Zilola Xo‘janiyozova (1973)

1973 yilning 16 iyunida tug‘ilgan. Qarshi davlat universiteti filologiya fakulteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.
2002 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
“Yuragimda bir gul o‘sadi”, “Dil shevasi”, “Ko‘ngilga yo‘l”, “Hulvo” (Turkiya), “Sog‘inch shivirlari”, “Aksioma”, “Kel,ey do‘st”(Ozarbayjon) nomli she’riy to‘plamlar hamda qator ilmiy-publitsistik risolalar muallifi.
U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida, Respublika Davlat mulk qo‘mitasi nashrida, hozirda esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tasarrufidagi “Milliy standart” jurnalida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritmoqda. Respublika va xorijiy nashrlarda yuzdan ortiq ijod namunalari chop etilgan.

AKSIOMA

Vaqtning g‘alvirida qalqiydi dunyo
Bir kuni evrilar ro‘zi qiyomat.
Dunyo jozibasi, hirs-havas ro‘yo,
Ummon uzra suzgan hasday omonat.

Hamon zamin giryon, halaklab tinmas,
Oxirat tomon yo‘l har bitta qadam.
Hatto vujudingning egasi senmas!
Har lahzang sinov bil, ey ahli Odam.

Zikr-u istig‘for et, ayla iltijo,
O‘zidan o‘zga yo‘q do‘st ila mahram.
Sulaymon boyligi etdimi vafo?
Qalb ko‘zlaring ochsa – shu oliy karam.

“O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir”¹,
Kibrdan toza tut qalb xilqatini.
Yana nafsing o‘ldir, anglagil alhol,
Tirik turib o‘lmoq haqiqatini.

Bir kuni g‘oyibdan kelganda payg‘om,
Nur ila chayilsa fitratim manim.
Ruhimga hurlikni etsa-yu in’om,
Illoh, bir chuqurni to‘ldirar tanim.

Bir yorug‘ mujdaga ilhaqman, iqror,
Tilimda tazarru, najot ham panoh
Haqning rahmatidan odil-u qahhor,
Umidimni uzmam, alhamdullilloh!.

Vaqtning g‘alvirida qalqiydi dunyo…
—-
¹ Shavkat Rahmondan

* * *

Bu yo‘llarda yellar sarson, yillar sarson,
Umrim oqar Nasaf -Toshkent orasida.
Yo‘l chigilar oshiqqanda manzil tomon,
Sog‘inch, diydor ko‘zim oqu qorasida.

Munisginam, mening tobim o‘yidasiz,
“Yo‘ling olis, charchadingmi, bolam”, deysiz.
Gulday zaif, titrab turar qo‘llaringiz,
Dardman sizu, men noshudning g‘amin yeysiz.

Siz taxtimsiz, davlatimsiz, ko‘rk-savlatim,
Sizsiz menday g‘arib, nochor topilmaydi.
Ostonaga ko‘zin tikib, mushtoq kutib,
Tun oqquncha qo‘shdarvoza yopilmaydi.

Ko‘zlarimga xalqoblanib yosh quyilar,
Tishlaganim, bo‘g‘zimdagi tosh tuyular.
Siz-la dunyo oqibati bisyor, ona
Birovlarning yolg‘on mehri fosh tuyular.

Shukur, yetdik intiq kutgan bahorlarga,
Dastor olma gul ochibdi, oq, pushtirang.
Ona, yana niyat aytib saharlarda,
Bir bor bizmas, o‘zingizga umr so‘rang.

