Xo‘jamurod

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bo‘ri bakavul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, tovuq qaq etdi, bilmadim qaqqa ketdi.
O‘tgan zamonda bir cholu bir kampir bo‘lgan ekan. Cholu kampir oz emas, juda ko‘p — roppa-rosa o‘n besh farzand ko‘rishibdi. Ular o‘lib-o‘lib, bittagina farzandi qolibdi. Chol-kampir o‘ylab-o‘ylab, bolaning otini Xo‘jamurod qo‘yishibdi. Bola ko‘p qiyinchiliklarda och qolib, to‘q qolib, o‘n yetti yoshga boribdi. Ne-ne umidlar bilan o‘stirgan enasi ham o‘lib ketibdi. Otasi yosh, chiroyli bir qizga uylanibdi. Tirikchilikdan juda ham qiynalishgach, ota-bola ikkalasi bir boyning zig‘irini baholab olishibdi. Kunlardan bir kuni zig‘ir g‘arq pishganini ko‘rgan ota-bola uni o‘rishga chiqishibdi. Zig‘ir o‘rimining uchinchi kuni bir o‘q tekkan tuvaloq osmonda uchib kelib, to‘ppa-to‘g‘ri Xo‘jamurodning oldiga dumalab tushibdi.
Xo‘jamurod darrov tuvaloqning kallasini uzib tashlab, zig‘ir dastasining tagiga berkitib qo‘yibdi. O‘zi hech narsani ko‘rmagandek bo‘lib, o‘rishni davom ettira beribdi. Bir vaqt uzoqdan osmonga chang ko‘tarilibdi. Ota-bola bundoq qo‘llarini peshonalariga qo‘yib tiklab qarashsa, bir mergan ot choptirib, bular tomon kelayotgan emish. Mergan Xo‘jamurodning oldiga kelib, «hormanglar!» debdi.
Xo‘jamurod:
— Ha, o‘zimoq turibman, — debdi. Mergan:
— Hoy bola, shu tomonga yaralangan bir tuvaloq uchib keldimi? —  debdi.
Xo‘jamurod:
— Ha, zig‘irni ikki chorakka baholab olganmiz. Shu arzonmi, qimmatmi? —  debdi.
Mergan tutaqib:
— Zig‘irni so‘ramadim, bir tuvaloq o‘tdimi, deb so‘rayapman, — debdi.
— Otam charchab qoldi, o‘zim o‘ryapman, — deb javob beribdi Xo‘jamurod.
Mergan bir so‘kinib, otini choptirganicha keta beribdi.
Kechqurun Xo‘jamurod haligi tuvaloqni qo‘ygan joyidan olib, ko‘tarib onasining oldiga kelibdi. Xo‘jamurod enasiga qarab aytibdi:
— Mana bu tuvaloqni qaynoq suvda ivitib, patini yulib, osh qilib, ustiga bosib bering.
Xo‘jamurodning ikkinchi enasining uchta o‘ynashi bor edi. Enasi o‘ylab turib: «Tuvaloqni xudo olgur Xo‘jamurodga pishirib berguncha, uni aldab, o‘ynashlarimga tayyorlaydigan oshimning ustiga bosganim yaxshi emasmi», deb tuvaloqni yaxshilab pishirib, berkitib qo‘yibdi. Keyin: «Pisht, hay pisht, yer yutgur, pisht», deganicha qichqirib, qarg‘ab tomning orqasiga yugurib qolibdi. Xo‘jamurod chopib kelib:
— Ha, ena, nima bo‘ldi? —  deb so‘rabdi.
— Tuvaloqni pishirib qo‘ysam mushuk o‘lgur opqochib ketdi, har qancha qilsam ham unga yeta olmay qoldim. Harom-o‘lgur, qo‘shnining ola mushugi juda yaramas chiqdi, — deb javob beribdi enasi.
Enasining tuvaloqni berkitib qo‘yib, hiyla-nayrang qilayotganligini Xo‘jamurod payqagan ekan:
— Ha, mayli, ena, tuvaloq kimga buyurgan bo‘lsa, o‘sha yeydi-da. Mushukka nasib qilgan ekan, u yeya qolsin! —dgb yenasini tinchlantirgan bo‘libdi.
