Xo‘roz bilan bobo

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir bobo bor ekan. U butun jonivorlarning tilini bilar ekan. Bir kuni bahor vaqtida ho‘kizi bilan eshagi yer haydabdi. Eshagi charchab qolib, ho‘kizga qarabdi va shunday deb o‘rgatibdi:
— Ho‘kiz, sen kasal bo‘l. Bobo bizni azonda qo‘shga olib chiqmasin.
Ho‘kiz cho‘p yemay yotibdi. Bobo eshakning aytgan so‘zlarini eshitgan edi. U o‘sha kuni: — Qassobni olib kelib ho‘kizni so‘ydiraman, u cho‘p yemayapti, — deb chiqib ketibdi. Bobo ketgach, ho‘kiz eshakka:
— Endi nima qilamiz? Meni so‘yadigan bo‘ldi. Endi sening so‘zingga kirmayman, ovqat yeyman, — debdi. Buni eshitgan bobo iljayib qo‘yibdi. Boboning iljayganini ko‘rib, xotini:
— Nega kulasiz? — deb so‘rabdi. Bobo hech narsa deyarini bilmasdan, bir og‘iz debdi: — Ertaga savolingga javob beraman. Boboning xotiniga va’da qilganini xo‘roz eshitib qolibdi. Xo‘roz aytibdi:
— E, xo‘jayinim bitta xotinini so‘ziga kirib, ertaga aytaman, — deb va’da qildi. Men bo‘lsam sir aytaman deb, o‘nta tovuqqa ham va’da qilmayman. Agar xo‘jayin-bobo ertaga shu sirini aytsa, o‘ladi. Xotinning kushandasi — bir tayoq. Xotini nega kulding, deb so‘raganda, javob bermay, yaxshilab jazosini berib ursa, ikkinchi so‘ramaydigan bo‘ladi. Bobo xo‘rozning «Men o‘nta tovuqni boshqaryapman-u, bobo bir xotinini ham boshqarolmaydi», deganini eshitibdi. U bir yaxshi tayoqni tayyorlab qo‘yibdi.
Ertasiga xotini yana qistab so‘ragan vaqtida yaxshilab xotinini uribdi. Shundan so‘ng xotini endi sendan sir so‘ramayman, deb qasam ichibdi. Bobo sirini aytmabdi. U o‘lmay qolibdi. Shuning uchun yomon xotinning jazosi tayoq, deydilar.