Qo‘shni keldi — ko‘mak keldi!

Qadim zamonda bir bechora kambag‘al er-xotin yashar ekan. Ularning ekin ekishga na yerlari, na yeyishga ovqatlari bor ekan. Doim kambag‘alliklaridan nolib yurar ekanlar.
Ularning badavlat bir ko‘shnisi bor ekan. Qo‘shnisining ularga rahmi kelib, yuz tilla beribdi va “uyingni yaxshilab olgin” debdi. Kambag‘al xursand bo‘lib, rahmat aytibdi.
U uyiga kirib ketayotganida, bir qush uning boshida aylanaveribdi. U qo‘shnisi bergan tillalarni sallasiga solib qo‘ygan ekan. Qush uning sallasini olib qochib ketibdi. U qushni quvib, yeta olmabdi. Keyin o‘ylab-o‘ylab, xotiniga aytmaslikka ahd qilibdi. Ular avvalgidek nochorlikda yashayverishibdi. Buni ko‘rgan qo‘shnisi, “haliyam ro‘zg‘orini tiklab ololmabdi-da”, deb bu safar ming tilla beribdi. U ming tilladan yuz tillasiga kiyim-kechak, oziq-ovqat olibdi. Qolgan to‘qqiz yuz tillasini uyida eski bir ko‘zasi bor ekan shunga solib yashirib qo‘yibdi.
Bir kuni u uyda yo‘qligida, lo‘lilar “eski narsalar bormi”, deb so‘rab kelishibdi. Kambag‘alning xotini “bu eski ko‘zaning nima kerash bor”, deb lo‘lilarga berib yuboribdi. Eri kelganidan keyin eski ko‘zani lo‘lilarga berib yuborganini aytibdi. Xotinining gaplarini eshitib, rosa xafa bo‘libdi va unga ko‘zaning ichida to‘qqiz yuz tilla yashirib qo‘yganligini, bularni qo‘shnisi berganini aytibdi.
Xotini, “nega menga aytmagan edingiz?” deb xafa bo‘libdi. Shunday qilib, bir oz vaqt o‘tmasdan, ular yana avvalgidek kun kechiraverishibdi. Qo‘shnisi hayron bo‘libdi, “ming tilla uyini yaxshilab olishga ham, oziq-ovqatlariga, kiyim-kechaklarga ham yetardi, ortib ham qolardi-ku”, deb o‘ylabdi.
Bir kuni u baliq ovlashga bormoqchi bo‘libdi va birinchi ilingan baliqni yana shu kambag‘al qo‘shnisiga berishga ahd qilibdi.
Bir mahal birinchi tutgan balig‘i shunday katta chiqibdiki, uni zo‘rga tortib olibdi. Baliqning kattaligini ko‘rgach, qo‘shnisiga bergisi kelmay qolibdi. Keyin yana o‘z ahdini buzishga uyalib, oxiri baliqni kambag‘alga beribdi. Kambag‘al baliqni ko‘rib, rosa xursand bo‘libdi. “Bu baliqni bir yil yesam ham, tugamaydi”, deb o‘ylabdi. Nihoyat baliqning o‘rtasidan kesishibdi.
Kesib, hayron bo‘lishibdi, uning ichidan bir o‘g‘il bola bilan kalladek gavhar chiqibdi. Avval qo‘rqishibdi, keyin “mayli bu ham yaxshi, farzandimiz yo‘q edi, endi o‘zimiz o‘g‘il qilib olamiz” deb kelishishibdi. Shunday qilib ular bolani mehr bilan tarbiyalay boshlashibdi. Haligi gavharni esa uylariga qo‘yib qo‘yishibdi. U chiroqsiz ham uyni yoritib turar ekan.
Kambag‘alning uyida gavhar borligini eshitib, bir boy o‘z odamini unikiga yuboribdi. Kambag‘al gavharning nimaligini ham, qimmat turishini ham bilmas ekan. Boyning yuborgan kishisi gavharni uch ming tillaga olib ketibdi. Bu pul bilan kambag‘al o‘zini o‘nglab, boyib, yaxshi yashaydigan bo‘lib ketibdi.
Kunlardan bir kun kambag‘al o‘g‘li bilan o‘tirgan ekan, o‘g‘lining ko‘zi daraxtdagi qush bolalariga tushibdi. Bola daraxtga chiqib, qush bolalarini olmoqchi bo‘libdi. Daraxtga chiqib, qush uyasidan bolalarini olayotganida qarasa, uyasi salladan emish. Sallaning ostida bir narsa yaltirab turgan emish. Bola dadasini chaqirib:
— Qushning uyasi salladan ekan, — debdi. Otasi hayron bo‘lib:
— Bu yoqqa olib tusha qolgin, — debdi.
Bola sallani olib tushibdi. Kambag‘al qarasa, o‘sha o‘zining sallasi, orasida yuz tillasi ham turgan emish. U salla bilan tillalarni xotinining yoniga olib boribdi va bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
Er-xotin bilan o‘g‘li juda xursand bo‘lib turishgan ekan, birdan ko‘chadan lo‘lining “kim eski ko‘za oladi” deb yurganini eshitib qolishibdi. Kambag‘alning xotini chiqib:
— Men olaman, — debdi va ko‘zalardan birini o‘n tillaga sotib olibdi.
Bir vaqt ko‘zaga yaxshilab qarasa, o‘zining o‘sha eski ko‘zasi ekan. Ichini qarashsa, o‘sha bir paytlar ko‘zaga solib qo‘yilgan to‘qqiz yuz tilla shunday turgan emish. Ko‘zaning ko‘rinishi juda eski bo‘lgani uchun, ichida biror tuzukroq narsa bo‘lishi hech kimning xayoliga ham kelmagan ekan.
Hammalari rosa quvonishibdi. Qo‘shnisining bergan yordami tufayli kambag‘al o‘ziga to‘q, boy darajaga ko‘tarilibdi. Butun hayoti davomida tinch-totuv, yaxshi hayot kechirishibdi!