Xayrullo Fayz (1970)

Xayrullo Fayz 1970 yilda Xo‘jandda tavallud topgan. 1993 yilda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1997 yildan beri Londonda yashaydi.
Hikoyalari “Yoshlik”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Yosh kuch”, “Sharq yulduzi”, “Oila va jamiyat”, “Turkiston” va boshqa qator nashrlarda chop etilgan.
Turkum she’rlari Britaniya, Belgiya va Frantsiyada adabiy nashrlarda bosilgan.
Shaxsiy veb-blogi – www.xayrullo.com

*   *   *

Tun tarafda
kunduz tarafda

bu tosh yo‘llar bir kun tuproq yo‘llarga muvaqqat qo‘shilishi va yana qaytishi
mana shu tosh yo‘llarda turib tosh binolarning birida shundoq darvozada
aytay temir darvozada
oyoqlari o‘nta o‘rgimchak bir paytlar Payg‘ambarni kutqarganmiding
yog‘iylaridan
kim yog‘iy degan so‘roq o‘rmalar
oyoqlari yo‘q ilonday bu temir darvozali tosh binoning yerto‘lasida
o‘rmalar

tun tarafda
kunduz tarafda
yarqiragan yulduz tarafda

bir kun barcha yo‘llar xotima topar xayol ham tugaydi o‘shanda
xayol ham surilmas qimirlamas tosh qotar xayolda yashaydi shunda o‘rgimchak
hech kim bir paytlar senmiding qutqargan payg‘ambarni yog‘iydan deb so‘ramas
bu toshdan bino bo‘lgan binoning yerto‘lasidagi ilon esa aylanmas savolga yoki
u barcha savollarni yutar toshday tuxumday yo hirsdan beriroqda tug‘ilgan bir gulga
bir gulga evrilar og‘riqsiz va yovvoyi shiddat ila o‘sar garchand nursiz bir kuni
o‘sar nursiz.

nursiz tun tarafida
nursiz kunduz tarafida
nursiz yulduz tarafida

*   *   *

gul nima
bitta ham orzuga sig‘magan tuyg‘u
bir hovuch nafasu bir misqol nasim
qancha yolvormagin bebag‘irlikda
topganing muvaqqat yo kulgu yo qayg‘u

gullash nima
oniy otash tuyg‘usi — beqanot uchmoq
bir titroq vulqonlar qolajak dog‘da
bir nogoh tushdagi parvozday lazzatu lazzat
ammo shunday ma’sum xayol bilan men yarim tunda
kimni quchadirman qandoq uchadirman qayga ucharman

gul nima
gullash nima
bitta ham orzuga sig‘magan beqanot tuyg‘u
ikkitamas o‘ntadir qanoti — harir va qonrang
kesilgan xo‘rlangan ammo baxtiyor —
o‘nglasam tush axir uyqusiz nadir
nadir bu qanotlar orzusiz nadir

* * *

teng emas edim
na bulutga na osmonga na yerga va na o‘zimga bugunimda
va
bitta marvaridga dengiz tubida
tuproq yo‘lda yotgan toshga
shundoqqina hovlimizdagi bir tup o‘rik niholidan
to‘kilib to‘kilolmay qolgan
yozdan chiqolmagan qishga kirolmagan
rangi yerlagan bitta yaproqqa
yoki
otamni oyoq og‘rig‘iga duchor qilgan
menga oppoq baxt borligini oshkor qilgan
qishda
uyimizning tomiga osilib olgan farishtarangmi bilmadim
sumalakka
men
tug‘ilganimda
arzimaganman
arzimaganman

