Turob Yusuf (1954-2022)

Turob Yusuf 1954 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini (hozirgi TDPU) bitirgan. Shoirning “G‘aroyib orzu”, “To‘qnashuv”, “Yuksakdagi sehrli dunyo”, “Munosabat”, “Muhabbatning ma’yus qo‘shig‘i” singari she’riy kitoblari nashr etilgan. 2022 yil 25 noyabrda vafot etgan.

* * *

Maysalar quvonchda, tufroq quvonchda –
Erga ko‘zyosh bo‘lib yog‘ilganimdan.
Jismu jonim kuyib, senga xayolan
Maktublar yozaman sog‘inganimdan.

Garchi, bu maktublar qo‘lingga tegmas,
Ko‘nglingda qo‘zg‘almas men-chun o‘kinch, zor,
Haqdan dil uzmagan banda singari,
Baribir, mehringdan bo‘lgum umidvor.

Garchi, bu maktublar ko‘nglingga tegmas,
Lek, baxtning gunogun jomi-alarda.
Ongingga bu haqda eslatib turgay
Qaysidir murodbaxsh soniyalarda.

Ishq yurtida pinhon yo‘sinda zor-zor
Yig‘lasam ham yo‘qdir hech bir gunohim.
Kuyib, so‘lar bo‘lsam, gurkiragan shu
Sabzalar bo‘lg‘usi tanho guvohim.

Go‘dak o‘tlar xursand – abr – samoviy
Siynadan sut bo‘lib sog‘ilganimdan.
Tilim yo‘q, xayolan men senga tinmay
Maktublar yozaman sog‘inganimdan.

UMIDLI FARAZ

Dunyo nima? Biz yashar makon.
Umr nima? Zimmadagi vaqt.
Chetga chiqib ketmas, begumon,
Vaqtu makon o‘rtasidan baxt.

Bir zum tinmay, yuragimizda
Jo‘sh urarkan tolega rag‘bat.
Umr aro qaysidir kezda
U bizniki bo‘ladi, albat.

Shod yashashga bo‘lsin deb imkon,
Idrok kuchin sarf aylagan vaqt,
Insondan yuz burmasku oson
Vaqtu makon orasida baxt.

Zor kutarkan har bir ulug‘ zot,
Chetga chiqsa o‘zi ham xordir.
Vaqtu makon orasi, hayhot,
Tole uchun hamisha tordir.

IShQ DOSTONI

Umr tugar, har kimni Haq
Mangulikla burkamagaydir.
Lek, odamlar tilida hargiz
Ishq dostoni tugamagaydir.

Har qaysisi yuksak xotirda,
Quyosh kabi tanho yashaydi.
El qalbida Layliyu Majnun,
Tohir bilan Zuhro yashaydi.

Siymolarin eslaganingda,
Ko‘z o‘ngingda bo‘lgusi paydo.
Bahor yanglig‘ yoding bezaydi:
Farhod-Shirin, Yusuf-Zulayho.

Ular Haqning mangu nobarbod
Hurmatini esida saqlab,
Qo‘limizdan tutgancha so‘lmas,
Ishq bog‘iga ketar yetaklab.

* * *

Azizim, dunyoda tenging yo‘q sening,
Sen tanho quyoshim, tanho oyimsan.
Nozik dil ko‘ksiga o‘qlari tekkan
Mujgonlari paykon, qoshi yoyimsan.

Har qismat qishida sovqotganimda –
Vasling tafti tinmay bag‘ishladi jon.
Baxt ufqday yiroq dunda – yaqindan
Senga bir boqish ham baxtdir, begumon.

Bir teran hikmat bor: oyga, quyoshga
Jim qarab, o‘y surib turmoqlaringda.
Bo‘yoq izlab tag‘in ovora bo‘lma,
Qonimni xino qil barmoqlaringga.

Shunga loyiq esam, ko‘nglingni to‘q tut,
Dardu nolang uchun ko‘ksim ochiqdir.
Toki, tirikdirman, mehrim – yuzingdan
Jafo terlarini artgan sochiqdir.

BOLALIK XOTIRALARI

O‘tdi davrim. Eslatdi tag‘in
Bu tanish qir-adir… Men sari
Kelayotir nur kabi porloq
Bolalik pok xotiralari.

Garchi, ortga qaytmaydi fursat,
Ushlagancha vaqtning qo‘lidan,
Kelayotir ular bahorning
Bizga qadar uzoq yo‘lidan.

Kelar bari yonib, entikib,
O‘lka bo‘ylab yog‘ib yotar qor.
Xotiramga joylanarlaru
Yuragimda boshlanar bahor.