Ota-bola juda charchaganligidan, o‘sha kuni har kungidan ko‘ra ertaroq yotishibdi. Azon pallasida turishib, chala-chulpa choy ichishib yana zig‘ir o‘rog‘iga jo‘nashibdi. Bnr oz yurishgach, Xo‘jamurod otasiga:
— Ota, meni ichim og‘rib qoldi. Siz keta bering, bir ozdan keyin yetib olaman, — deb orqasiga qaytibdi.
Uyga kelib, tomning ustiga chiqib olibdi. Buni hech kim payqamabdi. Xo‘jamurod tomning tepasida mo‘ridan uyning ichini kuzatib, poylab yota beribdi. Bir vaqt enasining uch o‘ynashi haybat bilan kirib kelibdi. Enasi ularni ikki bukilib, xursandchilik bilan kutib olibdi. Kayf-safo, maishat boshlanib ketibdi. Bazm avjiga chiqqanda ayol o‘ynashlariga qarab:
— Shoshmanglar, azizlarim! Haligi darbadar Xo‘jamurod bir tuvaloq urib kelgan ekan. Ena, pishirib, oshga bosing, degan edi, men uni aldab bekitib qo‘ydim. Hozir osh qilib tuvaloqni osh ustiga bosib olib kelaman, — debdi.
Shunda o‘ynashlari:
— Yo‘q, bizning vaqtimiz yo‘q. Zangdagi zig‘irlarni o‘rgani ketayotibmiz, — deyishibdi.
Xotin xiralik qilib:
— Boradigan joylaringni aytinglar. Men oshni pishirib, o‘sha yerga olib boraman, — debdi.
— Biz do‘konga chiqib uchta qovun olib, qovunni so‘yib karch qilib yeb, po‘chog‘ini tashlab keta beramiz. Sen o‘sha po‘choqqa qarab bizni qayerda ekanligimizni topib olasan, — debdi o‘ynashlaridan biri.
Uchta o‘ynashi ko‘chaga chiqib, uchta katta qovun olib, karch qilib yeb, po‘chog‘ini tashlab ketaveribdi.
Xo‘jamurod bu gapni eshitib olgan ekan, ularning orqasiga tushib, tashlagan po‘choqlarini etagiga terib bu ham ketaveribdi. Xo‘jamurod choponini etak qilib po‘choqni terib olibdi-da, keyin otasi ishlayotgan zig‘irpoyaga qarab ketibdi. U yo‘l-yo‘lakay birma-bir po‘choq tashlab ketaveribdi.
Bir vaqt Xo‘jamurodning ikkinchi onasi seryog‘ oshni qilib, ustiga tuvaloqni bosib, tovoqni boshiga qo‘yib ko‘chaga chiqibdi. Ko‘chada onda-sonda tashlab ketilgan qovun po‘choqqa qarab ketaveribdi-ketaveribdi, bir vaqt qarasa, o‘zining eri bilan Xo‘jamurodning oldidan chiqib qolibdi. Xo‘jamurod enasini ko‘rib:
— Ho‘, barakalla, enajon. O‘zi ham vaqtida keldingiz. Qorinlar juda ochgan edi. Nima ovqat olib keldingiz? Oshmi, qatlamami? —  debdi.
Enasi noiloj oshni olib kelib, ota bilan bolaning oldiga qo‘yibdi. Xotin bundoq yon-atrofga qaragan ekan, bulardan uzoqda zig‘ir o‘rayotgan uch o‘ynashini ko‘rib qolibdi. Xotin ularni tanib, Xo‘jamurodga:
— Iya, o‘g‘lim, hu anavi uchta kishini ham ovqatga aytib kelsang bo‘lmaydimi. Osh katta; hammangizga yetib-ortib ham qoladi, — deb qistayveribdi.
