Har kimning bolasi o‘ziga shirin

O‘tmishda bir dehqonning o‘g‘li bo‘lgan ekan. U nihoyatda mehnatsevar, serg‘ayrat bo‘lgani uchun ertalabdan kechgacha kun qizig‘ida oyoq yalang, bosh yalang bo‘lib bir yaktakda ketmon chopar ekan. O‘g‘lini bu holda ko‘rgan otasining unga rahmi kelib:
— Ey, bolam, kun qizig‘ida boshingga qalpoq, oyog‘ingga etik, egningga chopon kiyib ishlasang bo‘lmaydimi? Boshingdan oftob o‘tadi, oyog‘ingga kesak botadi, odam lohas bo‘lib, kasallanadi, — desa, o‘g‘li otasining bu nasihatiga quloq solmas ekan.
Kunlardan bir kuni otasi o‘g‘lini uylantiribdi. O‘g‘li ham farzand ko‘ribdi. Ota-bola dalada ketmon chopib, mehnat qilib turganlarida yosh bola ularning yoniga bosh yalang, oyoq yalang, ustida bir ko‘ylak kiygan holda kelibdi. Shunda dehqonning o‘g‘li o‘z bolasini koyibdi:
— Hoy Nig‘matulla, oyog‘ingga kalishingni, boshingga do‘ppingni, egningga kamzulingni kiysang bo‘lmaydimi? Axir bu yurishingda kasal bo‘lib qolasan! — debdi. Shunda bu so‘zlarni eshitib turgan dehqon ota o‘g‘liga qarab:
— Ha, o‘g‘lim, farzand qanday shirin bo‘lar ekan? Senga yoshlik vaqtingda nasihat qilsam, qulog‘ingga olmas eding. Endi o‘zing ota bo‘lib farzandlaringni ayab, o‘sha men aytgan nasihatlarni qaytarmoqdasan, — debdi.