Sinchalak

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir sinchalak bo‘lgan ekan. U sinchalak cho‘lda yurib, oyog‘iga tikan kirib ketibdi. Unga alam qilib, tuya oldiga borib:
— Oyog‘imdan tikanimni olib qo‘y, — debdi. Tuya:
— Bor-ey, — debdi. Sinchalak:
— Senimi, qarab tur, bo‘riga yegizaman, — deb bo‘rining oldiga boribdi.
— Bo‘ri, sen ana u tuyani yesang-chi, — desa, bo‘ri:
— O‘zim semiz qo‘ylarni yemay yuribman-u, tuyani yeymanmi, — debdi. Sinchalak:
— Senimi, qarab tur, ovchiga otqizmasammi, — debdi. U ovchi oldiga borib:
— Ovchi-ovchi, sen shu bo‘rini otsang-chi, — desa, ovchi:
— Bor-ey, o‘zimning quyonlarim yotibdi-yu, sening bo‘ringni otamanmi, — debdi. Sinchalak:
— Ha, senimi, qarab tur. Sichqonga o‘q qopingni teshtirmasammi, — debdi. U sichqonning oldiga boribdi.
— Sichqon-sichqon, sen shu ovchining o‘q qopini teshsangchi, — debdi. U:
— Bor-ey, kampirimning suprasini teshmayman-u, sen ko‘rsatgan ovchining o‘q qopini teshaymi, debdi. Sinchalak:
— Ha, joningni olsin, senimi qarab tur, deb mushuk oldiga borib:
— Mushukvoy, mushukvoy, sen shu sichqonni yesang-chi, — debdi.
— Ey o‘rtoq, o‘zimning ilmoqdagi go‘shtimni yemay yotibman-u, sening sichqoningga yugurib ketaymi, — debdi. Sinchalak:
— Hap senimi, qarab tur. Itvoyga talatmasammi, — debdi. Sinchalak yugurib itvoy oldiga borib:
— Itvoy-itvoy, sen shu mushukni talasang-chi, — debdi.
— Bor-e, o‘zimning harom o‘lgan qo‘ylarim yotibdi-yu, endi sening mushugingga yugurib ketaymi, — debdi. Sinchalak:
— Ha, senimi qarab tur, bolalarga urgizmasammi, — debdi. Sinchalak uchib-uchib, bolalar oldiga kelibdi.
— Hoy bolalar. Sizlar itni ursanglar-chi, debdi. Bolalar:
— Yo‘qol! O‘zimiz qimorga yutqizib qo‘yib, alam qilib turibmiz-ku, — deb sinchalakni kesak bilan uribdilar, unga alam qilib:
— Senlarnimi, qarab turinglar, enalaringga urgizmasammi, — debdi. Sinchalak yugurib bolalarning onalariga borib:
— Hoy xolalar, sizlar bolalaringizni ursalaring-chi, — debdi.
— Qoch, yo‘qol u yoqqa. O‘zimizning urchug‘imiz yo‘qolib turibdi. Endi bo‘zimizni tashlab, bolamizni urib ketaylikmi, — debdi.
— Ha, senlarnimi, qarab turinglar, — deb u shamolvoy akaga boribdi:
— Shamol-shamol, ikkimiz borib xotinlarning bo‘zini uzmaymizmi? — debdi. Shamol:
— Bo‘pti-bo‘pti yur, boramiz, — deb bir to‘polang qilib kelib, xotinlarning bo‘zini uzib yuboribdi. Buni ko‘rgan xotinlar alam qilib, bolalarini urib ketibdi. Bolalar borib itni urib ketibdi. It borib mushukni talab ketibdi. Mushuk sichqonga yuguribdi. Sichqon borib merganning o‘q qopini teshib ketibdi. Mergan borib tuyani quvib ketibdi. Tuya borsa, sinchalak yantoqqa qo‘nib turgan ekan. Yantoq bilan sinchalakni yeb qo‘yibdi.