Enasi hadeb qistayverganidan keyin Xo‘jamurod ola otini minib, choptirib, enasining uch o‘ynashining oldiga jo‘nabdi. Ularning oldiga borib:
— Hoy odamlar, sanlar uchoving mening enamning o‘ynashi ekansizlar. Buni otam bilib qopti, hozir enamni boplab adabini beryapti. Keyin bu yerga kelib uchalangni birdan so‘yar ekan. Mening sizlarga rahmim kelib, ogohlantirgani ot choptirib keldim. Otam chopqir otini minib, shu tomonga yurib qolsa, o‘ldim deyaveringlar. Yaxshisi, otam kelmasdan oldinroq jonlaringni saqlab qolinglar, — debdi.
Xo‘jamurod otini choptirganicha qaytib enasining oldiga kelibdi. Enasiga qarab shunday debdi:
— Ena, o‘roqchilarning oldiga borib, oshga yuringlar desam, unashmadi.
Enasi unga bir xo‘mrayib qo‘yib, endi otasini qistabdi:
— Boring oshga aytib keling. Ular u yerda ishlab tursinu, sizlar bu yerda uyalmay ovqatlanasizlarmi? Uyalishayotgandir, qistasangiz, albatta kelishadi.
Chol ham ola otga minib, o‘roqchilarning oldiga jo‘namoqchi bo‘lib turganda, Xo‘jamurod:
— Ota, men qaytayotganda ana u yerda bedani ko‘rdim, o‘shani ham o‘rib olib keling deb otasining qo‘liga katta bir panshaxa beribdi. Otasi panshaxani qo‘liga olgan zamon bolasi otni qamchi bilan bir-ikki savalabdi. Qamchining zarbiga chiday olmagan ot cholni olib qochibdi. Og to‘ppa-to‘g‘ri haliti o‘roqchilar tomonga quyundek uchib ketaveribdi. Buni ko‘rgan uch o‘roqchi «bolaning aytgani to‘g‘ri ekan, otasi panshaxa ko‘tarib bizni o‘ldirgani kelyapti» deb, qochib qolishibdi. Buni ko‘rib chol orqasiga qaytibdi:
— Tavba, oshga desa qochadi-ya! Hayronman. Xo‘jamurod u yoqqa ag‘anabdi, oshdan olibdi, bu yoqqa ag‘anabdi, oshdan olibdi. Qornini rosa to‘yg‘azib, tovoqni enasining qo‘liga berayotib shunday debdi:
— Barakalla, enajon. Oshni rosa boplabsiz, mazza qilib yedik.
Enasi ichida: «Osh yemay zaharni yegin!» debdi-da, jahl bilan tovoqni olibdi. Kech kirgach, uchovlari uyga qaytishibdi. Ota-bola o‘z joylariga yotishibdi, ertan-azonda o‘rinlaridan turib naridan-beri choy ichib tag‘in zig‘ir o‘rgani jo‘nashibdi.
Bir oz yurganlaridan keyin Xo‘jamurod yana:
— Ota, mening ichim og‘rib qoldi, siz boravering, men ichim bosilgach, yetib boraman, — debdi.
Otasi: «Xo‘b, bolam», deb ketaveribdi. Xo‘jamurod to‘g‘ri uyiga kelib, tomga chiqibdi-da, mo‘rining yonida uy ichiga quloq solib o‘tiribdi. Xo‘jamurodning bu ishini bu gal ham hech kim payqamabdi. Bir payt eshikning sekin-sekin taqillagani eshitilibdi. Enasi borib eshikni ochibdi. Ichkariga yana haligi uch odam kirib kelibdi. Enasi ularni izzat-ikrom bilan kutib olib, to‘rga solingan qalin ko‘rpa-to‘shak o‘rindiqqa o‘tqazibdi. Choy qaynatib, dasturxon yozibdi. Dasturxon ustida turli nozu ne’matlar, shirin-shakar mevalar bor emish. «Ha, la’nati, — debdi Xo‘jamurod, — biz ota-bola yil o‘n ikki oy bunday shirinliklarni ko‘rmaymiz. Qani, bu yog‘ini kuzatay-chi, nima bo‘lar ekan».
