Zamira Egamberdiyeva 1960 yili Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani Qorabuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Andijon davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Shoiraning “Eng chiroyli gul”, “Dengizning dardi”, “Dil daftarin varaqlaganda”, “Baxtiyor qushlar”, “Qizlarimning sarposi”, “Dadamning duosi” singari she’riy hamda publitsistik kitoblari chop etilgan.
2005 yili Toshkent shahrida vafot etgan.
ATIRGUL
Bir dilgir his bilan yog‘adi
Bahorning eng so‘nggi yomg‘iri.
Atirgul yuragi yonadi —
Shumi deb umrimning oxiri.
Yomg‘irmas ko‘z yoshlar taxirdir,
Qo‘rqaman saraton qahridan.
Mendan xam shu gulga og‘irdir:
Tikonlar o‘sadi bag‘ridan…
***
Yolg‘izlatib qo‘ysangiz meni mabodo
Uchib ketajakman turnalar bilan.
Uzatgan qo‘lingiz qolar havoda-
So‘ng sizni ko‘raman juda balanddan.
O‘zingiz yo‘limga bo‘lganda mahtal —
Ko‘nglingizga urug‘ tashlab o‘taman.
Shu urug‘ mevaga kirgani mahal —
Sizning ko‘zingizni yoshlab ketaman.
ZABARJAD QIZIMGA
Eplolmadim alla aytishni,
Uxlay qolgin sen, yorug‘ yuzim.
Senga ko‘proq termulgim kelar,
Andijonga o‘xshaysan, qizim.
Ko‘zing qaro bo‘lmasa mayli,
To‘kilmasin oltin yoshlaring.
O‘n sakkizga to‘lgan mahali
Uzun bo‘lsin faqat sochlaring.
Quchog‘ingda erib ketaman,
Aylanaman kichik odamga.
Seningsiz men ko‘p o‘rtanganman,
Sig‘maganman katta olamga.
Yonog‘ingda yongan kulguching
Mening uchun jannatga tengdir.
Chuchuk til-la aytgan ilk so‘zing
Men yozolgan eng go‘zal she’rdir.
Sevinaman tiniq yuzingda
Ko‘rib tursam o‘zimning aksim.
Gul unmoqda demak izimda,
Seni baxt deb bilaman, qizim.
Quyosh porlar shudring bag‘rida,
Baxtsiz bo‘lmas sira ayollar.
Onalarni har kuni tunda
Erkalaydi yorug‘ xayollar…
***
Yulduzlarni, oyni, quyoshni
Panohida asraydi osmon.
Ko‘ksidagi kaftdek bardoshni
Nechun qiynar jamiki inson?
Tosh otsalar bebosh bolalar
Cho‘kib ketar soyning tubiga.
Tog‘da ungan cho‘g‘dek lolalar
Zeb beradi mening umrimga.
Potirlagan yurak ham go‘yo
Qafasdagi qushmikan, deyman?
Biz talpinib yashagan dunyo
Bir lahzalik tushmikin, deyman?
Erkalatgim, o‘pgim keladi,
Yuragimni kaftimga qo‘yib.
Ko‘zlarimga surtgim keladi,
U ham menga tikilsa to‘yib.
Bosh ko‘tarsa yillarning gardi,
Izlaridan yanglishar mezon.
Osmon oyni asragan kabi
Yuragini asrasin inson.
***
Qarab turib ko‘zimga
Bor sirimni o‘qiysiz,
Men haqimda o‘zimga
Afsonalar to‘qiysiz.
Gulning isi kelarmish
Yozgan har bir xatimdan,
Hatto harflar kularmish
Fol ochishib baxtimdan.
Bu dunyoning yaroqsiz
Yolg‘onini suydik biz,
Muhabbatning adoqsiz
Olovida kuydik biz.
Yilning to‘rtta faslida
Gul undirdik quyoshdan,
Suygan ko‘ngil, aslida,
Yaralgandir bardoshdan.
Yo‘lingizga entikib
Qarab turgan ko‘zdirman,
Tilingizdan to‘kilib
Qolgan shirin so‘zdirman.
Oy ohista boqadi
Yulduzlarga mastona,
Menga juda yoqadi
Siz to‘qigan afsona.
***
Ko‘nglimda kezar quyun,
O‘ngimmi yo tushimmi?
Siz – tangrining men uchun
Uchirgan baxt qushimi?
Qilolmay ko‘zdan quvg‘in
Telbaga o‘xshab qoldim.
Ne qilay, kuysa bag‘rim,
Ishq o‘tin ushlab oldim?
Yurak sezar, baribir,
Ko‘z ilg‘amas sharpani.
Bilolmadim, qaydadir,
Muhabbatning Vatani?
Poyingizga bosh egay
Bandi bo‘ldi es-hushim.
Elkamni tutib beray
Zora, qo‘nsa baxt qushim.
***
Yulduzlarni, oyni, quyoshni
Panohida asraydi osmon.
Ko‘ksidagi kaftdek bardoshni
Nechun qiynar jamiki inson?
Tosh otsalar bebosh bolalar
Cho‘kib ketar soyning tubiga.
Tog‘da ungan cho‘g‘dek lolalar
Zeb beradi mening umrimga.
Potirlagan yurak ham go‘yo
Qafasdagi qushmikan, deyman?
Biz talpinib yashagan dunyo
Bir lahzalik tushmikin, deyman?
Erkalatgim, o‘pgim keladi,
Yuragimni kaftimga qo‘yib.
Ko‘zlarimga surtgim keladi,
U ham menga tikilsa to‘yib.
Bosh ko‘tarsa yillarning gardi,
Izlaridan yanglishar mezon.
Osmon oyni asragan kabi
Yuragini asrasin inson.
***
Siz to‘qigan yolg‘onning
Ozori yo‘q negadir.
Ko‘ngil degan qo‘rg‘onni
Ochgim keldi kimgadir.
Men qo‘rqmayman yo‘llardan,
Qushlar bizga hamrohdir.
Gul tutguvchi qo‘llardan
Yuz o‘girmoq gunohdir.
Ko‘ngil degan qo‘rg‘onning
Eshigiga yeng bo‘lay.
Siz to‘qigan yolg‘onning
Poyoniga teng bo‘lay.
Ko‘zyosh bo‘lib yurakning
To‘kilishi yomondir.
Mendek joni halakning
Ko‘rgan kuni gumondir.
Yo‘llar qurg‘ur adoqsiz,
Bizlar bilan ishi yo‘q.
Bu dunyoda gunohsiz
Yashaguvchi kishi yo‘q.
Sig‘may qolib ko‘ksimga
Oqqan yoshlar, yosh emas.
Otilmaydi hech kimga
Tog‘ning toshi tosh emas.
Ko‘ngil degan qo‘rg‘onni
Ochgim keldi kimgadir.
So‘z to‘qigan yolg‘onning
Ozori yo‘q negadir.
***
Men baxtli ayolman, qirqta jonim bor,
Hammasi umrimga, sizga baxshida.
Ona deb atalmish ulug‘ nomim bor,
Bolangni erkalab, suyish yaxshi-da.
Qirq jonning hech biri meniki emas,
Aslida, hammasi birovning mulki.
Ularni ayamoq qo‘limdan kelmas,
Ilhomning og‘ushi – shoirning erki.
Ishonib, aldanmang tabassumimga,
Qilday qirqta jonim ruhimda mehmon.
She’r ishqi yonadir bor vujudimga –
Meni asrab turgan qirq birinchi jon.