Yulduz O‘rmonova (1995)

Yulduz O‘rmonova 1995 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori. She’r va tarjimalari adabiy nashrlarda e’lon qilingan.

OJIZ IShQ

Hayotni sevadi yurak-yurakdan,
Dunyoni ko‘rishni orzu qilar u.
Sezadi, kutadi, bir kun falakdan
Ko‘zlariga hadya etilar yog‘du.

Quyoshni, samoni, qushlarni o‘ylar,
O‘zicha tasvirlar tasavvurida.
Gohida halinchak uchgancha kuylar,
Kimnidir asraydi qalbi qo‘rida.

G‘urbatdan, zulmatdan, o‘limdan qo‘rqmas,
Benur yashashdan-da cho‘chimas aslo.
Ammo ko‘zlaringni ko‘rolmay o‘tish,
Seni ko‘rolmaslik… Bundan mustasno!

Ko‘ngil ko‘zi ochiq,
Sezar har ohing,
Negadir sen bunday bo‘la olmaysan.
Etti sayyorani ilg‘ar nigohing,
Faqat ojiz ishqni ko‘ra olmaysan…

QANIYDI

Elkangga yuragim suyab yig‘lasam,
Ko‘z yoshim ko‘ksingga yog‘sa, qaniydi.
So‘ng achchiq azoblar sabrim yiqsa ham,
Ko‘zlaringga to‘yib boqsam, qaniydi…

Yuragim chirsillab yonmoqda, qara,
Sen desam ko‘ksimga tushadi olov.
Qalbimda Laylidan qolgan bir yara,
Majnunga yov dunyo o‘rtamizda g‘ov…

Ko‘nglimday yaqinsan, ko‘nglimday olis,
Ko‘nglimdan yaqinroq kelsang, qaniydi.
Dilimda umiddan qoldirib bir iz,
So‘ngra jonni tandan olsang, mayliydi…

Tun bo‘yi yig‘ladim, to‘yib yig‘ladim,
Yig‘latdilar meni seni sevmaslar.
Yurakka sig‘madim, o‘zga sig‘madim,
Ruhim sindirmoqqa urindi kaslar…

Qara, yashayapman sen uchun yana,
Meni barcha o‘tli hislar taniydi.
Men sari kelmasang, qilmasman ta’na,
O‘zingga yaqinroq olsang, qaniydi…

Yolg‘iz seni desam o‘rtanib-kuyib,
Meni ham bir bora eslarmikansan?
Milyard odam aro nafasim tuyib,
Qayda deb, izlarim izlarmikansan?

Qurib ketsin azob, qurib ketsin jon,
Vaslingga termulib o‘lsam, mayliydi.
Senga yuragimni suyab, Xudojon,
To‘yguncha to‘kilib olsam, qaniydi…

SOG‘INCh

Avtobusning tiniq oynasi
Meni ming manzilga eltadi.
Salqin sabolarga aylanib,
Xayol esa senga ketadi…

Shabnam ko‘zlaringday musaffo,
Dunyo senday kulib boqadi.
Kimga tortdim, bilmayman, ammo
Yurak mudom senga tortadi…

Bag‘ri o‘yiq keksa daraxtlar,
Iymanib bosh chayqagan maysa –
Barglarida shudring yaraqlar,
Seni yodga solar, jilmaysa…

Meni olib qochdi shodumon
Daydi xayol va daydi orzu.
Yuragingni sog‘indim yomon,
Diydoringa to‘ysaydim bir zum…

Har kech yana eslayman takror,
O‘ylayman-da, dunyo bir kamdir.
Senda ham barq urmoqda bahor,
Ayni chog‘da qosh qoraygandir…

Tag‘in eslatadi bu oqshom,
Egam sog‘inchingdan qo‘ymasin.
Seni, yodga solar, Andijon,
Avtobusning tiniq oynasi…

O‘SMOQDA

Dovonda bir tog‘ o‘smoqda,
Ko‘ksimda bir bog‘ o‘smoqda.
Bog‘imda alyor unadir,
Navodil har chog‘ o‘smoqda.

Lahza-lahza, tunga ayon,
Oy ko‘ksida dog‘ o‘smoqda.
Suyganiga yeta olmay,
Dardi beadog‘ o‘smoqda.

Orom to‘zib, yurak ezib,
Chor tomon firoq o‘smoqda.
O‘smay deydi o‘sma kabi,
Sog‘inchlar biroq o‘smoqda.

Diydorlar yoningda turib,
Joningdan yiroq o‘smoqda.
Bu ne sinoatdir degan
Javobsiz so‘roq o‘smoqda.

Bulbullarni ko‘ra olmay,
Panalarda zog‘ o‘smoqda.
Savob bilan joy talashib,
Kimo‘zar gunoh o‘smoqda.

Ey yor, ko‘rgin-a, men sari
Dovonda bir tog‘ o‘smoqda.
Ko‘zlaringni ko‘rmoq uchun
Yulduzlar uyg‘oq o‘smoqda…

O‘ChIRG‘ICh

Qanday yashagan ekan
Qadimdagi odamlar,
Hali o‘chirg‘ich degan
Matoh bo‘lmagan damlar?

Yozishgandir bexato,
Balki, barcha o‘sha payt.
Sog‘inchdan bitmagan yo
Oshiqlar bezovta bayt?

Yo‘q! Asli azaldan ishq
Har dilga soya tashlar.
Bunga guvohdir bag‘ri
O‘yilgan qoya toshlar.

O‘sha bitiklar hanuz
Yo‘qolmagan, ko‘chmagan.
Qancha qor-yomg‘irlarning
Zabtidan ham o‘chmagan!..

Dunyo o‘zgargan sayin,
O‘zgardi zamon.
Bugun hamma narsaga
Topiladi bir imkon.

Qog‘oz qoralab tunlar
Qalb qushim uchiraman.
She’r to‘kilar qalamdan,
Yoqmasa – o‘chiraman…

Sharob rangi ketadi,
Ketar siyoh dog‘i ham.
Ketarmikin, og‘ajon,
Dilda dog‘ qoldirsa g‘am?!

O‘tmishda xatom bisyor,
Ko‘ksimda alam g‘ij-g‘ij.
Bormikan xotirani
Tozalovchi o‘chirg‘ich?..