Johil podsho va Abu Ali

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podsho bor ekan. Uning bir suyukli xotini va bir qizi bor ekan. Podshoning xotini bedavo dardga chalinib, qattiq kasal bo‘lib, yotib qolibdi.
Podsho mamlakatning barcha qishloq va shaharlaridan tabiblar chaqirtirib, xotini dardiga davo topishni buyuribdi.
Ularning davolashlari ham, dori-darmonlari ham zoye ketibdi. Bemor hech tuzalmabdi. Uning ahvoli kundan kunga og‘irlashib, oxiri dunyodan ko‘z yumadigan bo‘libdi.
O‘lim haq ekanligini tushungan xotin erini chaqirib, unga oxirgi istagini bildiribdi.
— Taqdir ekan, mening hayotim quyoshi botmoqda, men olamdan o‘taman, — debdi xotin. — Siz boshqaga uylanasiz, faqat bir istagim bor: xushaxloq, rahmdil, bolajon va mehribon bir ayolga uylaning, toki u qizimning ko‘z yoshini oqizmasin.
Podsho va’da beribdi. Xotin dunyodan o‘tibdi. Oradan bir necha yillar o‘tib ketibdi. Bir kuni qizi podshoga:
— Otajon, nega uylanmaysiz? — debdi.
— Qo‘rqaman, qizim, — debdi podsho. — Uyimizga begona xotin kelib, seni xafa qilib qo‘ymasin, deb qo‘rqaman. Agar kelgan ayol sen bilan chiqisha olmasa, men onang ruhi oldida gunohkor bo‘laman. Agarda sen mening uylanishimni juda-juda istasang, unda o‘zing bir xotin top, u sening didingga mos bo‘lsin va senga o‘z onangdek mehribon bo‘lsin.
— Xo‘p bo‘ladi, — debdi qiz va otasiga yoqadigan xotin izlab ketibdi. So‘roqlay-so‘roqlay bir juvonni topibdi-da, otasini uylantiribdi.
Darhaqiqat, juvon xuddi otasi aytgandek, bag‘rikeng, ko‘ngli saxiy, barchaga mehribon ayol ekan. Qizni o‘z farzandidek ko‘ribdi. Ular ona-boladek totuv yashab ketishibdi.
Ammo taqdirni qarangki, bu baxtli va osuda hayot ham uzoqqa cho‘zilmabdi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas bu xotin ham kasalga chalinibdi. Uning o‘ng tomoni falaj bo‘lib qolibdi. Uning o‘ng qo‘l, o‘ng oyog‘i ishlamay qolibdi, o‘ng ko‘zi ko‘rmas, o‘ng qulog‘i eshitmas ekan.
Podsho bosh tabibni chaqirtiribdi. U barcha tabiblar va shogirdlari bilan maslahatlashib, dori-darmon qilibdi. Lekin hech nafi bo‘lmabdi. Podshoga xabar berishibdi. Podshoning g‘azabi qo‘zib ketibdi.
— Bu qalloblar xalqdan pul undirishni bilar ekanlar, xolos, — deb shovqin solibdi u, — xalqni shilib yeydilar-u, ularning muolajasidan hech kimga naf yo‘q. Ular faqat yarmi kasal bo‘lgan xotinimni ham tuzata olmabdilar. Bunday bilimsiz tabiblar kimga kerak?! Qirq kun muhlat beraman: yo xotinimni tuzatishadi, yo mamlakatdan hammasini quvib chiqaraman!
Buni eshitgan tabiblar oyog‘i kuygan tovuqday pitirlashib qolishibdi. Tabibboshi ularni yig‘ib maslahat boshlabdi:
— Bu podshoh bekor gapirmaydi, — deyishibdi ular. — U aytganini qiladi. Bir chora topmasak, bizlarni sarson-u sargardon, xalq oldida sharmandayi sharmisor qiladi. Keyin hech kim bizga kelmay qo‘yadi.
