Tulki qo‘shiq aytib ketayotib, ko‘cha muyulishida birdan bir bahaybat qoplonga duch kelib qolibdi. Darrov ta’zim qilibdi:
— Assalomu alaykum, ey hazrati Qoplon. Toleyimdan o‘rgilayki, siz zoti sharifni izlab ketayotib, yo‘ldayoq uchratdim, debdi. Qoplon:
— Xo‘sh, qanday ish bor edi? — degan ekan, tulki:
— Biz uch aka-ukalarmiz. Otamizdan yuzta qo‘y meros qoldi. Shuni qanday qilib, teng bo‘lib olish yo‘lini bilmay ko‘p mushtlashdik, oxiri maslahatlashib siz janoblariga bo‘ldirmoqchi bo‘ldik. Tezroq borib adolat bilan bo‘lib bering, — debdi.
Qoplon tulkini ko‘rgan hamon bir yamlab yutmoqchi edi, ammo uning so‘zini tinglab, ichida: “Avval boray, uch tulki ekan, o‘ttizta bo‘lganda ham bir hamlada mijig‘lab tashlayman. Yuzta qo‘y ham o‘zimga qoladi”, — deb o‘ylabdi-da:
— Xo‘p, bo‘lmasa, boshla, — debdi. Tulki bir jarlik ostiga boshlab kelibdi va qoplonga qarab:
— Siz ovora bo‘lmay shu yerda turaturing. Men xabar olib tushay-chi, og‘aynilarim qaysi tomonda ekan? — deb jarlik tepasiga chiqibdi va u yerdan turib:
— Hoy, ahmoq janoblari, endi ketsangiz ham bo‘laveradi, — debdi.
Qoplon g‘azablanib:
— Nima deyapsan, hoy bu yoqqa tush! — degan edi, tulki:
— Tur ket, dedim, ablah. Senga pishirib qo‘ygan yuz qo‘yu uch tulki go‘shti bormidi?! — deb jar orqasiga tushib ketibdi. Qoplon bo‘lsa so‘lakayini oqizib qolibdi.