Sher bilan durroj

To‘qayda bir yirtqich sher bor edi. Vahshatda osmon sheridek qo‘rqmas edi. U bolalari bilan o‘ynab, zavqqa to‘lganda, chumolilar uning bolasini talab qiynardi. U o‘zining ajralmas bu boyligi — farzandini og‘ziga tishlab asrar edi.
O‘sha to‘qayda bir durroj (kaklik) ham bo‘lib, bu yirtqich sherning vahmidan doim qo‘rquvda edi. Sher bo‘lsa bolasini og‘zida tishlab, dam-badam to‘qayning goh u yog‘iga borardi, goh bu yog‘iga. Sho‘rlik qush uning tepasida nogahon pirr etib uchsa, sher qo‘rqqanidan seskanib ketar, bolasiga ham tishi botib ketardi. Tishi bilan o‘z bolasini, o‘z jigarporasini yarador qilardi.
Doim unga shu g‘am ichida sham, g‘am emas, motam ustiga motam edi. Bu tashvishdan ko‘ngil ozor topib, u kaklik bilan o‘rtoq bo‘la boshladi. U dedi:
— Mening senga hech qasdim, dushmanligim yo‘q. Xotirjam bo‘lib, meni o‘zingga ishonchli do‘st deb bil. Qo‘rqishni yig‘ishtir, hamdamim, sirdoshim bo‘l, aysh va xursandlik vaqtida birga kuylashadigan bo‘l. Men ham sening kuylaringni eshitib shod bo‘lay, nag‘malaring bilan qayg‘udan ozod bo‘lay. Shart shuki, senga bir ziyon yetsa, falak seni xiyla bilan bandga solsa, marhamat qo‘lini senga yordam uchun cho‘zay, bosh panjam bilan dushmanni yerga barobar qilay. Sadoqat masalasida o‘zimni ko‘rsatib, seni dushman tuzog‘idan xalos aylay.
Sher ko‘p sehr bilan o‘z fikrini tushuntirishga kirishdi. Ham sadoqatli bo‘lishga ahd qildi. Oralarida bir-birlariga shunday muhabbat paydo bo‘ldiki, bunga osmonning o‘zi ham hasad qilardi. Qayerda yirtqich sher dam olib yotsa, atrofida kaklik bemalol uchib yurardi. Sultonning tepasida humo qushi aylanganday, sher boshida kaklik aylanib parvoz qilardi. Sher uning sayrashini eshitib, kuyida yolg‘on borligini fahm qilib der edi:
— Yolg‘on gapirma, yomon bo‘ladi. To‘g‘ri odamlar oldida yolg‘on qoralanadi.
Kaklik pandni eshitmas, o‘zi bilan o‘zi mast, ataylab fig‘onini hech pasaytirmas edi. Bir kuni bir ovchi uni tutish uchun o‘z tuzog‘ini yoygan edi, u don bilan suvni ko‘rib, uning oldiga borgach, ovchi uning ustiga tuzoqni tortdi. Tuzoqda u baxtsiz qichqirib, bir necha bor:
— Dod meni tutdilar! — dedi.
Bu so‘z sher qulog‘iga eshitildi, lekin uning bu ashulasini har galgidek yolg‘on deb o‘yladi. Bunaqa yolg‘onlarni ko‘p eshitgani uchun chin qichqirig‘ini ham yolg‘on deb gumon qildi. U qancha rostakamiga qichqirmasin, rostini ham yolg‘on hisobladi. Uni qutqarish uchun iltifot ko‘rsatmadi, natijada uning hayoti qirqildi. Kimki, beixtiyor rost gapirsa ham, xalq uni yolg‘on deydi.