Bu charxi-dun g‘am-g‘ussaga bozor ekan,
Qo‘lim siltab, naysonlar-la yeldim yana.
Nurga intiq maysadayin bo‘y ko‘rsatgan,
Sog‘inchlarim mahkam quchib keldim, ona…

Sog‘inchlarim mahkam quchib keldim ona…

BA’ZAN…

Ba’zan sog‘inasan kimnidir tinmay,
Ba’zan qaylargadir keladi ketging.
Yana xos kunlarga ko‘nikmay, sig‘may,
Qalbing shamolga fosh keladi etging.
Kerakmas o‘tkinch shon, kerakmas dunyo,
Xayollar beqo‘nim, bebosh, darbadar.
Ruhing samolarga intilar go‘yo.
Uchmoqqa shay olis yulduzga qadar.
Sezimlar, kechimlar beun, sarosar,
Ko‘ksing og‘irlashar, nadir chorasi?.
Sovurging keladi boring havoga,
Oxir, qabaradi diydang yarasi..
Ishonch yo‘qolganda, go‘yo haqorat,
Tuyular do‘stning har takalluf lutfi.
Asling yig‘laganda, kulmoq – mahorat,
Sabr tugab, zanglaydi ko‘ngilning qulfi.
Shunda sog‘inasan yorug‘ ma’voni,
Kelar kengliklarga bosh olib ketging.
Umid-la yurakka joylab dunyoni,
Boladay qalbingni uchiriq etging…

* * *

Boqaman, nayrangboz dunyoi hasham,
Tegramda, ko‘z suzib muqom, noz etar.
Sollanar, takabbur riyoga jazman,
Raqqosday sahnada raqsin soz etar.
Ol borim,
qo‘y meni
ishq birla..
Sen uchun ko‘ngil ne, nafs buyuk matlab,
Takalluf et, turlan, zorlanib tila.
Men-chi bag‘rixunman, gumroh ishqtalab,
Illo, hech fanodin kechgum bir yo‘la!…
Ol borim,
qo‘y meni
ishq birla…
Har nazar, har o‘yda bir fisq o‘rlaydi,
Bas, men yor, oshiqman, darvesh halafman.
Kimga ne nasibu, kim ne tilaydi…
Men ko‘ngil tarafman, men dil tarafman.
Ol borim,
qo‘y meni
ishq birla…
Ne ajab, shu ko‘hna dard bilan borman,
Sitilsamu bunyod bo‘lsam ming karra…
Ibtidodan buyon hamon mashg‘ulman,
Aslim topmoq uchun zarrama zarra…
Ol borim,
qo‘y meni
Ishq birla…

* * *

Sog‘inch sahrosida izlaganim ishq,
Orzu osmonimda gullab nafamon.
Ming yillarki, benur, benavo qalbga,
Yam-yashil faslda yo‘lladi in’om.
Dilda qanot qoqib umid qushlarim,
Chug‘urlab ko‘nglimni ettilar oshkor.
O‘ngidan keldimi oppoq tushlarim,
Tunlarim parishon, beorom, bedor.
Qalbimda nurlardan toza bir tuyg‘u,
Bir nihol unmoqda – ishq degan daraxt.
Har oni farahbaxsh, jilvagar yog‘du,
Ming yillar kutganim, balki shudir.. baxt.
Jonimda, qonimda hislarim sarmast,
Gar u sharob bo‘lsa, toabad ichgum.
Karbalo dashtida yolg‘iz edim, bas…
Ishqki, gunoh bo‘lsa, men abad mahkum.
Ko‘ksimda asradim osmoniy isming,
G‘animim qarichlab har bosgan izim.
Riyokor, zim-ziyo tun kechalarga,
Sochimni silashga bermadim izn.
Meni chorlayotgan ilohiy bir sas,
Tilim tushunmaydi o‘zga lahjani.
Sog‘inchimga vatan etgumdir abas,
Ruhimga ingan u yorug‘ lahzani.
Endi qarog‘ingda yashayman abad..
Muhabbat yurtida ka’bam, mahsharim.
Qalbing oshyonim to, ro‘zi qiyomat,
Ko‘ksimga cho‘g‘ solgan shamsim-qamarim.
Endi qarog‘ingda yashayman abad..

* * *

Bilsang bu dunyoning bir telbasiman…
Sening og‘ushingda sarmastdirman kuz.
Dalli dilim nedin umidvor bilmam,
Garchi umrim kuzi boqadi mayus.

