Xonzodabegim Jamolova (1999-2021)

Xonzodabegim Jamolova 1999 yilning 27 mart kuni Bekobod tumanida tug‘ilgan. U xalqaro toifadagi sport hakami, “Respublika lider qizlar” harakat rahbari, O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi edi.
Uning “Birinchi kitobim” loyihasida shoiraning “Baxt tongi” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
Xonzodabegim Jamolova tashabbusi bilan 2019 yili O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro sport sammiti (International sport summit Tashkent-2019), O‘zbekiston xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yili “Respublika lider qizlar festivali” o‘tkazilgan.
Xonzodabegim Jamolova 2021 yilning 16 aprel kuni vafot etdi.

* * *

Dod dedim, shu kecha dod dedim,
Tushuning odamizot dedim,
Isyonkor shamollar elchidek
U endi hijrondan shod dedi!
Avvalim…
oxirim,
oxirim.
Ko‘ksimga muhabbat o‘qlarin,
Bexato qadagan mohirim.
Bu dardlar ichinda tentisam,
Sen izlab, sensizlik faryod dedim.
Yursam-u, yo‘llardan gul unsa.
Men boqsam ko‘zlaring nur bo‘lsa,
Va senga eltuvchi yo‘l bo‘lsa,
Xudo deb O‘ziga yolvorsam,
Baxtlarga to‘lsaydi xotirim.
Avvalim…
oxirim,
oxirim…
Ko‘klamlar ko‘z ochar ko‘nglimda,
Bodomzor ochadi ishq sirin,
Ko‘ksimda she’r hidi gupillar.
Ichimda yashagan shoirim…
Yuz boshli ayriliq kelyotir,
bariga “o‘liiiim” deb
baqirdim!
Qanchalar kuchlisan sog‘inchdan,
shart tortib olsangchi botirim…
Dod dedim,
shu kecha dod dedim.
Tushunar odami zot dedim.
Tushimga kirasan jilmayib,
Men seni…
Umrbod…
Umrbod…
Umrbod dedim…

* * *

Menda faqat,
Xudo bor, Siz bor va so‘z bor.
boshqasini bilmayman.
uzoqda yashayman dunyodan…
ichim – bomdod, tashim – bomdod
dilim-xufton.
Tasbehlar teraman havodan.

Menda faqat,
Xudo bor, Siz bor, va so‘zlar bor.
Erdagi umrim – savatdagi suv.
Sajdadan sajdagacha borman, tirikman,
Hecham ko‘rmay turib Sog‘inganim U.
Muhtojligim Udir va murodim U.

Menda faqat,
Xudo bor, Siz bor va so‘z bor.
Tunlarim – halovat, har tongim – huzur.
Yana kitobim bor behisob sevaman,
behad sevaman,
Muallifini
Dilimda, tilimda, ko‘nglimda – “An-Nur”.

Menda faqat
Xudo bor, Siz bor, so‘z bor.
Va bir kun sizdan bunyodlarga
Ona bo‘lganda,
Siz “sizlar”ga aylanib,
So‘z “so‘zlar”ga ulanib,
Jannat ham bo‘larmi mening poyimda…

Uyimda, bag‘rimda, jami borimda
Menda faqat Xudo bor, Sizlar bor, so‘zlar bor…

* * *

Hansirab nafasin yutayotir yer
Havorang tuyg‘ular suzar ko‘zimda
Har to‘rt yon labiga sukutni chizib
Yomg‘irlar ergashib kelar izimdan…

Manavi chinorlar ikki yuz yillik
Ko‘ksi chaqmoqlarda qoraygan qismat
Bag‘riga chizilgan o‘yiq qo‘sh yurak
Qachondir lovullab o‘chgan harorat…

Osmonga ko‘zgusin tutgan ko‘lmaklar
Mening qadamimdan unsiz sinadi
Kipriklar qazigan ko‘zimdan daryo
Yuragimdan harsang toshlar quladi.

