Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U doim maqtanib, “dunyoda mendan zo‘r podsho yo‘q” deb yurar ekan.
Bir kuni uning yaqin do‘sti saroyga mehmon bulib kelibdi. Podsho do‘stiga:
— Dunyoda mendan zo‘r podsho bo‘lmasa kerak, — debdi.
— Ei taqsiri olam, xafa bo‘lmang-u, sizdan ham zo‘r podsho bor, — deb uning kichik o‘g‘lini ko‘tarib chiqib, yoniga o‘tqazib qo‘yibdi.
Shu payt bola otasiga:
— Suv ichaman, — debdi. Podsho darrov turib suv olib kelibdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach:
— Ota, sut bering, — debdi bola.
Podsho tezda sut olib kelibdi. Endi kelib o‘tirgan ekan, bola yana:
— Endi suvni sutga aralashtirib bering, — deb xarxasha qilibdi.
Bu aytganini ham podsho bajaribdi. Sal vaqt o‘tmay bola yana:
— Ota endi, sutni suvdan ajratib bering, — debdi. Bu gapni eshitgan podshoning jahli chiqib ketibdi.
O‘g‘liga qarab:
— Axir, sutny suvdan qanday qilib ajratib buladi, —debdi.
Bola esa yig‘lab, janjal qilaveribdi. Shunda podsho do‘stiga qarab, “haqiqatan ham mendan zo‘r podsho bor ekan”,degan ekan.