Xayola 1962 yilda tug‘ilgan. Namangan madaniyat texnikumining kutubxonashunoslik bo‘limida tahsil olib, radio va turli matbuot nashrlarida ishlagan. Ayni paytda, Namangan viloyat Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning “Ko‘zlarimdan sog‘inchlar yog‘ar”, “Nigohimga yashiray” nomli she’riy hamda “Yolg‘on yupanch” nasriy kitoblari nashr etilgan.
IShQ
Ko‘ngil qafasin bir kun yirtib ketar ishq,
Vujudimga dardini bitib ketar ishq.
Dalli devona dilni naylashni bilmay,
Tursam yo‘lida turtib-turtib ketar ishq.
Garduni otashiga solmoqqa jonim,
Tutib yaqolarimdan yutib ketar ishq.
Ko‘rib abgora holim parvolari yo‘q,
Bugun ahvoli zorim kutib ketar ishq.
Topolmaymu ilojin mandin qutulmak
Behad javru jafolar tutib ketar ishq.
Sitamlarin oshirmoq qasdidamu yo
Qo‘l bermayin Xayolga o‘tib ketar ishq.
SOG‘INMAYSAN
Sog‘indim o‘t-olov yanglig‘ nechun
sen ham sog‘inmaysan,
O‘zingdan yo‘q menga ortiq,
ne bo‘ldi kam sog‘inmaysan?
Yiroqsan, tosh misol yostiq,
azobing bunchalar qattiq,
Visolingni qilib tortiq,
tutib mahkam sog‘inmaysan.
Nahot, bo‘lsa kutish bekor,
alamlardan dilim abgor,
O‘zim bemor, o‘zim bedor,
ko‘zimda nam sog‘inmaysan.
Yonib ketdim, firoq johil,
solar dilga jafo har xil,
Kuyib oxir yaro ko‘ngil
tutar motam sog‘inmaysan.
Sochim – jallod, yasaydi dor,
osar har kun hajr makkor,
Meni asrab Xayol bir bor,
o‘zing bu dam sog‘inmaysan.
QOShI QAROYIM
Qoshi qaroyim bunchalar bay-bay bahona ayladi,
Dilimni g‘am-alamlara boqmay ravona ayladi.
So‘z kelmagay zabonima, nigohi o‘q bu jonima,
Yoqib ikki jahonima, hay, notavona ayladi.
Kelmasa borini netay, boshim olib qayon ketay,
Bu holni qandoq unutay, o‘shal devona ayladi?!
Fig‘onlarim olar uyib, o‘zim g‘arib suyib-suyib,
Ne qilsa, voh, balki kuyib, g‘uncha dahona ayladi.
Ishqida yo‘qmu omadim, duto bo‘libdur qomatim,
Boshimda ko‘p malomatim, buncha begona ayladi.
Xayola mubtalo ekan, vasli ani davo ekan,
Raftorlari balo ekan, hajrida yona ayladi.
ZOR O‘ZIM
Otma toshi har malomat hajr aro ham zor o‘zim,
Oncha xasta, oncha dilxun, ikki o‘tda bor o‘zim.
Bu sitamlar javrini ko‘p tortarim boz yetmasa,
Mayli, otqil yuz alamdin xor o‘zim, voh, xor o‘zim.
Ming javr bisyore ko‘rdim, tarki ishqdur menga yot,
Ul jafolar o‘qlaridin chekkusi ozor o‘zim.
Dudi ohimdin falakda hosil o‘ldi abri ishq,
Abri ishqim ichra hamki volasi bekor o‘zim.
Ne bo‘lur bir shafqatingdin, bahra topsa bu ko‘ngil,
Boshi osmon mencha bo‘lmas, senga bo‘lsam yor o‘zim.
Yoki qasdmu, ayt, Xayolg‘a yo diling sangmu, ajab,
Kunda sarson tunlarimda behushu bedor o‘zim.
HAY-HAY O‘LAN
Hay-hay o‘lan, hay o‘lan, o‘lanchiman yor-yor,
Ko‘yingizda devona, tilanchiman yor-yor.
Tong chog‘ida volalar aylab falakni quchdim,
Fig‘on etguvchi ming yo birlamchiman yor-yor.
Bag‘rimni tilib otash, ishq qoniga bo‘yaldim,
Jon tig‘dayu nolamni kuylovchiman yor-yor.
Mayli, bu holatimdan kulsa kular g‘animlar,
Osmoqqa har alamni arg‘amchiman yor-yor.
Kutmoqdaman-ku, ammo lutfingizdan darak yo‘q,
Yoinki siz, yoki men aldamchiman yor-yor.
Uzolmadim ko‘ngilni kechib Xayolingizdan,
Kuyiblar ohingizda alamchiman yor-yor.