Qaldirg‘och bilan ari

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir ilon bilan ari bolgan ekan. Ilon o‘sha zamonlarda barcha jonivorlarning podshosi ekan.
Bir kuni ilon ariga:
— Sen borib hamma jonivorlarning go‘shtidan totib ko‘r. Qaysi jonivorning go‘shti shirin ekan? — debdi. Ari:
— Xo‘p bo‘ladi, podshohim! — deb yo‘lga tushibdi. Ari barcha jonivorlarning go‘shtidan totib ko‘ribdi-da, orqasiga qaytibdi. Qaytib kelayotgan ekan, qaldirg‘och yo‘liqibdi. Qaldirg‘och gap nimada ekanini anglab:
— Qaysi jonivorning go‘shti shirin ekan, — deb so‘rabdi. Shunda Ari:
— Odamning go‘shtidan shirin narsa yo‘q ekan, — deb javob beribdi. Qaldirg‘och:
— Shuni bilib kelganing uchun men sening tilingdan bir o‘pib olay, — debdi. Ari tilini chiqaribdi. Qaldirg‘och arining tilidan tishlab olibdi. Undan keyin qaldirg‘och bilan ari ilonning oldiga borishibdi. Ilon so‘rabdi:
— Qaysi jonivorning go‘shti mazali ekan? “Ari qurbaqaning go‘shti shirin ekan, deb aytayotir”, — debdi qaldirg‘och. Shundan keyin ilon qurbaqaning go‘shtiga o‘ch bo‘lib qolibdi. Shu-shu bo‘libdi-yu, odam bolasi qaldirg‘ochni o‘ziga do‘st tutibdi.