*   *   *

Sen tong bo‘lib uyg‘onolmading
tun bo‘lib men ko‘z yumolmadim
yolvorganim bir kalomgina —
diydorginam diydorgina

ikki qanot kamlik qildimi
bir devorni osholmadim man
ikki yulduz tundpik qildimi
bitta mani topolmading san

taqdir dedim peshona dedim
bu vayrona koshona dedim
men yodingni oqqushga qo‘shib
quvdim — menga begona dedim

tag‘in kelgan tag‘inimsan san
yaqin kelgan yaqinimsan san
bu keng bag‘ir ochilganida
yuragimga… chaqinimsan san

sen tong bo‘lib uyg‘onolmading
tun bo‘lib men ko‘z yumolmadim…

***

San bilasan mani
aslida
Peshonamda yozilgani shu –
Boshim uzra farishta uchib
Yog‘diradi ilohiy yog‘du…
San bilasan, mening bir orzum
Jannatingdan joy olsam, yetar,
Etar, rostim, ikki dunyomga
Bittagina saodat yetar…
San bilasan, kechayu kunduz,
Yoding mening asl tushimdir…
Adashtirma, adashtirmasang,
Jonim Sanga tortiq qushimdir…
San bilasan, Yaratgan Egam,
Gunohlarim tog‘lardan yuksak,
Bu dunyoda barcha tog‘lar ham…
Erir mehring o‘ngida beshak
San bilasan Parvardigorim,
Peshonamga yozganlaring shu…

***

Oldimizdan tog‘ chiqqan edi
oshgandik
dengiz nadir
uni biz

kechgandik
Bulutlar ostimizda suzardi
to‘zg‘itib
barini

sohir parvozda
turnalarni qoldirib dog‘da
Eh qanday uchgandik

Bugun tog‘ yo‘q

oshgani
dengizlar qurigan
tarqagan tor osmonning oq bulutlari
Ammo
Oyoq ostimizda mayda toshlar bor
erinmay yig‘amiz ularni
bir kun otish uchun…
aytish uchun…

biz bir birimizga
shu toshlarnimi
otgandik?..

***

Tushimda
Ko‘tarib chiqdim o‘ng qo‘limni beto‘xtov
Ko‘zingiz ko‘zimga tushsin dedim
Malim
Muallima
Sochlar tasdiq zarbi bilan gulchehrangizni
Yarim yopar
Tabassum uchadi lablaringizdan
Qo‘nadi nihoyat sinfdosh do‘stim
Nasimning yuziga
Nega tushunmaysiz axir muallim
Malim
Muallimam
Qo‘limni ko‘tarib chiqdim beto‘xtov
Ko‘zingiz ko‘zimga tushsachi malim
Sochlar yarim yopsa gul chehrangizni
Tasdiqdan egilgan boshingiz silkib
Siz
Bir
marta
qarang
manga
aziz muallim
Tabassum uchadi lablaringizdan
Qo‘nadi sinfdosh do‘stning yuziga
Qandoq tushunmaysiz axir muallim
Ruschani manchalik bilmaydi  Nasim
Ko‘rmaysiz
havoda suzadi qo‘lim to‘xtamay
ko‘zimni yumaman qilaman bandi
hamon jilmayasiz hamon tabassum
uchib kelaverar Nasimga qaytib
ko‘zimni ochaman o‘zimdan olis
Sizdan ham olisroq tushda uyg‘ondim
Tabassum uchadigan rostimdan o‘tib
Sizday Xayolimni qattiq sog‘indim…

***

Toshga ham til bitganda –
o‘zimning aksim
Bilmassan
Haqingga yarim tunlari
kim duo qilmoqda
ko‘rmassan

shu osmonni sig‘dirgan yurak
qandoq nola qilar
sezmassan
devorga darz ketar shohidligidan
hech qayga ketolmas zohidligidan
har ne gunoh o‘tdi pastu balanddan
yurakka muhr tushgan Vohidligidan

bilmassan
qachon uyg‘onadi qobirg‘ada qush
qachon sindiradi qafaslarini
qachon parvoz etar xayoldan baland
qachon o‘ngga aylanadi bu tushning aksi

tomchilar kelishar besafu beshon
bostirib kirishar bo‘m bo‘sh qal’aga
bir bo‘yra to‘shalgan
bir vujud qotgan
qaqroq ruh bag‘riga yog‘dirib ehson

shunda
toshga ham til bitar – toshyurak pora
haqingga duolar qilmoqda
qara
osmonni sig‘dirgan yurak qa’rida
tiz cho‘kkan zohidning halovatida
tiz cho‘kkan zohidning tilovatida