Maslahat janjalga aylanib, uzoq davom etibdi. Har biri o‘zining gapini ma’qullab, o‘zganikini rad etar ekan. Shunday qilib ular uzoq vaqt bir qarorga kelisha olmabdi. Oxiri ulardan biri:
— Falon joyda bir shahar bor. O‘sha yerda Abu Ali ibn Sino ismli yosh tabib yashaydi. U tibbiyot ilmini juda yaxshi bilar emish, biz bilmaydigan narsalarning ko‘pidan xabardor bo‘lsa kerak. O‘shanga odam yuborib, maktub bilan murojaat etsak, ajabmaski, holimizga achinib yordamga kelsa. U, albatta, bu dardning davosini topsa kerak.
— Juda yaxshi, — deyishibdi hammalari.
Shu zahotiyoq xat yozishibdi-da, oralaridan ikki kishini vakil saylab Abu Ali shahriga chopar qilib yuborishibdi.
Maktub borib yetishi bilan Ibn Sino ertasigayoq yo‘lga chiqib, shaharga yetib kelibdi.
Tabiblar uni kutib olib, podsho saroyiga olib borishibdi. Ular podsho taxti oldida yer o‘pib salom berishibdi va:
— Biz olampanoh zavjiyalarini muolaja etgali keldik, — debdi tabibboshi. — Bergan muhlatingiz qirq kun to‘lmasdan burun ayolingizni sog‘-salomat ko‘rgaysiz, degan umid bilan keldik.
— Inshoolloh, — deyishibdi qolgan tabiblar.
— Anavi navqiron yigit kim? — debdi podsho bir chekkada indamay turgan Abu Aliga ishora qilib. Men uni birinchi ko‘rishim.
— Bu buxorolik olim Husayn, — deyishibdi ular. — Xotiningiz dardining davosini shu yigit biladi.
— Xo‘p, unday bo‘lsa, sizlar nima qilib yuribsiz, barchangiz yo‘qoling bundan. Abu Alining o‘zi qolsin.
Hammalari chiqib ketishibdi. Podsho avval ham Abu Ali haqida eshitgan ekan. Endilikda esa, shunday donishmand olimning kelganiga o‘zida yo‘q sevinib ketibdi. Ibn Sinoga alohida uy ajratish, ikki xizmatkor va ikki joriya ajratish haqida buyruq beribdi. Ular Abu Alining aytganini darhol bajo keltirishar ekan.
Ikki kundan keyin podsho Abu Alini haramga olib kelibdi.
Ibn Sino bemor xotin bilan parda orqasidan suhbatlashib, uning kasali nimada ekanini bilib olibdi va podshoga yuzlanib:
— Xotinlar hammomini yoqishga buyuring, — debdi. — Hammom qizishi bilan bemorni olib kirib yotqizishsin va yolg‘iz qoldirib chiqib ketishsin. So‘ng nima qilish kerakligini aytaman.
Hammomni yoqib, bemorni issiqxonasiga olib kirib yotqizib chiqishibdi. Abu Ali esa cho‘rilardan birini chaqiribdi. Uni erkakcha kiyintiribdi, mo‘ylov yopishtiribdi va:
— Ana endi hammomga kigin-da, bemor xotinga yopish. U dodlab qochsa, qo‘lidan mahkam ushlab o‘zingga tort, — debdi.
Cho‘ri xuddi shunday qilibdi. U hech kimga ko‘rinmay bemor yoniga kiribdi. Podsho xotini “erkak” kishini ko‘rib, cho‘chib ketibdi va baqira boshlabdi. Bir qo‘lini yerga tirab o‘rnidan qo‘zg‘alibdi. Cho‘ri esa uning qo‘lidan mahkam ushlab bag‘riga torta boshlabdi. Bemor undan qutulib qochishga intilibdi. Qattiq vahimadan ko‘zlari ola-kula bo‘lib, qandaydir kuch-quvvat paydo bo‘libdi. Falaj qo‘l-oyoqlari ham harakatga kelibdi.
