Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir ko‘r bilan bir shol bor ekan. Bular cho‘ldagi bir qishloqda yashar ekanlar. Qishloqni falokat bosib, hamma kishloqdan qochib ketibdi. Faqat bu ikki kishi — ko‘r bilan sholgina qolibdi. Bular ikkalasi qutulishdan umidlarini uzib o‘tirgan ekanlar.
Shol ko‘rga:
— Men yurishdan ojizman, lekin to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga qodirman. Sen esa, yo‘l ko‘rsatishga ojizsan-u, yo‘l yurishga qodirsan. Mumkin bo‘lsa, meni opichlab olsang, men yo‘l ko‘rsatsam, zora ikkalamiz birgalikda halokatdan qutulsak, — debdi.
Ko‘r sholning aytganiga rozi bo‘libdi-da, uni opichlab olibdi. Shol yo‘l ko‘rsatib ketaveribdi. Ancha yo‘l yurgandan so‘ng ular halokatdan qutulibdilar. Shundan keyin, ular bir-birlaridan ajralmaydigan qalin do‘st bo‘lib qolgan ekanlar.
“Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” deb shuni aytadilar-da.