Chol bilan bo‘ri

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir bo‘ri bor ekan. Bo‘ri qo‘ylarga hujum qilaverib, cho‘ponlarning joniga tegibdi. Ular ovchiga arz qilibdilar. Ovchi bo‘ri izidan tushib o‘rmonga kiripti. Bo‘ri qo‘rqib o‘rmondan qochib chiqibdi. Ovchi uni tirqiratib quvipti.
Quvaveripti, quvaveripti, bo‘rining tinkasi quribdi. Bo‘ri oxiri qochadigan joy topolmay qolipti. Shu vaqt to‘satdan qop ko‘targan bir chol uchrab qolipti.
— Assalomu alaykum, chol bobo, — depti bo‘ri. — Menga rahmingiz kelsin, ovchining qo‘lidan qutqaring. U meni otib tashlaydi. Yosh jonimga rahm qiling.
Uning ko‘z yoshini ko‘rib, cholning rahmi kelipti.
— Kel, qopga kir, — debdi chol.
Bo‘ri qopga kiribdi. Chol qopni orqalab ketaveribdi.
Chol oldidan ovchi chiqibdi.
— Bobo, shu yerdan bo‘ri o‘tmadimi? Ko‘rmadingizmi? — deb so‘rabdi ovchi.
— Yo‘q, ko‘rmadim, — debdi chol.
Ovchi oshiqib chopganicha nari ketibdi.
— Qopdan chiq, qutulding, debdi chol bo‘riga. Bo‘ri qopdan chiqibdi.
— Endi ortingga qayt, o‘rmonga ketaver, — debdi chol.
— Nimaga, debdi bo‘ri. — Men ochman, seni yeyman.
— Voy noinsof. Men seni o‘limdan qutqazib qolib, yaxshilik qilsam-u, sen meni yeysanmi?
— Ha, ishim yomonlik, — debdi bo‘ri. Ular janjallashib turgan ekanlar, birdan tulki kelib qolibdi.
— Ha, nima gap? — deb so‘rabdi tulki.
— Yaxshilikka bo‘ridan yomonlik qaytayapti, — deb ko‘z yoshi qilibdi chol. Bo‘ri voqeani aytib beribdi.
Tulki debdi:
— Gapingga ishonmayman, bo‘ri. Nahotki bo‘ri shu kichkina qopga sig‘sa…
— Ha, sig‘aman, — debdi bo‘ri.
— Bo‘lmasa qopga kirib ko‘r-chi, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rib ishonay. Keyin cholni yesang, mayli, haqqing bor, — debdi u.
Bo‘ri darrov qopga kiribdi.
— Qopning og‘zini bogiang, bobo, — debdi tulki.
Chol darrov qopning og‘zini bog‘labdi.
Bo‘ri endi ming yalinsa ham, chol uni qopdan chiqarmabdi.