Xurshid Abdurashid (1995)

Xurshid Abdurashid – 1995 yilda tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini bitirgan.

Sog‘inch soatlari

Yuragim ustina boshingni qo‘ygil,
Ko‘ksim yotoq bo‘lsin harir sochingga.
Tabassuming nuri sabuhiy sabo,
Yanog‘ingda ikki chechak ochilgan.

Bo‘lsa iste’dodim musavvirona,
Tasvir aylay olsam suvratingni, bas.
Ko‘nglum tublarindan pichirlab turgin,
Bir umr ichimda daydisin bu sas.

Joduvash ko‘zlaring tamom olislar,
Ul bozigarga to‘r tashlayajakman.
Sening nafaslaring yomg‘ur havosi,
Yomg‘ursiz umrimni boshlayajakman.

So‘ngsiz iztiroblar ibtidosida,
Adoqsiz yellarga sovrilur borim.
Mening xotiramning qavatlarida
Jilolanib turgin gavharnigorim.

Sunbulbo‘y malagim, gulhad dilbarim,
Tushlarim sehrini chertib tur doim.
Sening orzularing iltijosida
Shamollar olami bo‘lar muloyim.

Ko‘zlaringki marjon to‘karkan bir kun,
Sog‘inch soatlari bo‘lur mehmoning.
O‘shal dam sochingni silab qo‘ymagay,
Sevaman demagay aziz insoning.

U juda olisda bo‘lajak shu dam,
Balki sog‘inchingdan u ham o‘rtanar.
Ishq ahli sevgini visolda emas,
Ayriliq sabog‘in yodlab o‘rganar.

Ey mening borlig‘im, guldor orazim,
O‘tib tur yodimning ko‘priklaridan.
Sen menim baxtiyor daqiqalarda
Umrim bo‘yi topgan yo‘qliqlarimsan.

Darsda

Darsda ko‘zlaringga tashlayman tuzoq,
Judayam sezgirda manavi qizlar.
G‘ashimga tegadi ularning gapi
Ovim baroridan kelmagan kezlar.

Ular tinglamaydi ma’ruzalarni,
Qulog‘i ko‘z bo‘lib bizga tikilgan.
Har holda yomonmas, sakson daqiqa
Diydorlashuvimizga imzo chekilgan.

Yonimdan o‘tasan, o‘tasan tez-tez,
Nigohim tasvirga olar ushbuni.
Hushyor tortaman so‘ng daftar qatiga
Berkitib qo‘yaman o‘sha tuyg‘uni.

Senga uzataman daftarlarimni,
Pinhona alishar daftarlarimiz.
Ammo, til ostiga dumalab tushar,
Aytajaklarimiz, aytarlarimiz.

Uyga vazifani topshirgan chog‘ing
Tovushlaring juda yaqin keladi.
Har so‘zing negadir quloqlarimga
Muhabbat tilida eshitiladi.

Darsga bo‘lganida, nogoh, qo‘ng‘iroq,
Jo‘namoq bo‘lasan shunda uyingga.
“Mana, daftaringiz”, deysan o‘grilib,
Yo‘q, olib ket uni, bu daftar senga.

Taqdir

Agar o‘sha qop-qora bulut
bizga yomg‘ir sochmasa edi,
bilmasmidik yomg‘irning ta’min.

Agar o‘sha yomg‘ir sepalab
boshimizda yog‘masa uzoq
anglamasdik baxtning isini.

Baxtimizni yetaklab kelgan
faqat o‘sha ikkisi emas:
mana, sening soyaboning yo‘q,
menda bor…

Tong

Quyoshni uyg‘oting.
Bugun kech qoldi,
Yuzimiz silamas nurlari uning.
Bir turting, nurga zor chehralar haqqi
Uyg‘otib ko‘ring.
Tongga tashbeh topayin desam,
Bu kashfimda yo‘q erur ma’ni.
Azizim, qayerda ko‘rgan edingiz
Tong quyoshsiz otayotganin?
Mana, hamma uyda deraza ochiq,
Bu nurga intizor qalblarning ishi.
Sirli sukunatning silsilasida
Sirga aylanadi tong oqarishi.