Xayrulla Xolto‘rayev 1984 yilda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Hozirda “Agrobank” OATB Matbuot xizmatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Vatan
Shu vatan haqi, suyuk shon haqi,
Elim yangi ko‘klam buyuk on haqi,
Xumolari ko‘kda nur osmon haqi,
Suysam shu tuproqni jonimga qadar.
Surxondan, Toshkandka, Andijon qadar.
Ey, yo‘li biyobon jonlarim mening,
Ko‘ksimda og‘riqli zorlarim mening,
Sening jon tomiring, orlarim mening,
Suysam shu tuproqni jonimga qadar.
Yurakdan, iqbolga muhabbat qadar.
Zar bo‘lib to‘kilgay oh-i nolalar,
To‘kilgan yoshlarim nurli jolalar,
O‘pib maysalarni shoir bolalar,
Suysam shu tuproqni jonimga qadar.
Cho‘lpondan, Usmonga, Muhammad qadar.
Garchi, bobo Navoiydan olgay saboqlar,
Shoh Bobur qalbida sog‘inchli dog‘lar,
Metindek xalqimning yuragi tog‘lar,
Suysam shu tuproqni jonimga qadar.
Temurdan, Turonga shahri Kesh qadar.
Bari birgalashib chaman bo‘lgaylar,
Yaproqlar bo‘lgaylar boshoq-donlarga.
Gardlarin o‘pib nihollarin, tonglariga,
Suysam shu tuproqni jonimga qadar.
Moziydan ko‘ngilga istiqlol qadar.
Vatan
Vujudimga titroq tushdi, nur shodalar,
Ko‘kka boqdim ko‘kda alvon gul lolalar.
Suhbat aylar – necha nurli avliyolar,
Qaldirg‘ochlar charx urarlar ayvonimdan.
Vatan isi keldi qutlug‘ tuprog‘imdan.
Moziylarda dilning ajib nafaslari,
Bulbulga hech chaman bo‘lmas qafaslari.
Toshlarning ham o‘z joylari olmoslari,
Qaldirg‘ochlar charx urarlar ayvonimdan.
Vatan isi keldi qutlug‘ tuprog‘imdan.
Zabonga ul ko‘xna baytdan nido bo‘lsa,
Shul bayt menga o‘z jonimday fido bo‘lsa.
Titrab tursam ezgulikdan duo bo‘lsa,
Qaldirg‘ochlar charx urarlar ayvonimdan.
Vatan isi keldi qutlug‘ tuprog‘imdan.
Buyuklikning rangi ro‘yi karvonlarim,
Xumolari charx urgan nur osmonlarim,
Haqdin elga iqbol so‘rgan zabonlarim.
Qaldirg‘ochlar charx urarlar ayvonimdan.
Vatan isi keldi qutlug‘ tuprog‘imdan.
Musavvir
Musavvir ranglarga chang solayotir,
Mavjli to‘lqin aro to‘lg‘onmoqda jon.
Go‘yo hayolida jang qilayotir:
Nigohida olov, vujudida qon.
Hayolin band etgan nolami, faryod,
Qaro girdoblarga berib zeb, jilo.
O‘tmish ko‘zgusida jonlanar hayot,
Qanday tasavvurdir – bu o‘tli dunyo.
Bunda uyg‘onadi ming yillik tarix,
Xaroba shaharlar, vayron qal’alar.
Chinqirab kezadi bechora bir ruh,
Jovdirab boqadi munis bolalar.
Qani lashkarboshi, to‘xtating darhol,
Hayolning bu asov, uchqir otini.
Bardoshi yetmaydi, qaramoq mahol:
Shohni o‘ldirmoqda makkor xotini.
Daryolar gullagan vodiylar qani?
Asar ham oxirlab borar nihoyat.
Og‘riqli qiynog‘u azoblar qani,
Har tun takrorlanar ushbu rivoyat.
Nechun
Nechun ko‘zyoshlarga to‘lmish zimiston,
Nechun diydoriga to‘ymaydi sog‘inch?
Nechun toptaladi qalbim diliston,
Ey sen, yig‘lamagin, o, ko‘hna ovunch.
Nechun yolvorasan har kecha imdod,
Nechun osmonga qo‘l yetmaydi, e voh?
Nechun tark etmaysan dilimni faryod?
Ming yil ayriliqni pesh qilma, arvoh.
Nechun halovat yo‘q, bu dahr aro
Nechun bo‘zlayapsan, ey kuzgi yaproq?
Hijron tulporining sochi qop-qora,
Bag‘rimni tirnama, yog‘ilma firoq.
Nechun oy ko‘ksida qilmaysan huzur?
Nechun toza ruhning ko‘ylagi g‘ijim,
Nechun so‘ray olmam, kechikdim, uzr!
Ketma, quchog‘imda yig‘lab olgin jim.
