O‘g‘ri va podshoh

Bor ekan, yo‘q ekan, avvalgi zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Podshoning xazinasiga bir o‘g‘ri kiribdi va qo‘lga tushib qolibdi. Podsho o‘g‘rini shahar chekkasidagi bir daryo bo‘yiga olib borib, qopga solib, avval toza urishni, so‘ng daryoga tashlab yuborishni buyuribdi. Podshoning buyrug‘iga binoan, o‘g‘rini daryo bo‘yiga olib borishibdi. Lekin uni urgani kaltak topisha olmabdi. Qopning og‘zini bo‘g‘ib qo‘yib, kaltak qidirib ketishibdi.
Shu vaqtda ikkinchi bir shaharning podshosi o‘zining vazirlari bilan ovga chiqib qaytayotgan ekan, daryo bo‘yidagi qopning ichida birovning hadeb: «Men dengizlar podshosi bo‘lmayman», degan ovozini eshitib qolibdi. Buni eshitgan podsho yaqin kelib, voqeani aniqlamoqchi bo‘libdi va qopdagi odamdan nima uchun uni qopga solganlarini so‘rabdi. O‘g‘ri: «Meni dengizlar podshosi bo‘lasan, degan edilar, unamadim, shundan so‘ng meni qopga solib, daryoga tashlaymiz, deb bu yerga olib keldilar», debdi. Podsho:
— Bo‘lmasa sen qopdan chiqqin, men sening o‘rningga qopga tushay, yer yuzida podsho bo‘ldim, endi dengizga ham o‘zim podsho bo‘lay, — debdi. Podsho vazirlarini shaharga jo‘natib, o‘zi qolib qopga tushibdi. O‘g‘ri qutulganiga xursand bo‘lib, qocha boshlabdi.
Kaltak qidirib ketgan odamlar kelib, qopdagi podshoni urib-urib, dengizga tashlabdilar.
O‘g‘ri qochib ketayotib juda ko‘p qo‘y boqib yurgan cho‘ponga duch kelibdi. Cho‘ponlar qo‘ylarni boqish uchun yana bir odam istab yurgan ekanlar. O‘g‘ri shunga to‘g‘ri kelibdi va cho‘pon bo‘lib, ular bilan qo‘y boqa boshlabdi. Bir necha kun o‘tibdi. Bir kun sahar paytida, hamma uxlayotgan vaqtda bir o‘zi qo‘ylarni haydab shaharga kirib boribdi. Buni ko‘rgan vazir hayron qolib, undan:
— Seni podsho o‘limga buyurgan edi. Sen bo‘lsang shuncha qo‘yli bo‘lib qolibsan, bu ish qanday bo‘ldi? — deb so‘rabdilar. O‘g‘ri:
— Meni qopga solib daryoga tashlagan edilar, daryo tagiga tushsam juda ko‘p qo‘ylar yurgan ekan, zo‘rg‘a shularni haydab chiqardim, qolganlari esa, daryo ichida qoldi, — debdi.
Qolgan qo‘ylarni olib chiqish maqsadida podsho bilan vazir o‘zlarini daryoga tashlabdilar.