BO‘LMAS
Jon olarg‘a sendek ofati jon bo‘lmas,
Jon tutarg‘a men kibi notavon bo‘lmas.
Burgut urarmish to‘sh cho‘ng qoyaga, hargiz,
Ki dardin anglarga qoyada jon bo‘lmas.
Charxi beburd raftorig‘a oshufta sen,
Ne tong, ishq ahliga yorsiz vatan bo‘lmas.
Mayli sen qoya bo‘l, burgutdek uray to‘sh,
Desa desunlar Yusufdek nodon bo‘lmas.
EVRILISh
Yuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo.
Hayot endi etadi tahqir,
Bir karomat ko‘rsatar dunyo.
Shu jussaga shunchalik tashvish,
O‘ylayapman, fikrlarim sust.
Bilmadim, bari bekorchi yumush,
Yuragimga o‘zing bo‘yla, do‘st.
Kel, sharobni ko‘raylik baham,
Tog‘lar g‘arib osmon oldida.
O‘rtamizda mo‘jaz soylik ham
Bir piyola sharob qoldi-da…
Kapalakka o‘xshaydi kunlar,
Hech yurakka tutqich bermaydi.
Maysalarga cho‘kadi tunlar,
Qonlar sokin, ko‘pchib urmaydi,
Ana ko‘klam, bo‘y cho‘zdi yana,
Kuylayapti bog‘da zarg‘aldoq.
Nahot hayot qiz yanog‘iga
Qo‘nib olgan bitta qizg‘aldoq?
Yuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo…
* * *
Ko‘nglimiz ko‘ngildan istadi malham,
Ko‘rindi xaslar ham atirgul misol.
Loyiqmi noloyiq, biz bilmasak ham,
Sizni tushda ko‘rish kelmadi malol.
Ko‘nglimiz ko‘ngildan istadi javob,
Sabolar dil silar betinim, beun.
Kunlar o‘taverdi, keltirdik savob,
Kaftingizga qalbin tutgancha bu kun.
Ko‘nglimiz ko‘ngildan istadi yupanch,
Kelaverdik mana sizga intilib.
Sizning ko‘changiz muzlagan, sirpanch,
Toyrinsak ketadi yurak sitilib.
Ko‘nglimiz ko‘ngildan baribir shodon,
Axir tinglayapsiz gaplarimiz jim.
So‘zimiz tarashlab ololsak obdan,
Bizniki bo‘lasiz bir kuni, gulim.
OZORA JONNI NAYLAYIN
(turkumdan)
Osmon olti, yer yetti,
Sanog‘iga yetmadim.
Uzun sochli qiz ketdi,
Men ergashib ketmadim.
Loy suvoqli supada
Kechalar to‘lg‘onganim.
Qovunzorda, kapada
Yor quchib uyg‘onganim.
Ariq suvi oqiziq,
Oqdi jajji kemacham.
Ortida qolsa cho‘ziq,
Qayerda qo‘lim checham.
II
Poda qaytar, qo‘lda tayoq,
Mol haydagan o‘spirin.
Qishloq yo‘li yolg‘iz oyoq,
Yo‘ldan olmaydi ko‘zin.
Chaqnagandek misli chaqin
Tong yulduzi cho‘g‘lanib –
Tishlagancha zulfin uchin
Kelar bir qiz to‘lg‘onib.
Poda qaytar, chang-to‘zonni
Ko‘targancha falakka.
Ishq o‘qiydi shom azonin
To‘zon ichinda yakka.
Choldevordan bo‘ylab kampir
Qichqiradi “xosh-xosh”lab.
Qirq kokilni ola sigir
Ketar ortidan boshlab.
Yor yuragin ola ketgan
Ola sigir, shoshmay tur!
La’li labdan sabo o‘pgan,
Erta kelsin, unda ko‘r!
III
Tun siyoh, qoshing siyoh,
Dil-bag‘ir toshing siyoh.
Ul qaroliq ichra men,
Jonim taloshing siyoh.
Ishq domani qon-qon,
Oh chekkan sadarayhon.
Ishq yaktagin barini
Yuldi ul, oh Bekajon.
Tun siyoh, soching siyoh,
Zulfi qiyg‘oching siyoh.
Sochingga dilim bog‘lab,
Olgan og‘oching siyoh.
Tola soch arqon-arqon,
Yor siyoh tun ichra xon.
Oy yuzin soch-la yopib,
Suydim degani yolg‘on.
Tun siyoh, qoshing siyoh,
Dil-bag‘ir toshing siyoh.
Ul qaroliq ichra men,
Jonim taloshing siyoh.
ALDANDI DIL, ALDANDI DIL
Bir qaro qoshga bu kun, aldandi dil, aldandi dil,
Ul nozik yoshga bu kun, aldandi dil, aldandi dil.
Oy yuzin chimmat aro berkitdi men devonadan,
Tun ichinda kun bakun, aldandi dil, aldandi dil.
Ko‘rg‘ali ruxsorini yor ko‘lbasin tutdim makon,
Sorg‘arib kunpaya kun, aldandi dil, aldandi dil.
Orazni ishqin o‘t soldi jonima ming sitam,
Dil o‘rtanar topmay yakun, aldandi dil, aldandi dil.
Voh, dedim men, rahm etmadi, kimda bor bunday maqom?
Ul parivashga ne kun, aldandi dil, aldandi dil.
Kechmoq istab ishqidin men, tark ayladim yor ko‘lbasin,
Voajabkim, bildim shu kun, aldandi dil, aldandi dil.