Dehqon bilan tulki

Dehqon chol bilan kampir bor ekan. Dehqon har kuni qo‘sh haydash uchun ketar ekan. Unga kampiri har kuni bir idishda sut va ikkita non berib yuborar ekan. Dehqon bu narsalarni tutning tagiga qo‘yib, o‘zi qush haydar ekan.
Kunlardan bir kuni tulki kelib, cholning olib qo‘ygan ovqatini yeb ketibdi. Chol qo‘shni to‘xtatib, tushlik ovqatga chiqsa, tutning tagida o‘zi qo‘ygan ovqat yo‘q emish. Bunga cholning jahli chiqib damini olib, yana qo‘sh haydashga tushibdi. Chol kun botgach qo‘shdan ho‘kizni chiqarib uyiga ketibdi. Chol dalada bo‘lgan voqeani xotiniga aytibdi.
Ertasi kuni chol ilgarigidek o‘zi olib borgan ovqatini yana tutning tagiga qo‘yib ketibdi. Tush vaqti bo‘lib qolay deganda, chol tut tagiga borib, olib kelgan ovqatini olaman deb qarasa, tulki endi kelib yeyay deb turgan ekan. Chol tulkini ko‘rib, orqasidan quvlabdi, tutolmabdi. U tulkidan qolgan ovqatni yeb, yana qo‘shini hayday beribdi. Kechqurun kun botib qolgandan so‘ng chol uyiga ketibdi. U uyiga borganda, hech narsa demabdi. Chol erta bilan o‘rnidan turib, kampiriga:
— Bugun sutni ko‘zachaga quyib bergin, — debdi. Kampiri:
— Nima gap, — deb so‘rabdi. Chol:
— Har gal olib borgan ovqatimni tulki yeb ketayapti, — debdi. Kampir ko‘zachaga sutni quyib beribdi. Chol ko‘zachani olib, yana yer haydashga jo‘nabdi. U borib ilgarigiday ko‘zachani yana tutning tagiga qo‘yibdi. Tulki kelib yana sutni ichaman, deb ko‘zachaga tumshug‘ini tiqibdi. Tiqqan zamoni tulkining tumshug‘i chiqmay qolibdi. Tulki ko‘zani ko‘tarib daryoga borib, suvga tiqqan ekan, ko‘zaning ichiga suv kirib, tolib ketibdi va tulkini suv tagiga tortib ketibdi. Shu bilan tulki o‘lib, chol murod-u maqsadiga yetibdi.