Xo‘ja tambal

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir Xo‘ja tambal bo‘lgan ekan. U shunchalik tambal ekanki, hatto uydan eshikka chiqishga ham erinar, yuz-qo‘lini yuvmas, ish qilmas, yalqovligidan o‘rnidan ham turmas ekan.
Ovqatni yer ekan-u, uxlar ekan. Oxiri shunday shishib ketibdiki, ovqat keltirib bersalar, erina-erina zo‘rg‘a yer ekan.
Kunlardan bir kun Xo‘ja tambal yotgan uyni o‘t olib ketibdi. Odamlar chelakda suv olib, yong‘inni o‘chirgani shoshibdilar. Qarasalar Xo‘ja tambal pinagini ham buzmay yotgan emish.
— Qoch, yonib ketasan, — deb qichqirishibdi odamlar. Xo‘ja tambal jim yotaveribdi.
— Hoy, senga aytyapmiz, qoch kuyasan! — deb baqirishibdi hammalari birdan.
Xo‘ja tambal qimirlagani erinibdi. Olov yon atrofini o‘ray boshlabdi. Avval etaklari, keyin o‘zi yona boshlabdi. Shundagina, u qochmoqchi bo‘libdi. Lekin endi kech ekan, o‘zining erinchoqligi, yalqovligi tufayli yonib ketibdi.