Ko‘zavoy, ignavoy va eshakvoy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir jodugar kampir bo‘lgan ekan. Jodugar kampirdan ozor chekmagan kishi qolmagan ekan. Hatto u ekin-tikinlarni ham payhon qilar ekan. Odamlarni o‘g‘irlab ketib, qonini so‘rib, o‘ldirib yuborar ekan. Ana shu jodugardan ozor chekkan ko‘zavoy jodugarni yo‘q qilish niyatida yo‘lga tushibdi. U ketayotsa, yo‘lda bir igna yig‘lab borayotganmish. Alami ichida ekan. Ko‘zavoy so‘rabdi:
— Senga nima bo‘ldi, ignajon, qayoqqa ketayapsan? — debdi. Shunda ignaning xo‘rligi kelib, ko‘ngli buzilibdi:
— Nega yig‘lamay, mening egamni jodugar kampir o‘g‘irlab ketdi, — debdi. Shunda ko‘zavoy ignavoyga:
— Ikkimizning dardimiz bir ekan. Menga ham jodugar kampirdan alam o‘tgan, undan jabr ko‘rganman. Yur, uni ikkimiz birga izlab topib, jazosini beramiz, — debdi. Ikkisi bir bo‘lib yo‘lga tushibdilar. Ular yo‘lda ketishayotganda jodugardan alam ko‘rgan tuxumvoy, eshakvoylar ham qo‘shilibdilar. Bular yo‘l yuribdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yuribdilar. Oxiri, so‘rab-surishtirib, jodugarning uyini topibdilar. Jodugar uyida yo‘q ekan. Bular jodugar kelguncha, uni qanday qilib qo‘lga tushirib, yo‘q qilishni maslahat qilib olishibdi. Eshakvoy eshikning og‘zida turibdi, ko‘zavoy tokchaga chiqibdi, tuxumvoy o‘choqda, ignavoy sholchaning ustiga to‘shalgan ko‘rpachaning tagiga kirib olibdi. Ular ancha vaqt jodugarni kutishibdi. Bir mahal jodugar charchab, horib kelib, ko‘rpachaning ustiga o‘tirgan ekan, igna “port” etib kirib ketibdi. Ignaning zarbiga chidolmagan jodugar “voy-dod” deb sapchib o‘rnidan turib ketibdi. Qo‘rqib ketgan jodugar tokchaga yashirinaman, deganda ko‘zavoy uning boshiga chiqib olib, chunon uribdiki, jodugarning boshi aylanib, yiqilib tushibdi, u eshikdan qochaman degan ekan, eshakvoy bir tepibdi. Jodugar eshikdan otilib, tashqariga tushibdi. U shoshib qolib o‘choqboshiga borib, yiqilay deganda tuxumvoy “paq” etib yorilib ketibdi. Tuxumvoyning poqillab yorilishidan qo‘rqib ketgan jodugar yuragi yorilib o‘lib qolibdi. Shunday qilib, ular murod-maqsadlariga yetibdilar. Keyin egalarining oldiga borib, qilgan ishlarini gapirib beribdilar. Odamlar jodugardan qutulishib, shod-u xurramlik bilan umr kechiribdilar.