Enasi o‘ynashlarining birini tizzasida o‘tirib, erkalanib, yyg‘lamsirab:
— Kecha, oshni qilib tuvaloqni ustiga bosib, po‘choqni belgi qilib, adashib Xo‘jamurodlarning oldiga borib qolibman. Sizlar ham o‘sha yerda ekansizlar. Xo‘jamurod yer yutgurdan ayttirsam, nimaga kelmadinglar. Sizlarga tayyorlagan palovimni, ajalingdan besh kun avval o‘lgur chol bilan uning yetimcha o‘g‘li mazza qilib yedi qo‘ydi, — debdi.
— E, nimasini aytasan, — debdi ulardan biri, — Xo‘jamuroding oldimizga kelib, «yuring, oshga!» demadi-da. Bizni qo‘rqitib: «Senlar mening enamga o‘ynash ekansizlar. Otam buni payqab qolibdi. Shuning uchun ham ertalabdan beri sizlarni qidirib yuribdi, basharti otam sizlar tomon yurib qolsa, qochib qolinglar, bo‘lmasa uchalang ham o‘lasan», dedi.
Xo‘jamurodning enasi: «Voy sho‘rim, Xo‘jamurod payqab qolibdi-da, sizlar tashlagan qovun po‘choqni o‘sha terib olib, o‘zi tomonga tashlab ketgan ekan-da. Shu Xo‘jamurod yetimchani o‘ldirib bo‘larmikin. Xudo shunga ham o‘limni yuborarmikin», debdi.
— Qibla tomondagi Lagalaga ota mozorida bir gumbaz bor. Shu gumbazning ichiga kirib, «Lagalaga ota!» deb uch marta chaqirsa, «Labbay!» degan ovoz kelar emish. «Falonchi qachon o‘ladi» deb so‘rasa, «falon kuni, falon sabab bilan o‘ladi», deb aytib berarmish. O‘sha yerga borib, Xo‘jamurodning qachon o‘lishini bilib kelsa bo‘lar! — deyishibdi o‘ynashlari.
Enasi o‘ynashlari bilan kayfu safoni tugallagandai keyin, uchta o‘ymani qilib olib, Lagalaga ota mozori qaydasan, deb jo‘nab qolibdi.
Bu gaplarni eshitib turgan Xo‘jamurod tomdan sakrab tushibdi-da, enasidan oldin Lagalaga ota gumbazining orqasiga borib kichik bir teshikchadan gumbazning ichiga qarab o‘tiraveribdi. Bir vaqt enasi kelib, o‘zini gumbazning ichiga uribdi. U «Lagalaga ota, Lagalaga ota, ho, Lagalaga ota», deb uch marta chaqiribdi. Ayol uchinchi bor chaqirganida gumbaz tomidan «Hooo…» degan ovoz kelibdi. Shunda ayol:
— Mening bir Xo‘jamurod degan yetimcham bor. Shunga ham o‘lim bormi? — deb baqiribdi.
Xo‘jamurod:
— Ha, unga ham o‘lim bor! —debdi.
— Nima qilsam o‘ladi? —  debdi ayol.
— Uchta semiz do‘non qora qo‘yni bir kunda so‘yib, yog‘ini eritib, xumga quyib, go‘shtini tuzlab, zira-kashnichlab, dorga osib, har kuni bir martaba palov, bir marta sho‘rva qilib, Xo‘jamurodga yedirib, parvarish qilasan. Bu yog‘-go‘shtdan boshqa kishi yemasligi kerak, agar yeb qo‘ysa o‘sha zahoti o‘ladi. Yog‘dan bir oshlik qolganda Xo‘jamurodingni ko‘zi og‘rib o‘ladi.
Xo‘jamurodning enasi:
— Ovozingizdan o‘rgilay, Lagalaga ota, — deb gumbazdan chiqib ketibdi. Yo‘lda poylab turgan uch o‘ynashiga Lagalaga otaning aytganlarini birma-bir gapirib beribdi. Ular ham suyunishib: «Nomingizdan aylanay, Lagalaga ota», deyishibdi. Haligi o‘nnashlarnint har biri bittadan uchta katta, semiz qo‘chqor olishib, ayolning uyiga kelishibdi. Qo‘yni so‘yib, yog‘ini xumga, go‘shtini tuzlab, kashnich-ziralar sepib, dorga osib qo‘yishibdi.
