Echki, buzoq, eshak va qirq bo‘ri

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir qishloqda bir echki yashar ekan. Bir kuni echki dam olib, o‘tlab kelish uchun uzoqroqdagi adirga yo‘l olibdi. Yo‘lda ketayotib bir qishloqda bir buzoqqa duch kelibdi va u bilan do‘stlashib qolibdi. Buzoq:
— Yo‘l bo‘lsin, echkiboy, — debdi. Echki:
— Shunday o‘zim, bir aylanib, adirlarni tomosha qilib o‘ynab kelgani ketayotibman, — debdi. Buni eshitgan buzoq:
— Men ham boraman, — debdi. Ikkovlari yo‘lda davom etibdilar. Bir-ikkita qishloqni oralab o‘tgandan keyin, bir joyda o‘tlab yurgan eshakka duch kelibdilar. Eshak bularni ko‘rib:
— Qayoqqa ketayotibsizlar? — debdi. Echki bilan buzoq adirga ketayotganliklarini aytishibdi. Eshak ham bularga ergashibdi. Ular uchovlashib yo‘lda davom etishibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurishibdi. Ular yo‘ldan ketayotib, yo‘l ustida o‘lib yotgan arslonga ko‘zlari tushib qolibdi. Echki darrov arslonning terisini shilib, eshakning ustiga yopib qo‘yibdi. Ular yana yo‘lda davom etishibdi, yurib-yurib, bir qishloqqa yetib qolishibdi. Qishloq oralab ketishayotsa, bir uydan musiqa ovozi, o‘yin-kulgi eshitilibdi. Echki buzoqqa:
— Borib xabar ol-chi, bu joyda nima bo‘layotgan ekan, — debdi. Buzoq sekin borib qarasa, qirqta bo‘ri bir bo‘lib mehmonxonada gap yeyishayotgan ekanlar. Bir-ikkitasi dahlizda ovqat pishirayotgan emish. Qolganlari uyning ichida bazm qilib o‘ynashayotgan emish. Buzoq qaytib chiqib ko‘rganlarini birma-bir echki bilan eshakka aytib beribdi. Ular maslahatlashib, shu joyga kirishmoqchi bo‘lishibdi. Arslon terisini mehmonxona eshigining yonidagi qoziqqa ilib qo‘yibdilar. Birinchi bo‘lib echki kiribdi:
— Assalomu alaykum, bo‘rilar, — debdi. Bo‘rilar:
— Vaalaykum assalom, bir yemish, — deyishibdi. Ikkinchi bo‘lib buzoq kiribdi, salom beribdi. Bo‘rilar salomga alik olib: — Ikki yemish, — debdilar. Uchinchi bo‘lib eshak kirib salom beribdi. Bo‘rilar: — Vaalaykum assalom, uch yemish, — debdilar. Bular kirib o‘tirishgach, bo‘rilar hamma narsalardan bularning oldiga olib kelib qo‘yibdilar. Mehmondorchilik juda yaxshi bo‘libdi. Bir vaqt bo‘rilarning bittasi qo‘liga dutor olib ashula ayta boshlabdi:

— Ting-ting, ting kunlik,
Echki botir bir kunlik.
Ting-ting, ting kunlik,
Buzoq botir bir kunlik.
Ting-ting, ting kunlik,
Eshak polvon bir kunlik, —

deb ashulasini tugatibdi. Birozdan keyin to‘rda o‘tirgan bo‘rilardan biri: — Endi navbat mehmonlarga, — debdi. Hamma baravariga, eshitamiz, debdi. Echki dutorni olib, ashula ayta boshlabdi:

— Ting-ting, ting yemish,
Qirq bo‘risi bir yemish, —

debdi. Buni eshitgan bo‘rilar, bu nimalar deb valdirayapti, deb masxaralab kulishibdi. Echki yana davom etib:

— Ting-ting, ting kunlik,
Qirq bo‘risi bir yemish.
Ting-ting, ting yemish,
Eshikka chiq, bir ko‘rish, —

deb ashulani tugatibdi. To‘g‘riroqda o‘tirgan bo‘rilardan biri bir bo‘riga:
— Bir eshikka chiqib xabar ol-chi, bularda bir ish bor-ov, — debdi. Haligi bo‘ri eshikka chiqib qarasa, qoziqda arslonning terisi osig‘liq turgan emish. Buni ko‘rgan bo‘rining sochi tikka turib: — Hali bular arslonni yeb kelishibdi-yu, biz nima bo‘libmiz, — deb uyga qaytib kirmasdan qochaveribdi. Bo‘rilar ancha kutibdilar, darak bo‘lmabdi. Bo‘ri yana bittasini chiqaribdi. U ham terini ko‘rishi bilan hech narsaga qaramay qochib ketibdi. Yana bittasi chiqibdi. U ham shunday qilibdi. Qirq bo‘ri ham bir-biriga bildirmay hammasi qochib ketishibdi. Echki, buzoq, eshak qolgan narsalarni maza qilishib yeb, yo‘lga chiqibdilar. Bo‘rilar qishloqda qochishib yurishgan ekanlar. Uchovlari kelib: “Bo‘rilarni bir boplamaymizmi”, — deyishibdi. Echki bir daraxtning kallagiga chiqib olibdi. Eshak yo‘l bo‘yiga cho‘zilib yotib olibdi. Buzoqqa hech yerda joy bo‘lmagan ekan, echki uning qulog‘idan tortib, bir butoqqa ilib qo‘yibdi. Eshak o‘zini oftobga solib yotsa, bir hakka kelib, ustiga qo‘nib, ustidagi chivinlarini tutib yeya boshlabdi. Bularni bo‘rilar uzoqdan kuzatib turishgan ekan. Hakka sekin-asta eshakning dumlari ostini ham cho‘qiy boshlabdi. Shunda eshak dumi bilan hakkani mahkam qisib olib, u yoqdan bu yoqqa yugura boshlabdi. Buni ko‘rgan bo‘rilarning aqli shoshib qolibdi. Osmonda yurgan narsani tutib oldi-yu, biz yerdagi narsalarmiz, deb jonholatda qocha boshlashibdi. Ular yo‘lda qochib ketishayotganda, echki ularning ustiga sakrab yuboribdi. Bir vaqt buzoqning qulog‘i yirtilib ketib bo‘rilarning oldiga tushibdi. Buni ko‘rib bo‘rilar battarroq qocha boshlashibdi. Shunday qilib, bo‘rilar hali ham qochib ketayotgan emish. Echki, buzoq, eshaklar esa adirda dam olib, o‘tloqda to‘yib-to‘yib o‘tlab yurgan emish.