Bir kuni xo‘roz tulki bilan uchrashib qolibdi. Ular do‘st bo‘libdilar. Ular bir uyga kelib, osh qilmoqchi bo‘lib turganlarida uyga echki kirib kelibdi. Ular osh qilishibdi. Shu vaqt bir narsa dukullab qolibdi. Xo‘roz chiqib qarasa, yo‘lbars emish. Yo‘lbars to‘ppa-to‘g‘ri uyga kirib kelibdi. Tulki o‘rnidan turib:
— Keling, taqsir, — debdi. Echki childirmani qizdirib yo‘lbarsga beribdi. Yo‘lbars ashula aytibdi:
— Childirmani chalaman,
Bo‘lib xushvaqt o‘rgulay.
Echki, xo‘roz, tulkilar
Bo‘lgay ovqat o‘rgilay.
Keyin navbat tulkiga kelibdi:
— Yo‘lbarsdek mehmonimiz
O‘tkir tovush o‘rgulay.
Terisi Boltaboyga
Bo‘lar kovush o‘rgulay.
Yo‘lbars qo‘rqqanidan sekin chiqib qochib ketibdi. Shunda tulki ashulani davom ettiribdi:
— Yo‘lbarsdek mehmonimiz
Qildi “arz” o‘rgilay.
Orqasidan qichqirib,
Qoldi xo‘roz o‘rgilay.
Ular hozir ham ashula aytayotgan emish.