Yo‘ldosh Eshmurodov (1957)

Yo‘ldosh Eshmurodov 1957 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Ijodkorning “Muhabbat fasli”, “Sog‘inch kunlari” she’riy kitoblari nashr etilgan.

* * *

Shamol chopqillaydi,
Yuguradi nur,
Yaproqlar kengayadi,
Ulg‘ayadi chinorlar
Mehr og‘ushida
Sehrni quchoqlab.
Yolg‘iz kattalashmay turadi quyosh,
Yolg‘iz bir maromda tepadi yurak.

Balkim, hech qayoqqa shoshilmas shamol,
Balkim, hech qayoqqa oshiqmas nur ham,
Balkim, ular shunday yasharlar:
Gullarni hovuchlab,
Olamni opichlab…

* * *

O‘tmadim, o‘tmadim, o‘tmadim,
Bir eshik oldidan aslo ketmadim,
Oh, seni biror kun unut etmadim,
Eshikni jilmayib ochgan qiz!

Necha kuz uzumlar bo‘ldilar mayiz,
Necha bor yaproqlar to‘kildi ma’yus,
Men seni unutaolmadim hanuz,
Eshikni jilmayib ochgan qiz!

* * *

Kel, endi!
Shundoq kelaqol,
Unutmay menga kelgan g‘ashlaringni,
Mening yonib qarashlarimni.

Kel, endi!
Shundoq kelaqol,
Kerakmas na ibo,
Na o‘sma qoshlaringga.

Kel, endi!
Qo‘y ko‘ksimga ko‘ksingni,
Ajabmas ko‘kraklar o‘yilib ketsa,
Qo‘shilib ketsa mehrning qudratidan.

Kel, endi!
Shundoq kelaqol,
Do‘stlarga noshudlik nokerak.
Bandidan uzilgan yaproqdek,
Sarg‘aymasin sensiz kelajak.

MANZARA

Qushlar uylariga ketishadi,
Jimib qoladi shamol ham.
Daraxtlar kuylay boshlaydi
Sokinlik qo‘shig‘ini.

* * *

Bilasizmi,
Eshitganmisiz, siz, bu haqda?
Quyosh yer bilan,
Er esa oy bilan…
Umuman koinotdagi barcha sayyoralar
Bir-biri bilan
O‘z massasiga to‘g‘ri proportsional,
Oralaridagi masofaga teskari proportsional
Kuch bilan tortishar emish.
Biz nima ham qilaolardik,
Tortishsa tortishganlari ma’qul,
Bo‘lmasa to‘kilib ketmaydimi
Hammasi pastga.

YoLG‘IZLIK

So‘ridagi uzumlar uzildi
Bobom ham berkitdi bog‘ini –
O‘lan to‘shagim deb keldi sokinlik.

O‘choqlarda yonar g‘o‘zapoyalar,
Ko‘k choy atrofida chollar gurungi –
Tashqarida qoldi yolg‘izlik.

HUKM

Men charchadim,
Kutib charchadim.
Kutmoq, bu – oldindan ko‘rmoqdir.
Kuzatmoq – kutmoqqa tashlangan qadam.
Kutmoq – savol bo‘lsa,
Kuzatmoq – hukm.

Sen meni kutdingu xayrlashmading,
Kutaman demading: takror va takror,
Afsus, raqiblarim kuzatar meni
Pusib va panalab parda ortidan.

Men charchadim,
Kutib charchadim.
Tovonimni ezar
Sog‘inchim zo‘r yuk,
Gir atrof doira
Bu qanday qadam?
Nahotki, kutmog‘u kuzatmoq birdek?

* * *

Sog‘inganim sezar poyezdlar,
Yuragimni ezar poyezdlar,
Shu izlardan o‘tar poyezdlar,
Shaharlarga ketar poyezdlar –
Men ketolmayman!

Gulga loyiq ahli poyezdlar,
Va’dasiga ahdli poyezdlar,
Mehnatidan taxtli poyezdlar,
Inson kabi baxtli poyezdlar,
Shu izlardan o‘tar poyezdlar,
Shaharlarga ketar poyezdlar –
Men ketolmayman!

Uni qo‘li xinali kutar,
Tanishlardan uyalib kutar,
Tongday toza xayoli kutar,
Va’dasiga vafoli kutar.

Shu izlardan o‘tar poyezdlar,
Andijonga ketar poyezdlar,
Ayriliqni yutar poyezdlar,
Do‘stlarga gul tutar poyezdlar –
Men tutolmayman!