Odil podsho

Qadim zamonda bir podsho o‘tgan ekan. U podsholik qilgan davrda bir kishi bir kishidan yer sotib olibdi. Yer sotib olgan kishi yerni shudgor qilayotganida bir ko‘za oltin chiqibdi. U kishi yer sotgan kishiga aytibdi:
— Sotgan yeringdan bir ko‘za oltin chiqdi, u seniki, olgin.
— Men sotmasimdan ilgari yerni shudgor qilganimda hech narsa chiqmagan edi. Bu sening nasibang, — debdi u ham.
Ikkovi tortishib qolib, podsho huzuriga boribdilar va bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Podsho ularning insofiga qoyil qolibdi.
Podsho vazirlaridan bu oltinlarni nima qilish kerakligi haqida so‘rabdi. Shunda bir vazir:
— Yerdan topilgan oltin podshoniki bo‘ladi, — debdi.
Bu gapni eshitgan podshoning g‘azabi kelib, vazirini saroydan haydab yuboribdi. U shunchalar odil podsho ekan. Podsho u ikki kishidan farzandlari bor-yo‘qligiga so‘rabdi. Yer sotgan kishi bir o‘g‘li borligini, yer olgan kishi esa bir qizi borligini aytibdi. Podshoning qiz bilan yigitni uylantirib qo‘yish haqidagi fikri ularning otalariga ham ma’qul kelibdi.
Keyin to‘y bo‘libdi, to‘yda podsho o‘sha bir ko‘za oltinni ularga beribdi. Yigitning ismi Xorun, qizniki zsa Salima ekan. Yigit bilan qiz uyda suhbatlashib o‘tirganlarida, Salima shunday debdi:
— Xorun, bir gap aytsam rozi bo‘lasanmi?
— Aytaqol, — debdi Xorun.
— Ota-onalarimiz olmagan oltinlarni biz olamizmi? Biz xam olmaylik, shu oltinlarni qaytarib beraylik, — debdi Salima.
Bu gap Xorunga ham yoqibdi. Ular podsho huzuriga borib, oltinlarni qaytarib beribdilar. Podsho bularning aqliga qoyil qolibdi.
Podsho vazirlarini yana yig‘ib, bu oltinlarni endi nima qilish kerakligini maslahatlashibdi.
— Bu oltinlarni o‘sha yerga qaytib ko‘mib qo‘yish kerak, — debdi vazirlardan biri.
— Bu oltinlarga har xil mevali ko‘chatlar sotib olib, yaxshi yerga ekish kerak. Ularni parvarish qilgan odamlarga ham shu oltindan haq to‘lash kerak. Bu daraxtlar mevaga kirganida uni yetim-esirlar, g‘ariblar yeb yuradilar, — debdi yana bir vazir.
Podshoga bu gap ma’qul tushibdi va oltinlarning hammasini shu vazirga beribdi. U har xil mevali daraxtlardan sotib olib, eng yaxshi joylarga ektiribdi. Bir necha yildan keyin bu daraxtlar mevaga kiribdi. Xaligi vazir podshoni va butun xalqni chaqirib, ziyofat qilib beribdi. “Bu mevalarning hammasi yetim-esir, g‘ariblarniki”, deb xalqqa e’lon qilibdilar.