Podsho bo‘lsa o‘zining qabulxonasida o‘tirar ekan. Bir mahal uning ko‘ngliga shubha tushibdi. “O‘z qo‘lim bilan jufti halolimni yalang‘ochlab hammomda qoldirishga buyruq berdim”, deb o‘ylabdi u, “sinalmagan bu tabib kirib uni yalang‘och ko‘rsa nima bo‘ladi?! Unda bu xotin menga harom bo‘ladi-ku!” Podsho shunday xayollar bilan joyida ham tinch o‘tirolmay hammom tomon yo‘l olibdi. Hammom tomiga chiqib, gumbazdagi darchadan qarabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir erkak kishi xotinini og‘ushiga tortayotgan emish. Xotini esa unga qarshi olishayotgan emish.
— Yo Allox, — deb tomdan sakrab tushibdi podsho. — Men nima qilib qo‘ydim?! Sharmanda bo‘ldim-ku! Endi bu isnodga qanday chidayman?!
Ammo xotinining begona erkakka qarshi olishyotganini o‘ylab biroz tinchlanibdi. Birozdan keyin yana o‘zini o‘zi koyiy boshlabdi: “Sharmandalik evaziga tuzalishining nima keragi bor?! Yo‘q, bo‘lmaydi, endi u menga harom! Boshqa erkak uni yalang‘och ko‘rsa-yu, men uni xotin qilsam? Yo‘q, endi unday xotin menga kerak emas! Men uni ham, Abu Alini ham o‘ldiraman. Har ikkisining ham boshini uzaman!..”
Podsho shunday o‘ylar bilan o‘z xonasiga kirib ketibdi. Devorda osig‘liq qilichini olib, hammomga yuguribdi. Jahl bilan hammom eshigini ochib ichkariga qadam tashlabdi.
Qilich ko‘tarib kirgan podshoning vajohatini ko‘rgan cho‘ri xotin ishning tagiga yetibdi va tezda mo‘ylovini yulib tashlab, boshidagi sallasini olib yerga uribdi. Soch o‘rimlari yelkasiga tushibdi.
Podsho hayron qolib qo‘lidagi qilichi tushib ketibdi. Bemor xotin ham hayratidan lol qolibdi. Uchalasi biror so‘z deyolmay bir-birlariga qarab turishibdi.
Podsho o‘ziga kelgach, tez-tez qadam tashlab hammomdan chiqib ketibdi. To‘ppa-to‘g‘ri taxtiga borib o‘ltiribdi-da, Ibn Sinoni chaqirtiribdi.
— Abu Ali, — debdi podsho, huzuriga tabib yetib kelgach, — Bu nima qilganing? Bu nayrangbozlikning siri nimada? O‘takamizni yording-ku!
— Shunday qilmasam bo‘lmasdi, shohim, — debdi Abu Ali. — Xotiningiz dardining davosi shul edi. U qattiq hayajon yo qo‘rquvga tushmasa, tuzalmas edi. Jufti halolingizni nomahram erkak yalang‘och ko‘rmasin, deb shunday hiyla ishlatdim. Cho‘ri xotinni erkakcha kiyintirib hammomga kiritdim. Mana, bemor xotiningiz shifo topdi.
Podsho o‘zida yo‘q suyunganidan Abu Aliga behad sovg‘alar beribdi, ular orasida ikki g‘ulom va ikki kanizak ham bor ekan.
— Yana nima istaysan? — debdi Abu Aliga. — Tila. Barcha istagingni bajo keltiraman.
— Olampanoh, — debdi Abu Ali, — Menga hech narsa kerak emas. Eshitishimga qaraganda, saroyingizda katta kutubxona bor emish. Unda “kimyo”, “limyo”, “simyo” fanlariga oid kitoblar bor emish. Bu kitoblarda sir ko‘p. Arablar bu ilmlarni “Kulluhu sirrun”, ya’ni dunyoning “hamma sirlari” deganlar. Menga ruxsat etsangiz, men kutubxonangizga kirib, shu kitoblarni o‘rgansam.
Podsho kutubxona kalitini Abu Aliga tutib, debdi:
— Mana ol, borib hammasini o‘qi, xohlagan joylarini yozib ol.