Enasi har kuni Xo‘jamurodga yog‘liq palov, sho‘rva qilib beraveribdi. Haddan ziyod mehribonlik qilibdi. Qo‘yning yog‘i bilan go‘shtidan boshqa hech kimga bermabdi. Axir, Lagalaga otaning: «Bu qo‘yning go‘shtidan kimda-kim yesa o‘sha zahoti o‘ladi», degani yodida ekan-da. Xotinning eri ham hayron. Nima bo‘layotganligini, xotinining o‘g‘liga bunchalik mehribonligining sababini hech anglab yetmabdi.
Xo‘jamurod kundan-kunga semirib, yetilib kuchiga kuch, quvvatiga-quvvat qo‘shilibdi. Oradan bir kam qirq kun o‘tibdi. Xo‘jamurod, yog‘dan qancha qoldiykin, deb qarasa, xumning tagida bir oshlik yog‘ qolibdi. Enasi oxirgi yog‘ni qozonga solib dog‘ qilayotsa Xo‘jamurod: «Voy ena, ko‘zim!» deb o‘zini har yerga uraveribdi, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan kishidek tipirchilanaveribdi. Enasi ustida: «Voy, sizga nima bo‘ldi, bolam. Xudo saqlasin!» desa, ichida suyunib: «Ha, tezroq o‘lgin-a. Lagalaga otamning aytganlari rost ekan-a», deb girdikapalak bo‘laveribdi.
Xo‘jamurod yolg‘ondan rosa o‘zini u yoq-bu yoqqa urib, oxiri sulayib, cho‘zilib qopti.
Enasi suyunganicha o‘ynashlarini chaqirib kelgani ketibdi. Xo‘jamurod darrov o‘rnidan turib enasining ko‘ylagini kiyib olibdi. Bitta ko‘rpachani odamga o‘xshatib dumaloqlab o‘zining to‘niga o‘rab qo‘yibdi. Shu payt ko‘cha eshigidan enasining o‘ynashlari kirib kela boshlabdi. Xo‘jamurod ovozini ayollarning ovoziga o‘xshatib:
— Ha, keldinglarmi. Qani ichkariga marhamat, — debdi.
— «O‘ldimi!»—deyishibdi ular. «Yashamagur, o‘ldi!» debdi Xo‘jamurod. Enasining o‘ynashlarini ichkariga boshlab kirib, o‘ringa o‘tqazibdi-da, o‘zi qaznoqqa chiqib ketibdi. Qozondagi dog‘ bo‘lib turgan yog‘ni bir kosaga olib, haligilarni nomma-nom chaqiraveribdi.
Qaznoqqa kirganini, «Qani, og‘zingizni oching-chi, Xo‘jamurodning o‘lgani munosabati bilan og‘zingizni bir shirin qilay», deb bir piyola-bir piyola yog‘ni quyib yuboraveribdi.
Uchalasi dog‘ bo‘lgan yog‘dan til tortmay o‘libdi. Enasi rosa axtarib horib-charchab, o‘ynashlarini topolmay qaytib uyiga kelsa, qay ko‘z bilan ko‘rsin, qay til bilan so‘zlasin, uchalasi o‘lib yotibdi. Ayol, ichida zil ketib, aslida esa bildirmay, ularni tanimaganlikka solibdi.
— Bular kim. Nima qilib bu yerda yotibdi?
— Tanimadingizmi, bular sizning o‘ynashlaringiz, — debdi-da, Xo‘jamurod mardikor chaqirib, ularni ko‘mdirib yuboribdi.
Otasi ishdan qaytgach, bo‘lib o‘tgan butun voqealarni unga hikoya qilib beribdi. G‘azablangan ota xotinini o‘roq bilan chopib tashlamoqchi bo‘lgan ekan, Xo‘jamurod uni to‘xtatibdi. Benomus ayolni uydan quvib haydab, ota-bola tinch-farog‘atda yashay boshlabdilar.