Bir podsho bo‘lgan ekan. U o‘zini eng aqlli, farosatli va so‘zga chechan, deb hisoblar ekan. Kunlarning birida shu podsho bir necha ming kishilik lashkari bilan shikorga chiqmoqchi bo‘libdi. U qurt-qumursqa, chumoli va hamma hasharotlarga xabar yuborib, o‘n kungacha yer yuziga chiqmaslikka buyruq beribdi. Chunki bu jonivorlar podsho askarlari otlarining tuyoqlari ostida yanchilib ketishlari mumkin edi. Bu xabarni eshitgan chumolilar yo‘lda podshoni poylab, uni o‘z inlarida mehmon qilmoqchi bo‘lishibdi. Podsho sayohatga ketayotib, shahar tashqarisidagi katta yo‘l ustida turgan bir nechta chumolilarga duch kelibdi.
— Bu nima gap? — deb so‘rabdi podsho chumolilarning podshosidan.
— Shohimiz bir kecha biz bilan mehmon bo‘lsinlar, shuning uchun biz qullari yo‘llariga peshvoz chiqib turibmiz, — debdi chumolilarning podshosi. Podsho esa chumolilarni masxara qilib kulibdi va shunday debdi:
— Toza ahmoq ekansan-ku, biz-ku mehmon bo‘lamiz, lekin shuncha odam bilan otlarni yemoq-ichmog‘iga boshingni qotirib ko‘rdingmi? — debdi.
— O‘ylab ko‘rdik, taqsir, sizlarni bemalol mehmon qilishga kuchimiz yetadi, — deb javob qaytaribdi chumolilar podshosi. Bu gapni eshitgan podshoning achchig‘i kelib, shunday debdi:
— Rizqinglarni Xudoyim berar desang, gapingga ishonardim, senlar mehnating bilan bizni to‘yg‘izarmidinglar, qani ko‘raylikchi, — debdi-da, askarlari bilan chumolilarning uyiga mehmon bo‘lishga rozi bo‘libdi. Chumolilar podshosi hamma chumolilarga bir donadan guruch, bir donadan sholi, bir donadan beda guli keltirishni buyuribdi. Chumolilar birozdan keyin biram ko‘p don uyib tashlabdilarki, asti qo‘yavering. Podsho hayron qolibdi. Chumolilar yiqqan donlarning yarmini askarlar bilan otlar bir kecha-kunduzda yeb tamom qilolmabdilar. Podsho esa shu chumolilarning donidan olib, yo‘lga tushibdi. U chumolilarga mensimay qilgan muomalasidan uyalib qolibdi. Podsho orqasiga qaytib, chumoli podsho oldiga kelib:
— Hoy chumoli, nega boshing katta? — deb so‘rabdi. Biz chumolilar ko‘rganimizni boshimizga, terganimizni uyimizga to‘playmiz, shuning uchun boshimiz ham, uyimiz ham katta, — deb javob beribdi chumolilarning podshosi. Podsho yana savol beribdi:
— Unday bo‘lsa, nega beling ingichka, — debdi. Chumoli aytibdi:
— Mehnat qilish uchun belimizni mahkam bog‘laganmiz, shuning uchun belimiz ingichka.
— Xo‘p yaxshi, — debdi podsho, — yana ayt-chi, nega quyruq tarafing yo‘g‘on, — deb so‘rabdi. Chumolilar podshosi javob beribdi:
— Bizga ota-bobolarimiz quldek ishlab, boydek yegin, deb o‘rgatgan, mehnatimizga va topganimizga yarasha qornimiz ham bor, taqsir, — debdi. Tekinxo‘r shoh, mehnatsevar chumolidan yengilib, yana yo‘liga ravona bo‘lib ketgan ekan.