Yomg‘irga qasdlashib yig‘layapmanku
Sitildi ko‘ngilning sog‘inch choklari
Olisda, bobomning qabri hurpayib
Tonggacha yana bir maysa ko‘klaydi.

Ajab, shitirlashib sirlashgan ko‘kning
Bargdagi titroqcha qolmadi holi
Shu lahza kimnidur yodidan o‘chdim
Loyqalanib ketgan xayol misoli.

TAVBA

Ona, chap ko‘ksimda boshlanar isyon,
Soxta maqtovlarning yo‘qmi oxiri
Keng dunyo bir menga tordek onajon
Sog‘indim…
Ko‘nglim osmonida sog‘inch yomg‘iri!

Mening dushmanimdir qora bulutlar,
Bunda quyoshimning nurlari qani?
Umrim daftarimda achchiq sukutlar,
Men sizni sog‘inib yig‘lagan sari.

Ona, kimga ishondingiz bunchalar
Endi sog‘inmoq ham gunohmi ayting,
Unda men eng katta gunohkor qizman,
Bo‘g‘ziga alamlar to‘lgan hayotning.

Qarang!
Yuragi botir qizingizman men,
Azoblar mening o‘gay singlimdir,
Qishda bahorlarda qolgan izman men ,
Sovuq yegan gullar mening ko‘nglimdir.

O‘n sakkizim o‘tib borar har onda,
Baxtga ko‘zim intiq quchoqlarim keng
Keling tushlarimda bir bora Ona
Yolg‘on bo‘lsada…
“Sen yaxshi qizsan ona qizim” deng!

ALAM VA OLOV

Oh alam, jonim alam,
Qalbimda gulxan lov-lov,
Bevafo yorim – alam,
Yondirar chirs-chirs olov.

Aytolmas so‘zim – alam
Sizga aytmasam olov,
Er o‘pgan ko‘zim – alam
Sadoqat-qasam olov.

Mung‘aygan ishqim – alam
Nafrating sim-sim olov,
Portlagan rashqim – alam,
Yig‘lasam tim-tim olov.

Qo‘l cho‘zgan baxtim – alam
Etolmas dilim olov,
Kuydursa ming ming alam
«Puf» degan kimim olov?

«U» dedim demas – alam,
O‘rtada «u»mi? olov,
«Kut» dedi kelmas alam
Baxtim shumidi olov?

«Jinnicha» araz – alam,
«Telbacha» sevgim – olov,
Ketding a? bir sas alam,
Tan olmas tengim olov.

«Kechiring» aytmoq – alam,
Esimda ahdim olov,
Ko‘nglingsiz qaytmoq – alam
Kuymasin baxtim olov,

Yuzingsiz muzlar alam
Quyoshsan tafting – olov
Ay, negadur bilmasam
Ko‘zingmi, ko‘ngling olov?

ERKALIK IMTIYoZI

Qahraton qish kelar ostona hatlab,
Va chertib ko‘radi ko‘nglim oynasin,
Men esa yashayman bahorni aldab,
Sindirib muzlarning baland poshnasin.

Elkamga qo‘l qo‘yar ana daraxtlar!
Qalbimga soladi, bir hovuch qorni,
Yuragimni bosgan o‘sha qadamlar,
Tepkilib ketadi bilmayin orni.

Bu izlar muzlarga to‘lmasidan to,
Gullar o‘stirayin har qadamlardan,
Yo robbim! Bir kuchni sen etgin ato,
Orzularni sug‘orsam bor alamlardan.

Ko‘ksimga quyoshdan bir parcha bergin,
Uni “butun baxt”ning ko‘ksiga qaday,
Porlasin, yonsin, kuydursin, bundan,
Ko‘zlarini yumganni, ko‘ngliga qaray.

Ollohim! Bir kuch ber chidam ber
Sabr yuzlarini qalbimga bursin,
Erkalansam imtiyozim qo‘llarimga tut,
Baxtlar qarshimda navbatda tursin!

O‘xshash maqolalar: