Chivinboy

Chivinboy uchib borib, yantoq ustiga qo‘nibdi. Yantoqning tikani uning tumshug‘iga kiribdi. Chivinning qahri kelib, echki akasining oldiga boribdi:
— Echki aka, echki aka, shu yantoqni yesangiz-chi, — debdi.
Echki:
— Qoch, o‘shanga meni ro‘para qilma! Ko‘m-ko‘k o‘t, barra maysa turganda, endi sening gapingga kirib, yantoqni yeymanmi? — debdi.
Chivin:
— Xap senimi, shoshmay tur, to‘g‘ri bo‘ri akamga borib, seni unga yedirmasam xo‘p yurgan ekanman, — debdi. Chivin bo‘ri oldiga boribdi:
— Bo‘ri aka, bo‘ri aka, ana shu echkini yesangiz-chi! — debdi.
Bo‘ri:
— Ko‘p meni laqillatma, qo‘y go‘shti turganda shayton echkining go‘shtini yeymanmi? — debdi.
Chivin:
— Xap sanimi, mergan akamga aytib seni o‘ldirtirmasam, toza chivin bo‘lib yurgan ekanman, — debdi-da, to‘g‘ri uchib merganning oldiga boribdi.
— Mergan aka, mergan aka, — debdi Chivinboy, — shu bo‘rini otib tashlasangiz-chi, — echkini ye, desam, yemayman, dedi.
Mergan:
— Mening bo‘ridan boshqa otadigan ovim ko‘p. Sening gapingga kirib, bo‘rini otib yuramanmi? —  debdi.
Chivinboy:
— Xap sanimi, qarab tur, sichqon akamga aytib sening dori soladigan xaltangni teshdirmasam yurgan ekanman, — deb sichqonning oldiga uchib boribdi.
— Sichqon aka, ana shu merganning dori xaltasini teshing, u ko‘p jonivorga zarar yetkazadi, — debdi.
Sichqon aytibdi:
— Bug‘doy bilan arpa turganida menga endi merganning xaltasini teshish qoldimi?
Chivinboy:
— Xap sanimi, shoshmay tur, mushuk akamga aytib, seni yedirmasam, toza yurgan ekanman, — debdi-da, to‘g‘ri mushukning oldiga uchib boribdi:
— Mushuk aka, mushuk aka, ana shu sichqonni yesangiz. Merganning dori xaltasini tesh desam, yo‘q, deydi, — debdi.
Mushuk aytibdi:
— E, qo‘ysang-chi, mening yeydigan narsalarim ko‘p: qo‘yning go‘sht-yog‘i turganda, sichqonni poylab yurarmidim!
— Xap sanimi, seni kuchuk akamga aytib, bir talatmasam, yurgan ekanman, shopshay tur! — debdi Chivinboy.
Chivinboy:
— Kuchuk aka, kuchuk aka, ana shu mushukni bir o‘xshatib tala! Sichqonni ye, desam yemaydi, — debdi.
— Sening gapingga kirib, bekordan-bekorga mushukni talaymanmi? — debdi kuchuk.
Chivin:
— Xap sanimi, bolalarga aytib, bir urdirmasam, qonga bulatib yasatmasam, yurgan ekanman, — deb uchib ketibdi. Chivin yo‘lda bir to‘da bolalarga yo‘liqibdi.
Chivin bolalarga qarab:
— Hay bolalar, shu kuchukni bir boplab uringlar, mushukni tala, desam, talamaydi, — debdi.
Bolalar:
— Bizning boshimizni ko‘p aylantirma, o‘zimizning o‘yinimiz ko‘p. Endi o‘yinni qo‘yib, ovora bo‘lib, kuchukni quvlab yuramizmi? — deb javob berishibdi.
Shuida Chivinboy:
— Xap sanimi, onalaringga aytib, bir o‘xshatib savalatmasam, yurgan ekanman, — debdi.
Chivin charx yigirib o‘tirgan momoning oldiga borib:
— Hoy onajon, shu bolalaringizning bir adabini berib qo‘ying, — debdi.
Onasi:
— Mening ishim boshimdan oshib yotibdi, hali paxtalarim savaqsiz, endi men hamma ishni tashlab, biror sababsiz bolalarni quvib, urib yuraymi? —  debdi.
— Xap sanimi, men borib shamol akamga aytib, sening paxtalaringni uchirib yubormasam, yurgan ekanmai, — debdi Chivinboy.

Shamol, bag‘ri kamol,
Bolalarga qo‘yningni och.
Ota-onang o‘libdi,
Cho‘loq ketmoningni olib qoch! —

deganda, bir qattiq shamol turibdi. Shamol momoning paxtasini uchiribdi. Momo qo‘liga kaltak olib, bolalarni quvlabdi, bolalar kuchukni ura ketishibdi, kuchuk mushukni talay ketibdi, mushuk sichqonni quva ketibdi, sichqon xaltani tesha ketibdi, mergan bo‘rini otibdi, bo‘ri echkini quvlabdi, echki yantoqni yeb qo‘yibdi.
Shunda Chivinboyning vaqti xush bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi.