Chol bilan kampirning bir kichkinagina hovlisi bor ekan. Chol shu hovlisiga tarvuz ekib, bir tupini ko‘kartiribdi. Tarvuz palak otib gullabdi va bittagina tarvuz qilibdi. U katta bo‘lib pishibdi. Tarvuz pishgan vaqtda chol bilan kampir maslahat qilishibdi. “Bu tarvuzni so‘yganimiz bilan bir tilimini ham yeb ado qilolmaymiz” deb, chol bir dehqonning aravasini besh so‘mga kira qilib, podshoga sovg‘a qilib olib boribdi. Cholning yetishtirgan tarvuzini xizmatkorlar podshoning oldiga olib kirishibdi. Podsho taajjublanib:
— Tarvuz ham shunday katta bo‘ladimi? Bor, cholning o‘zini ham chaqir! — debdi. Chol salom berib podshoning huzuriga kiribdi. Podsho undan so‘rabdi:
— Bu tarvuzni sen keltirdingmi?
— Men keltirdim, taqsir, — debdi chol.
— Shunaqa tarvuzdan senda yana nechta bor?
— Shugina, xolos, — debdi chol. Podsho:
— Bale, bale, bale, — debdi va xizmatchisiga:
— Ol, tarvuzni xazinaga kiritib qo‘y, — deb buyuribdi. Chol bechoraga esa hech narsa bermabdi.
Chol qorni ochib bozorga boribdi va mantipazdan besh so‘mlik manti olib yebdi. Chol mantini yeb bo‘lib mantipazni chaqiribdi. Mantipaz kelibdi. Chol:
— Mantipaz, mantini o‘zing pishirdingmi? — deb so‘rabdi.
— O‘zim pishirdim, — debdi mantipaz.
— Go‘shtini sotib olasanmi yoki molni o‘zing so‘yasanmi, —debdi chol.
— Yo‘q, molni o‘zim so‘yaman, — debdi mantipaz.
— Xamirini kim tayyorlab beradi? — deb so‘rabdi chol.
— O‘zim tayyorlayman, — debdi mantipaz.
— Mantini o‘zing pishirasanmi? — deb so‘rabdi chol yana. Mantipaz ham:
— Ha, o‘zim pishiraman, — debdi hayron bo‘lib. Chol mantipazga:
— Bale, bale, bale, — deb, o‘rnidan turib keta beribdi. Mantipaz xalqning orasida cholni to‘xtatib:
— Mantining pulini berib keting, — debdi. Chol zsa ketaveribdi.
Podshoning yasovullari cholni podshoning huzuriga haydab borishibdi. Podsho:
— Noinsof, nima uchun mantining pulini bermay ketding? — deb do‘q qilibdi. Chol:
— Taqsir, sizga ikki og‘iz arzim bor, — debdi.
— Ayt arzingni, — debdi podsho.
— Podshohim, arzim shuki, er-xotin bir yil ishlab bitta tarvuz yetishtirgan edik. Sizga sovg‘a qilib olib keldik, tarvuzimga biror narsa berarmikansiz deb. Siz bo‘lsangiz uch marta “bale” deb javob qildingiz, xolos. Noumid bulib qaytdim, ochlikdan madorim qurib mantipaz oldiga keldim. Besh so‘mlik manti yeb, qornimni to‘yg‘azdim. Mantipazni oldimga chaqirib olib, bir necha marta “bale, bale, bale” deb aytdim. Shu yegan mantimning haqi bo‘lsa kerak, — debdi chol.
Podsho cholning bu gapidan juda xijolat bo‘libdi… Cholga xazinadan bir tovoq tilla chiqarib berishga buyruq beribdi.