Har tun kuta-kuta sabr sarg‘ayar,
Nechun visoliga oshiqmaydi dil?
Nechun umidlarim sokin bujmayar,
Yo‘l qarab toldingmi, jonginam ko‘ngil?
* * *
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Sirojiddin Sayyid
O‘zni urdim oy bekingan eshiklarga,
Havas qildim nur bor uyi beshiklarga.
Ketgim kelar goh qo‘l yetmas behishtlarga,
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Nur so‘rasang nurli manzil uzoq derlar,
Goh yaqin-u yo ming g‘alvirli tuzoq derlar.
Mangulikdan mungli oppoq tuproq yerlar,
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Ey dil, seni xazonlarga bermayman men,
Oy to‘lishgan ko‘klamda gul termayman men.
Kel, yonimga shunchaki dil yormayman men,
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Kuzda ketgan, ey jonimning yaproqlari,
Olislarda oy dilimning so‘roqlari.
Hozirda ham to‘xtamasdan titroqlari,
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Nurli yo‘lning qo‘rg‘onlari osmon qadar,
Charxi falak aylanishib tuproq qadar.
Termulishib zarrin-zarrin tonglar qadar,
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
* * *
Dilki to‘ldi hayrona, lol,
Labni bosdim, bo‘ldi visol.
Ketma endi, ketma, iqbol,
Sansiz man na qilarman?
Urdim har qayon o‘zni,
Toldi izlay dunyo ko‘zni,
Na malham aytar so‘zni,
Sansiz man na qilarman?
Ketsa bir kun or aylagay,
Nafs qulin xor aylagay,
Qancha dilni dor aylagay,
Sansiz man na qilarman?
Ishqda yondim, navo etdim,
Haqni dedim, davo etdim,
Bilmam neni ayon etdim,
Sansiz man na qilarman?
* * *
Ruhim yig‘lamagin – hasrat to‘la jom,
Poyingga bosh urdim, betin, bemurod.
G‘ofillik bijg‘igan nigohlarda kom,
Injular dodlagan bo‘g‘zimda faryod.
Xazonlar ko‘ksimga urilar bir-bir,
Dilim xun, boqaman olamga maftun.
Ko‘zimda ulg‘ayib borar xavotir,
Men kimni kutaman, yolg‘iz ushbu tun.
Olgin azobimni benavo, bedil,
Yuzimga hijobin tortar – za’faron.
Yo‘qlasang ketmasdi bechora ko‘ngil,
Ruhimda anduhlar yana befarmon.
Zulmatdan yorilar yig‘layotgan ruh,
Mungli nigohimda boqar andisha.
Oq nurlar yog‘arkan sochlarimga, uh,
Ko‘shkimda og‘u-ishq qo‘yar tomosha.
Besado ruhimda shivirlar osmon,
Mahvash quchog‘imga yiqilar behush.
Ko‘ngil ko‘zgusida tirilar zabon,
Bu – lazzat tush edi, gullayotgan tush.
* * *
Ko‘ksimga mushtladim, ko‘kardi qonlar,
Kaftimda har zarrin to‘kilgan uvvoq.
Jim, zabon sas ila tig‘ladi onlar,
Burda-burda bo‘ldi jon qadar ushshoq.
Xayri karam istab, Adam sahroda,
Yondim, yonmoqlikning vujudi ayro.
O‘smoqqa qo‘l yetmas, ko‘ksim havoda,
Ko‘nglimni toza tut, ey shafaq daryo.
Mening ko‘z yoshlarim arzimas, deding,
Oy dilim, shom qadar farishta tonglar.
U yongin kel, deding, ne bo‘ldi, ketding,
Ko‘ksimga mushtladim, ko‘kardi qonlar.
* * *
Goha erkalandim, goha dil yorib,
Goha yuragimni bo‘shatgim keldi.
Goha ketgim keldi, shaharni tashlab,
Onamning koriga yaragim keldi.
Goha ezilaman yuragim zada,
Kunlarni kunlarga ulab yashadim.
Dadam deb, poyimga peshvoz chiqqanda,
Qizimni opichlab biram yayradim.
Shular deb yashamoq o amri vojib,
Goha qushday engil uchmoq istadim.
Goha yolg‘iz qoldim ruhimni quchib,
Shunda ham pichirlab, neni qistadim?
Shulmikan qismati, daqdiri azal,
Goha vujudimda bir zabon dardi.
Charx urib aylanar og‘ritadi sal,
To‘fon to‘zg‘ib borar goh tegar zarbi.
O mening hayotim, kechmishim shundoq,
Ne uchun qalbimga quvonch sig‘madi.
Goha qora dedim, yo‘q qalbim op-poq,
Ne orzu poyida armon gulladi.
Goh dunyo ranglari so‘zga sig‘madi,
Goha o‘z o‘timda o‘zim yonaman.
