Qarg‘a bilan kunjut

Bor ekan, yo‘q ekan, burungi zamonlarda bir qarg‘a bilan kunjut bor ekan. Bular ikkalasi bir-biri bilan juda do‘st ekan.
Kunlarning birida qarg‘a hech qayerdan ovqat topa olmasdan juda och qolibdi. Qarg‘a: “Endi ovqatni qay yerdan topaman”, deb o‘ylab turgan vaqtida kunjut esiga tushib qolibdi-da, kunjutning yoniga borib:
— Endi seni yeyman, — debdi. Qarg‘adan bu so‘zni eshitgan kunjut shunday deb javob beradi:
— Sen tumshug‘ingni har xil halol-harom narsalarga suqib yurasan. Sen oldin daryoga borib tumshug‘ingni yuvib kel, so‘ngra mayli, bo‘lmasa meni harom qilasan, — debdi. Qarg‘a uchib daryoning labiga borib:
— Daryo, daryo, bergin suv, chayay tumshuq, yeyay kunjut, — deb aytibdi.
Daryo:
— Sen tumshug‘ingni har xil narsalarga suqib yurasan, borib kuloldan ko‘zacha olgin-da, mendan suv olib tumshug‘ingni chayqa. Bo‘lmasa sen meni harom qilasan, u vaqtda butun xalq harom suv ichishiga to‘g‘ri keladi, — debdi. Qarg‘a kulolga borib:
— Kulol, kulol, bergin ko‘za, boray daryo, olay suv, chayay tumshuq, yeyay kunjut, — deb aytibdi.
Kulol:
— Tuprog‘im yo‘q. Agar tuproq keltirib bersang, tekin ko‘zacha yasab, pishirib beraman, — debdi. Qarg‘aning jahli chiqib tuproqqa borib:
— Tuproq, tuproq, bergin tuproq. Boray kulol, olay ko‘za, boray daryo, olay suv, chayay tumshuq, yeyay kunjut, — debdi.
Tuproq:
— Sen meni tumshug‘ing bilan qaziy olmaysan, borib kiyikning shoxini olib kel. So‘ngra qazib olasan, debdi. Qarg‘a tuproqdan ham xafa bo‘lib, kiyikning yoniga boribdi:
— Kiyik, kiyik, bergin shox, boray tuproq, olay tuproq, boray kulol, beray tuproq, olay ko‘za, boray daryo, olay suv, chayay tumshuq, yeyay kunjut, — deb aytibdi.
Kiyik o‘zi sutsizligidan bolasini qanday to‘yg‘azishni bilmay turgan edi. To‘satdan qarg‘a borib shoxingni ber deganiga hayron bo‘lib turdi-da, so‘ngra:
— Agar sut keltirib bersang, shoximni beraman, — deb javob beribdi. Qarg‘a ochligidan nima qilishini bilmay, sigirga borib:
— Sigir, sigir, bergin sut, boray kiyik, beray sut, olay shox, boray kulol, beray tuproq, olay ko‘za, boray daryo, olay suv, chayay tumshuq, yeyay kunjut, — debdi.
Sigir:
— Sen menga o‘t keltirib bersang, men senga sutimdan beraman, — deb javob beribdi. Qarg‘aga bu yerda ham najot bo‘lmagach, o‘tga borib yuqoridagi so‘zlarni aytibdi. O‘t:
— O‘roq olib kelib o‘rib ol, — deb javob beribdi. Qarg‘a borib temirchidan bitta o‘roq berishni so‘rabdi. Temirchi qarg‘aga bir o‘roq beribdi. Qarg‘a o‘roqni olib, o‘tni o‘rib, sigirga beribdi. Sigirning sutini olib kiyikka beribdi. Kiyikning shoxini olib kulolga beribdi. Kulol tuproq kovlabdi, tuproqni olib ko‘za yasabdi, undan ko‘zani olib daryoga boribdi, daryodan to‘ldirib suv olibdi-da, tumshug‘ini chayqab, kunjutni yeb qornini to‘yg‘azibdi. Shu bilan murod-u maqsadiga yetibdi.