Yusufjon Mirzamahmudov (1941)

Yusufjon Mirzamahmudov 1941 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) huquqshunoslik fakultetini bitirgan. Ko‘p yillar huquq-tartibot idoralarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. “Ko‘ngil bog‘i” nomli she’riy kitobi chop etilgan.

ISTAR KO‘NGIL

Ne ajabki, fasli kuz ham
yashil bahor istar ko‘ngil,
Iforlari xo‘b mastigar
bir chamanzor istar ko‘ngil.

Kimdir kular deb: “Bu odam
aqlu hushidin mosuvo”,
Gul ishqida bulbuldayin,
chekmak ozor istar ko‘ngil.

Tutib pinhon ne ham topdim,
men bu jahon ayvonida,
Chamanzorin makon etgan
sho‘x bir dildor istar ko‘ngil.

Bor ekanmi bu tanda jon,
orzularga hech yo‘qdir ayb,
Bu dunyoda faqat baxtdan
tinglash alyor istar ko‘ngil.
Tinch-osuda, hur zamonning
nashidasimu ey Yusuf,
Ne ajabki, fasli kuz ham
yashil bahor istar ko‘ngil.

HIJRONING SENING

Sitami jon bo‘ldi ey yor,
arazu hijroning sening,
Yo‘qmidi bilgali holim
biron imkoning sening?
Qayda qoldi, aytarmusan
o‘rtadagi va’dalar,
Toabad birgamiz degan
ahdu paymoning sening?
Oshiq ahlin ne kuylarga
etaklarmu shaydolik,
Shay edim bo‘lmoqqa men ham
quling, qurboning sening.
Aylardi ko‘ksimni abgor,
ozdirib rohlarimdin,
Mujgonlaringdin otilgan
o‘tli paykoning sening.
Chiqmagay yodimdin hargiz
yulduz sanab tunlari,
La’li xandonlar bolidin
qilgan ehsoning sening.
Oson ermasdur unchalar
o‘zingga ham unutmoq,
Vafodoring bilan o‘tgan
har lahza, har oning sening.
Xonishlari Yusufjonni
bugun mahzundir, bois –
Sitami jon bo‘ldi ey yor,
arazu hijroning sening.

MUVAShShAH

Zor etgandi malagim
mehrining bulog‘iga,
U sabab hasratlarim
etmasdi adog‘iga.
Hazinlik edi yorsiz
o‘tganida bu onlar,
Ro‘y endi lola yanglig‘
tegib ol yanog‘iga.
Ayladi taqdir nasib
qilmay armon kezgani,
Xazonsiz olma, anor,
atirgulli bog‘iga.
Olam baxtning yarog‘i –
to‘ysam gar sharobidan,
Nozli o‘shal sanamning
lab qo‘yib dudog‘iga.
Go‘zalga sen vafoni
Tangridan tila Yusuf,
Alyor tinglab yashasin,
etmayin sanog‘iga.

O‘ZINGSAN  

Mening qalbim ichra ungan
bog‘u bo‘ston o‘zingsan,
Armon yo‘qdir, dilimga yod
ajib doston o‘zingsan.
Hayoda ham, vafoda ham
derdim, tanhosan jonim,
Boqishlaring dil qulfini
ochar imkon o‘zingsan.
Umr o‘tar, umr ketar,
biroq orzular bisyor,
Bir suhbating jon ozug‘i,
sho‘x suxandon o‘zingsan.
Ahli ishq ichida mendek
Majnunginang ustidan,
Xandon urib bag‘rim yoqqan
otashnihon o‘zingsan.
Olsang olgin, senga bo‘lsin
sadaqa,  shirin jonim,
Nozlaring afg‘on chektirib,
etgan sarson o‘zingsan.
Gar ishqini rad etsangda,
Yusuf o‘qir tasanno,
Ag‘yorni ham do‘st qilolgan
sohib bog‘bon o‘zingsan.