Ko‘z yoshlarim uyda qoldirdim atay,
Yig‘lamayman, garchi dilim za’faron.
Yoshlik bahor derlar, keksalikdir qish,
Mening bor hayotim kuzdir begumon.

Tillorang tuyg‘ular namxush, xazonrez
Ruhim tentirayda zangor yo‘lakda.
Jununvash kezarlar men-la izma-iz,
G‘amlarim ham yal-yal soriq ko‘ylakda.

Bilsang, bu dunyoning bir telbasiman,
Bugun og‘ushingda sarmastman mezon.
Ko‘ksimda mug‘jalar sap-sariq og‘riq
Millyonta bahorga sig‘magan isyon…

Bilsang bu dunyoning bir telbasiman…

* * *

Cenda yo‘q atirgul sumbati, ko‘rki,
Loladay go‘zalmas, qomating raso.
Yolg‘on dunyolarda ko‘nglimning do‘sti,
Qalbim yarosiga malhamim hulvo.
Gulmisan, maysami, yo anduh-titroq,
Nafis bo‘ylaringdan yayraydi dilim.
Onamning isini taratgan yaproq,
Otamni so‘ngyo‘lga kuzatding so‘lim.
Sen Haqning yerdagi jannatiy guli,
Sambittol tagida nish urib bahor.
Dunyoga chinqirib kelganim kuni,
Beshigimda xushbo‘y taratding ilk bor.
Tiriklik yukini tashlasam xorib,
Chorlasa chin dunyo-garduni ma’vo.
Bir kun albat hoki turobim qorib,
Tuprog‘imdan unib chiqasan hulvo,
Yuragimdan unib chiqasan hulvo.
Gulmisan, maysami, anduhmi yo oh…

* * *

Qari itday g‘ingshib, uliydi shamol,
Derazam ko‘zidan boqaman asta.
Choponin yelkaga tashlab bemajol,
Eski yil ketmoqda, egik bo‘y basti…

Bong uradi soat o‘n ikkiga naq,
Hovliqib eshigim qoqadi birov.
Ostonadan uyim kulguga to‘lar,
Yangi yil kiradi, shodon-sho‘x, asov.

Azaldan bu charxning ertagi mungli,
Kelish doim quvonch, ketish esa g‘am.
Tangrim, menga shunday qismat bitginki,
Qah-qah otib kulay ketishimda ham…

* * *

Ishq degani qadah ichinda sharob,
Ichdimu ahvolim ayladim xarob.
Ne kun, tiynatimni qamrar iztirob,
Siz ham meni shunday sog‘inasizmi?..

Dalli yurakkinam, devona yurak,
Sevib qolgan mastu mastona yurak.
Sog‘inchdan g‘aribu bechora yurak,
Siz ham meni shunday sog‘inasizmi?..

Ichimga cho‘g‘ tushdi, ichimda otash,
Xayollar beqo‘nim, o‘ylarim sarkash.
Dardimga bir qalam, bir qog‘oz dardkash,
Siz ham meni shunday sog‘inasizmi?..

Izlab tolsa ko‘zlarimni ko‘ndiray,
Ash’or bitib so‘zlarimni ko‘ndiray,
Lek ko‘ngilni endi qandoq ko‘ndiray,
Siz ham meni shunday sog‘inasizmi?..

* * *

Ichkaridan bir sas kelar, ichkaridan…
To‘fondayin to‘zg‘itadi hislarimni.
Muzliklarni eritadi dil qa’ridan,
Supuradi yo‘lagimdan izlaringni.

Ichkaridan bir sas kelar, ichkaridan
Dunyo bir zum esankirar hayqiriqdan.
Sahro kabi qaqrab yotgan zor ko‘nglimga,
Payg‘om kelar firoqmi yo ayriliqdan.

Ichkaridan bir sas kelar, ichkaridan…
Unut deydi, qo‘yib yubor, bahridan kech.
Oyog‘imga tushov bo‘lib botgan kishan,
Sendan mehrim uzolmadim, uzolmam hech.

Ichkaridan bir sas kelar, ichkaridan…