiy olami» singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy e’tirof va ehtiromiga sazovor bo‘lgan.
Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan. U mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning «Yuzma-yuz», «Jamila», «Bo‘tako‘z», «Sarvqomat dilbarim», «Alvido, Gulsari!», «Somon yo‘li», «Oq kema», «Erta kelgan turnalar», «Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar», «Asrni qaritgan kun» singari betakror asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib, o‘zbek xalqining badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan. Shuningdek, taniqli rus adibi Aleksandr Bekning «Volokolamsk yo‘lida» romani, qirg‘iz adibi Mirzabek Duysenovning «Imtihon» qissasi ham Asil Rashidov tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga taqdim etilgan.
Asil Rashidovning oliy ta’lim tizimi va o‘zbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvonlari, O‘zbekiston Davlat mukofoti hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
U 2020 yil 15 sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.