Goh yomg‘ir dardimni kelib tingladi,
Onamni sog‘insam nima qilaman?
* * *
Bir kun yo‘qlik sari bekindi tamom,
Yo‘q endi, ul vaqt oniy lahzasi.
Umr o‘tgan kunni izlaydi hamon,
Olib, yo‘l quvlaydi hayot to‘rvasi.
So‘ngra visoliga shoshilar fursat,
Va quyosh rangidan tus ola boshlar.
Vaqt jim, falakning izmini ko‘rsat,
Qancha majorani sel qilgan yoshlar.
O‘ksik shu dil mehrga muhtoj,
Qancha daqiqalar qadrini sezdi.
Har kelar kunidan so‘ray berdi toj,
Shavqatsiz to‘fonlar g‘am bo‘lib ezdi.
Bildik peshonaga yozilgani shu,
Falak-charx, tinmasdan aylanaberar.
Bir kun o‘tib borar hukmi ravon shu,
Tunmi-kun ketma-ket aylanaverar.
Shu jon nafasiga hayot istayman,
Bir kun…
* * *
Boring, chaqiring bahor qaydadir,
Ming yillik Navbahor yaproq qaydadir,
Momom aytgan qo‘shiq dilga qaytadur,
Maysalarim uyg‘on yuzingdan o‘pay.
Moziy qarida jim yig‘lab yotarding,
Ma’yus termularding ko‘kka boqarding,
Sen ko‘nglim qatida yashab ko‘karding,
Maysalarim uyg‘on yuzingdan o‘pay.
Ohi nolalarning oq tonggi haqqi,
Qorli izg‘irinda tanim sovqatdi.
Boychechak jilmayib kelib uyg‘otdi,
Maysalarim uyg‘on yuzingdan o‘pay.
Seni ne deb, aytay Navro‘z gulijon,
Ko‘ksimga bosh qo‘yib tingla gulijon,
Men zabon dil nolam kuyla dilijon,
Maysalarim uyg‘on yuzingdan o‘pay.
Bugun quyosh chiqqan yuzlarim mening,
Turfa olam qayda ko‘zlarim mening,
Baridan jarangdor so‘zlarim mening,
Maysalarim uyg‘on yuzingdan o‘pay.
* * *
Ishq menni o‘g‘irlab ketgan u kecha,
Yurakni o‘zingga qaytar mohitob.
Yupatma yig‘lasam nurli tonggacha,
Umr bir soniya o‘tarkan shitob.
Garchi ko‘p yugurdim umrim arzimas,
Nurni istagandim ko‘ngil dardimas.
Men-ku bariga ham ko‘nardim e voh,
Umr bir soniya o‘tarkan shitob.
E voh-ki, ishqda jim yonmoq lazzatdir,
Dilni dilga bermoq biroz fursatdir.
Shunday fursat kutdim, yugurdim, chopdim,
Umr bir soniya o‘tarkan shitob.
* * *
Har qayon yugurdim telbaday g‘arib,
Jismim ahvolina izladim najot.
Takror so‘roqladim ko‘ksim kuydirib,
Nahot uyg‘onmadi qalbimda hayot.
So‘ngra iqbol so‘rab kutdim necha bor,
Dovullar berahm umrni quvdi.
Mehrga tashnaday yo‘llarida zor,
Oxiri ko‘z yoshlar yuzimni yuvdi.
Yo‘lchiday hayrona so‘zlamas zabon,
Oyog‘im kuydirar sahro tufrog‘i.
Mushki anbarlarga to‘lsaydi osmon,
Tarqab ketarmi qayg‘u firog‘i?
Har ne qarog‘imda, o‘zing iltijom,
Tengramda tentirab kelmoqda dunyo.
Vatanday yagona, muallaq sajdam,
Qalbima nur indir, nur indir, Xudo!
* * *
Chorla , ostonangga tortqila, boray,
Farishta in qurgan arshu falakka.
Ezilib ketayapman g‘amli gadoday,
Titragan shabnamday, quldayin yakka.
Qani o‘, chorlagin sevgim shabboda,
Yolg‘izlik damimdan qon bo‘ldi bag‘ir.
Sahroda tentirab, ko‘tarib boda
Mushfiq kulbagohni sog‘indim axir.
Axir qizg‘onmasmi davvori ochun,
Mangu tark etganmu sukutda hamroh.
Na-da xabari bor, ketishim beun,
Manzil adog‘ini topolmay gumroh.
Telbakor ayladi, o‘ldir gunohim,
Unitdima manguga falak jamoli.
Ko‘zlarim ko‘r bo‘ldi, to‘kildi ohim,
Emirilib darz ketdi hijron jamoli.
Ozod ishq dargohim, ilinjlar o‘ldi,
Ostonang poyida kulbagoh tuproq.
Yaproqlar to‘kildi, dillar to‘kildi,
Nahot to‘kilmadi ayriliq firoq.