Har kimning mehnati o‘ziga shirin

Bir ota-onaning yakka-yu yagona o‘g‘li bo‘lgan ekan. Bola ota-onasining tarbiyasida katta bo‘libdi. Bola voyaga yetgach, otasi o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, endi katta yigit bo‘lib qolding, biror hunar o‘rgangin, xor bo‘lmaysan, — debdi. Bola:
— Xo‘p, — debdi.
Ertasi ishga ketayotganida uni onasi to‘xtatib:
— O‘g‘lim, sen og‘ir mehnat qilib joningni qiynab yurma, ko‘chaga chiqib, o‘rtoqlaring bilan o‘yna, qaytib kelganingda otangga mana buni berarsan, — deb, bir tanga pul beribdi.
Bola xursand bo‘lib ko‘chaga chiqib ketibdi. Kechgacha o‘ynab yuribdi. Uyiga kelsa, otasi hovuz bo‘yida o‘tirgan ekan. Onasidan olgan pulni unga beribdi. Ota tangani olib hovuzga tashlabdi. Bola indamabdi. Ertasiga ham shu voqea qaytarilibdi. Bu holdan hayron bo‘lgan ona va bola uchinchi kuni o‘tirib maslahatlashishibdi. Bola:
— Otam bu pulni mehnat qilmasdan olib kelganimni bilganga o‘xshaydi. Endi bugun bir mehnat qilib pul topib kelay-chi, nima qilar ekan, — debdi-da, bir odamnikida xizmat qilib, pul topibdi.
Kechqurun uyiga kelib otasiga bersa, otasi u pulni ham hovuzga tashlabdi.
Bola otasiga bir xo‘mrayib qarabdi-da, kiyimlarini yechib o‘zini hovuzga tashlabdi. Haligi yarim tangani topib chiqibdi. Shunda otasi o‘g‘liga:
— Ko‘rdingmi, o‘g‘lim, o‘z mehnating bilan topilgan pul totli, qadrli bo‘ladi, — degan ekan.