Chol bilan ilon

Bir chol bor ekan, uning bir o‘g‘li bor ekan. Ular juda kambag‘al yashar ekan. Cholning uyida ilonning ini bor ekan. Bir kuni cholning rahmi kelib, ilon oldiga kosada sut qo‘yibdi. Ilon ham cholga yaxshilik qilish uchun bitta tuxum tashlab ketibdi. Chol esa uni ertasiga bozorga olib chiqib sotibdi. Bu tuxum juda qimmatbaho ekan.
Chol sutni har kuni ilonning oldiga qo‘yaveribdi. Ilon esa har kuni bitta tuxum qo‘yib ketaveribdi. Chol tuxum sotishda davom qilibdi. Chol tez kunda boyib ketibdi.
Bir kuni chol to‘satdan kasallanib qolibdi. U o‘g‘liga ilonga sut qo‘yishni buyuribdi. O‘g‘li sut qo‘yib, ilonning tushib ketishidan qo‘rqib, uning dumini kesib tashlabdi. Ilon jahli chiqqandan bolani chaqib o‘ldiribdi.
Bir necha vaqtdan keyin chol tuzala boshlabdi. Ilgarigiday ilonga sut qo‘yibdi. Ilon inidan chiqib, tilga kiribdi: “Ey inson, endi sen menga sut qo‘yma, meni ko‘rganda o‘g‘ling yodingga tushadi. Men seni ko‘rganimda dumim yodimga tushadi”, — debdi-da, o‘z iniga kirib ketibdi.