Abu Ali juda sevinib ketibdi. U uzoq vaqt kutubxonadan chiqmay, kitob mutolaa qilibdi, kerak joylarini ko‘chirib, yozib olibdi. Oxiri u har biri ming sahifalik beshta kitobni ajratib olib, rosa yodlabdi va qo‘shimchalar qilib, to‘ldirib, qayta yozib chiqibdi. So‘ngra u podsho huzuriga kelib:
— Shohim, men o‘z shahrimga ketmoqchiman, onam menga intizor bo‘lib kutib o‘tirgandir, ijozat bersangiz u bilan diydor ko‘rishsam, — debdi.
— Yo‘q, — debdi podsho, — sen shu yerda qolib, doim mening yonimda, menga shifokor bo‘lishing kerak.
Abu Ali indamay g‘amgin uyiga yo‘l olibdi.
Podshoning qizi bu gapdan xabar topib, otasi yoniga yetib kelibdi.
— Otajon, — debdi qiz, — agar siz Abu Alining bu yerda qolib ketishini istasangiz, uni o‘zingizga kuyov qilib oling.
— Yo‘q, — debdi podsho, — men unday qilolmayman. U sening tenging emas. Unday qilsam a’yonlar va boyonlar mendan kuladilar.
Podshoning bu gapi Abu Ali qulog‘iga yetibdi va unga qattiq botibdi. U podsho huzuriga bir xizmatkorini yo‘llab debdi:
— Bor, podshoga borib ayt, men bunda turolmayman. Ilm-u fanning qadriga yetmaydigan, nodon, johil amaldorlarni olimlardan yuqori qo‘yadigan podsho qo‘l ostida bir kun ham yashay olmayman!
Shu so‘zlar bilan xizmatkorini jo‘natib, o‘zi kechasi shahardan chiqib ketibdi.
Abu Ali qochib ketaversin, endi so‘zni podshodan eshiting.
Xizmatkor borib Abu Ali so‘zlarini podshoga yetkazibdi. Uning g‘azabi qo‘zib:
— Boring, o‘sha tiliga kuchi yetmagan yaramasni mening huzurimga olib keling! — deb buyuribdi.
Navkarlar yugurib borishibdi. Ammo “Karvon o‘tib, manzil huvillab qoldi,” deganlaridek, Abu Alidan nom-u nishon topisholmabdi.
— Abu Ali boshqa shaharga qochib ketibdi, — deyishibdi podshoga kelib.
— Nega endi uni qochirdinglar, kim qochirdi! — baqiribdi podsho. — Usiz endi men nima qilaman!
— Biz uning siz bilan achchiqlashib qolganidan bexabar qolibmiz, — deyishibdi mulozimlar. — Uning qochib ketishini xayolimizga ham keltirmabmiz. Agar bilganimizda ushlab qolardik.
Podsho Abu Alini tutish rejalarini o‘ylab o‘yiga yetolmabdi va qiziga:
— Endi nima qilamiz? — debdi.
— Hoziroq odam yuborib shahrimizdagi hamma naqqosh-musavvirlarni yig‘ing, — debdi qiz. — Ularga Abu Alining suratini qirq nusxa chizdiring. Keyin suratlarni sizning farmoningiz bilan qo‘shib barcha shahar hokimlariga jo‘natamiz. Ular rasmlarni shahar darvozalariga osib qo‘yishadi. Abu Ali paydo bo‘lsa, soqchilar uni tutib, shahar hokimiga topshirishadi. Hokim esa uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab sizga jo‘natadi.
— Barakala, qizim! — debdi podsho, — Juda yaxshi tadbir topding.
Podsho qizining aytganini bajo keltiribdi.
Ammo do‘stlari bu gaplarni Abu Aliga yetkazishibdi. U zudlik bilan podsho qo‘l ostidagi shaharlardan o‘tib ketibdi.
U qirq kecha-yu qirq kunduz yo‘l yurib, Alvand tog‘i etaklariga yetibdi. U yerga chodir tikibdi va barcha do‘stlari, shogirdlarini taklif qilibdi.